Amerika Kolorado qo‘ng‘izlarini atayin sochganmi?

Sho‘ro zamonida maktabda o‘qiganlar "Amerika imperialistlarining o‘z raqiblarining kartoshka hosillarini yo‘qotish maqsadida Kolorado qo‘ng‘izlarini uchoqlardan sochganlari" haqida botanika darslaridan boxabar bo‘lganlar.

Aslida nima bo‘lgan?

1950 yilda Sharqiy Olmoniya, o‘sha zamondagi GDR - Germaniya Demokratik Respublikasi hukumati jiddiy ayblov bilan chiqdi: bizning kartoshka hosilimizni barbod etmoqchi bo‘layotgan amerikaliklar uchoqlarda bizning dalalarimiz ustida qo‘ng‘izlarni sochayapti.

GDR rasmiylariga ko‘ra, 1950 yilning 23 may kuni Shunfels bey Svikau qishlog‘ida istiqomat qilgan fermer Maks Truger o‘zining dalasi ustidan ikki Amerika uchog‘i uchib o‘tganini ko‘rgan.

GDR hukumati tarqatgan varaqalarga ko‘ra, ertasi kuni Maks Truger kartoshkazori Kolorado qo‘ng‘iziga to‘lib ketganini ko‘rib dahshatga tushgan.

Chindan ham Amerika sotsialistik Olmoniyaning osmonidan qo‘ng‘izlarni tashlab urushdan keyin oyoqqa turayotgan mamlakatdagi kartoshka hosilini barbod qilmoqchi bo‘lganmi?

GDR matbuoti bundan keyin ham bir necha marta uchoqlar parvozidan keyin kartoshkaga qiron kelgani hodisalari kuzatilgani haqida xabar tarqatgan.

Image copyright thinkstock

Siyosatchilar "Amerika ishg‘olining olti oyoqli elchilari"ga qarshi gapira boshlaganlar, bunga hukumat "Amerika imperialist urush gijgijlovchilarining bizning xalqimiz oziq-ovqat ta‘minotiga jinoiy hujum"lari deb ta‘rif bergan.

Shundan keyin butun mamlakatda dushman hasharotlarga qarshi safarbarlik e‘lon qilingan.

Ulkan targ‘ibot kampaniyasi boshlangan.

Varaqalar tarqatilgan, ko‘chalarda ulkan yozuvlar osilgan, matbuotda maqolalar tashkillashtirilgan.

Suratlarda qo‘ng‘izlar Amerika askarining etiklari va kaskalarida tasvirlangan.

Qo‘ng‘izlarga olmon tilida Amikafeya - Amikafer - "Yanki qo‘ng‘izlari" deb nom berilgan.

Maktabda darslari tugaganidan keyin butun GDRdagi o‘quvchilar dalalarga, qo‘ng‘iz terishga safarbar etilganlar.

"Bizga aytishdiki, qo‘ng‘izlar zararkunanda, ular bizning oxirgi yeguligimizni yeb tugatayapti", deya eslaydi o‘shanda 18 yoshda bo‘lgan Materna.

"Biz kartoshka egatlariga tushishimiz, har bir kishi imkoni boricha ko‘proq qo‘ng‘iz tutishi kerak edi, kuniga 20 tami, 25 tami. Biz tutgan qo‘ng‘izlarimizni bonkami, boshqa shisha idishga yig‘ardik. Keyin ularni olib borib yo‘q qilishardi", deydi Materna.

"Bu qo‘ng‘izlarning eng xavflisi ularning lichinkalari edi, eng ko‘p narsani ana o‘shalar yer edi", deydi u.

"Ular go‘shtli, yumshoq bo‘lardi. Biz esa ularni qo‘limiz bilan ushlashimiz lozim edi. Qo‘limizga biror tutqich yoki qo‘lqop ham berishmas edi. Qo‘ng‘iz yoki qurtini ayniqsa qizlar yoqtirishmas edi. Qo‘limizni tegizishni istamasdik. Ammo bizga buyruq berilgandan keyin biz nima ham qila olar edik", deb eslaydi Materna.

Sharqiy Olmoniya hukumati bolalarga mo‘ljallangan bir necha kitob va varaqalar nashr qilgan.

"Kolorado qo‘ng‘izlari Olmoniya hududida urushdan oldin ham ancha ko‘p edi", deydi ushbu hodisani o‘rgangan Maks Delbruk nomidagi Molekulyar Tibbiyot markazida biologik kurash bo‘yicha ekspert Erxard Gaysler.

"Chunki urush endi tugagan payt bo‘lib, dehqonchilik zararkunandalariga qarshi yetarli pestitsidlar ishlab chiqarilmas, ishlab chiqarilgani ham Sovet ittifoqiga jo‘natilar edi. Pestitsidlardan foydalanish bo‘yicha ham texnik maslahat kam. Fermerlar orasida ham yuqori hosil yetishtirish rag‘bati kuchli emas edi. Erkaklar kam, armiyada askar bo‘lganlar ham hali Sho‘rolar Ittifoqida asirda edi", deydi Erxard Gaysler.

Image copyright fedreal archives

Biroq sharqiy olmoniyaliklarning aksari hamon amerikaliklarni aybdor deb bilishadi.

"Men ayniqsa qishloq joylarida ko‘plab keksa odamlarni uchratdim, ular AQSh imperialistlari qanday qilib aeroplanlardan qo‘ng‘iz sochishganini eslashlarini aytishadi", deydi Erxard Gaysler.

"Biz buni jiddiy qabul qilganimiz yo‘q", deydi o‘shanda 18 yoshda bo‘lgan Materna.

U va sinfdoshlari bu qo‘ng‘izlarni tutgan bo‘lishsa-da, bu narsa kapitalistlarning fitnasi bo‘lganiga ishonishmagan.

"Amerikaliklar bu qo‘ng‘izlarni sochgani haqidagi gap, albatta, be‘manilik", deydi Materna.

Bu Sovuq Urush zamoni bo‘lib, Sharq bilan G‘arb o‘rtasidagi ishonchsizlik kuchayishni boshlagan zamonlar edi.

Kolorado qo‘ng‘izi nomi bilan tanilgan qo‘ng‘iz ilk bor 1824 yilda fanga ma‘lum bo‘lgan.

O‘zi bu qo‘ng‘izlar aslida Meksika janubi-sharqidagi Sonor viloyatida topilgan.

1859 yilda AQShning Kolorado shtati kartoshkazorlarini butkul payhon qilganidan keyin dunyoga tanilgan.

Kartoshkalar bilan birga bu qo‘ng‘izlar Ovro‘po va Osiyoga ham tarqalgan.

Ilk bor Ovro‘poda, Olmoniyaning Leyptsig shahri atrofida 1876-1877 yillarda aniqlangan.

Ovro‘poda eng ko‘p tarqalishi Birinchi Jahon Urushi borayotgan 1918 yilda Frantsiyaning Bordo tumanidan butun Ovro‘poga tarqaladi.

1949-1953 yillarda Sho‘rolar Ittifoqining katta hududlarida Kolorado qo‘ng‘izi kartoshka hosillarini payhon qilgan.