London osmono‘pariga quyosh nuriga qarshi himoya ekrani o‘rnatiladi

Image copyright AFP

Zamonaviy arxitektura ko‘rinishlari, xususan shisha va betondan qurilgan loyihalar nafaqat ko‘zni quvontiradi, balki ba‘zida ko‘ngilsizliklarga ham sabab bo‘lishi mumkin.

O‘zidagi xususiyatlari bois hazilomuz "Walkie-Talkie" nomini olgan Londondagi osmono‘par bino oldida qimmatbaho Yaguar XJ mashinasini qoldirgan kishi bir soatdan keyin kelganda mashina ustida erish alomatlariga guvoh bo‘lgan. Issiqlik natijasida mashinaning yon oynasi, yonboshi va yorliqlariga zarar yetgan.

Shu kunlarda "Walkie-Talkie" binosi oynalarini maxsus ekranlar bilan qoplashga qaror qilingani aytilmoqda.

Sababi binodagi yorug‘lik atrofdagi boshqa binolarga ham ta‘sir qilgani kuzatilgan.

Londonning Sitisidagi do‘kon egalari 37 qavatli bino oynasi mashinalarni qizitib yuborgani haqida shikoyat qilganlar.

Gap shundaki, binoning biroz egik shakldagi devorlari linza ta‘sirini ko‘rsatib, quyosh nurlarini qabul qilib oladi va uni yerga qaytaradi. Shu boisdan binoning oynavand devorlari so‘rib olgan quyosh nurlari Yaguar XJ to‘xtatilgan joyga tushgan va ko‘ngilsiz hodisa yuz bergan.

Ayni paytda shahar hokimiyati va bino egalari muammoni qanday hal qilish ustida bosh qotirishmoqda.

Walkie-Talkie osmono‘par bino atrofida mashina to‘xtash joyi vaqtincha yopilgan.

Osmono‘par oynalariga qo‘yiladigan ekranning kimyoviy tarkibi ham ko‘rib chiqilayapti.

Bino qarashli tashkilot zarar ko‘rgan Jaguar haydovchisiga 1000 funt tovon puli to‘lagani seshanba kuni ma‘lum qilindi.

"Re Style" sartaroshxona xo‘jayini Ali Akayning aytishicha, binodan tushadigan o‘ziga xos shakli tufayli "walkie-talkie" nomini olgan quyosh yorug‘ligi poldagi gilamni yondirar darajada qizdirib, kuygan hid chiqargan, vaziyat juda xavotirli bo‘la boshlagan.

Yana boshqa holatga ko‘ra, qo‘shni binodagi oshxona xo‘jayini ichkarida paydo bo‘lgan hiddan nimadir yonayapti deb o‘ylaganini aytgan.

Land Securities idorasining boshqaruvchisi Dunkan Bonfildning tan olishicha, ayni damdagi vaziyat ularning tijoratiga ta‘sir qilayotgani sezilmoqda.

Osmono‘par bino oynasi quyosh yorug‘ligini kontsentratsiya qilib olib, so‘ngra uni ko‘chada aks ettiradi.

Mutaxassislar fikricha, "Walkie-Talkie" oynasidan tushadigan aks kunning ma‘lum vaqtida Fenchurch Street ko‘chasidagi bitta nuqtaga tushmoqda.

Loyihalashtirish bo‘yicha tekshirish ishlari o‘tkazilgan.

"3D yo‘nalishida modellashtirish qaysi bosqichda amalga ashirilganini aniqlash yorug‘likni yerda aks etish darajasi muammosini hal qilishni yengillashtiradi", deb aytgan Land Securities shirkati vakili janob Bonfild BBCga.