Uzwebiston: O‘zbek yoshlari mobil internetning sust ishlashidan shikoyat qilmoqda

Avgust oyining oxirida O‘zbekistonda eng ko‘p mijozga xizmat ko‘rsatuvchi Bilayn va Ucell aloqa shirkatlari tashqi internet kanali hajmini oshirgani haqida xabar tarqatdi.

Avvaliga Ucell shirkati tashqi internet kanalini 20 foizga ko‘paytirganini aytib chiqdi.

"Endi USB-modem, planshet va telefon orqali internetdan foydalanish yanada qulay bo‘ladi va web saytlar tezroq yuklanadi", - deyiladi xabarda.

Oradan ikki kun o‘tishi bilan Bilayn shirkati 1,2 gbit/s xalqaro internet kanali hajmini 1,8 gbit/s ga oshirganini aytib chiqdi.

Biroq O‘zbekistondagi internet foydalanuvchilari tezlikda biror o‘zgarish sezmaganligini ta‘kidlashmoqda.

Twitter mikroblogida mobil internetining tezligi juda pastligidan norozi twitlar tez tez yozilib turadi.

Tulkin Yusupov nomli foydalanuvchi shunday deydi:

"Aytgancha, Piterlik qiz Vayberdan telefon qildi rosa. Internet tezligi yomonligi uchun gaplasha olmadik. Dard bo‘ldida shu internet".

"Bizda xam kachonlardir internet yaxshi ishlab ketarmikin? Uzi bunday past tezlikni sababi nima? Yutubdan biror klip ham ko‘rolmasang", - deydi Umidjon Saydahmedov.

Stary Yevrey +21 ‏nomli foydalanuvchi internet tezligi pastligidan asablar buzilganini aytib, hazilomuz taklif ilgari surgan:

"Yangilik. Modem-internet tezligi uchun ketgan asabga ma‘naviy zararlar uchun kompaniyalar vakillarini zo‘rlaganlar javobgarlikdan ozod etiladi".

O‘zbekiston futbol federatsiyasining matbuot kotibi Sanjar Rizayev o‘z blogida mobil interneti haqida o‘ziga xos fikr yuritadi.

Hozircha yerdan ko‘tarilmaydigan shikoyat

"Milliy terma jamoaning mashg‘ulotlaridan instagramga rasm qo‘yaman deb bugun kun bo‘yi harakat qildim. Rasm yuklanmaganligini instagram servisi mana hozir 50-marta ko‘rsatyapti.

Mobil internet MTS O‘zbekiston tugatilishi bilan birga kamida 5 yil orqaga ketdi deb o‘ylayman. Chorasiz qolgan abonentlar bilan semirgan Ucell ham, "Bilayn" ham, 1 yildan oshib ketdi, internet xizmatini yaxshilamaydi. Yaxshilayotgandir, sezilmaydi.

Raqobat yo‘q. "Bilayn"dagi tanishimning aytishicha, kompaniya MTSning sobiq abonentlari ketsa, kompaniya, aksincha, xursand bo‘ladi. Quloq tinchiydi.

Ularni niqtaydigan hech kim yo‘q. G‘ijinib o‘tiradigan biz — yoshlar. Kattalarga hozircha internet kerak emas. Ularda negadir internet haqida yomon taassurot shakllangan.

Eng tez internet Koreyada. Nega bilasizmi? Koreyslar uchun muayyan bir vazifani samarali bitishidan ko‘ra uning tezroq bajarish muhim. Chunki, raqobat katta. O‘ylab o‘tirishga vaqt yo‘q. Harakat qilish kerak. Shu sababli ham hukumatdan tortib to xususiy kompaniyalarning xizmatlarigacha onlaynlashtirilgan. Koreyada shaxsiy saytiga fayl yuklaydigan oddiy talabaga internet tezligi qanday muhim bo‘lsa, yuqori lavozimli shaxsga ham shunday muhim. Mobil internetning talabi ham shunday. Chunki, internet koreyslarga hamma yerda kerak, kecharasizu, hatto hojatxonada ham. Internetning sekin ishlashga yoki ishlamay qolishiga haqqi yo‘q, Koreyada.

O‘ylashimcha, bizda ham qachonki yuqori mansabdagi shaxslarning hayotiga planshet va elektron pochtalar kirib kelsa, shundagina mobil internet provayderlarining paytavasiga qurt tushishi mumkin. Hozircha, bizning mobil aloqa operatorlari bemalol o‘tirishibdi. Quloq tinch. Bizning esa kutishdan boshqa choramiz yo‘q".