Suriyadagi qochqinlar soni ikki milliondan oshgan

Image copyright Reuters

Birlashgan millatlar tashkilotining qochqinlar bo‘yicha agentligiga ko‘ra, Suriyadan shiddat bilan katta sondagi ayollar, bolalar va erkaklar oqib ketmoqda. Aksariyat holatlarda ular faqat egnilaridagi kiyim bilan vatanlarini tashlab chiqishayotir.

Qochayotganlarning yarmi bolalar va BMT taxminiga ko‘ra, ularning to‘rtdan uch qismi 11 yoshdan kichik bolalardir.

Suriyaning eng kichik va eng imkonsiz qo‘shnisi Livan eng ko‘p qochqinlarga boshpana berdi.

Hozir xabarlarga ko‘ra, har olti livanlikka bittadan Suriyalik qochqin to‘g‘ri kelar ekan.

Suriya qochqinlarini bag‘riga olganlar qatorida ikkinchi o‘rinni Iordaniya, uchinchisini Turkiya egallab turibdi.

Mamlakat ichkarisida esa yana qariyb to‘rt yarim million ichki qochqin bor.

Suriyalik qochqinlarning 97 foizi qo‘shni mamlakatlarga chiqishayotganini urg‘ulashar ekan, bu mamlakatlarning iqtisodi, jamiyati va infra tuzilmalariga juda kuchli bosim ko‘rsatilmoqda deb aytgan.

Image copyright Reuters

BMT tashkilotiga ko‘ra, xalqaro yordam tashkilotlari ham ayni inqirozdan jabrlanganlarga ko‘mak berishga qiynalmoqda.

Hozir bu tashkilotlarga kerak bo‘lgan mablag‘ning yarmi bor, xolos.

Ayni paytda Amerika va Fransa hukumatlari Suriya rejimining kimyoviy hujumga qo‘l urganiga qarshi harbiy chora ko‘rish tadorigini davom ettirishmoqda.

Amerikaga ko‘ra, Damashq etaklariga uyushtirilgan kimyoviy hujum oqibatida 1429 kishi qurbon bo‘lgan, ulardan 426 nafari bolalardir.

Bugun kechroq Amerika Mudofaa vaziri Chak Hagel va Davlat Kotibi Jon Kerri Senatning tashqi aloqalar qo‘mitasida chiqish qilishadi.

Ayni chiqishlarda ular Senatga Amerikaning Suriya hukumati kimyoviy qurollarni ishlatganiga doir dalillarni taqdim etishi kutilmoqda.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Prezident Obama Suriyaning nafaqat kimyoviy qurollar omborxonasi, balki boshqa manzillarini ham nishonga olish niyatida ekani haqida senatorlarga ishora bergan.