Chili hakamlari Pinochet zamonidagi ishlari uchun kechirim so‘radilar

Image copyright AFP
Image caption Augusto Pinochet(chapda) davlat to‘ntarishi sodir etib, demokratik saylangan prezident Salvador Alendeni(o‘ngda) hokimiyatdan ag‘dargan

Chili Hakamlari milliy birlashmasi hakamlar o‘z zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifalarini ado etmaganlari uchun rasman kechirim so‘ragan.

Gap 1973 yilda general Augusto Pinochet davlat to‘ntarishini sodir etganidan keyingi hakamlarning faoliyati haqida bormoqda.

Chili Hakamlari milliy birlashmasi nomidan e‘lon qilingan bayonotda aytilishicha, harbiy xunta hokimiyatga kelganidan keyin hakamlar insonlarning asosiy huquq va erkinliklarining muhofazachisi sifatidagi vazifalarini bajarmaganlar.

"Jabr ko‘rganlardan, qurbonlarning qarindoshlaridan va butun Chili jamiyatidan kechirim so‘rash fursati yetib keldi", deyiladi birlashma bayonotida.

General Pinochet Chilini 1973 yildan 1990 yilgacha boshqardi.

Pinochet hukmronligi yillarida 3000 dan ortiq odam o‘ldirilgan.

11 sentyabr kuni Chilida generalni hokimiyatga olib kelgan davlat to‘ntarishiga 40 yil to‘ladi.

Hakamlar birlashmasi bayonotida ayniqsa Chili Oliy sudining hakamlari fuqarolarni davlatning o‘zboshimchaligidan himoya qila olmaganlari urg‘ulanadi.

O‘sha yillari Chili sudlariga yaqinlari g‘oyib bo‘lgan yoki o‘ldirilgan insonlar arizalar yozganlar.

Bu insonlar mahkamalar orqali yaqinlarining qayerda ekanliklarini aniqlab olishga harakat qilganlar.

Ammo hammaga mahkamalarda bu borada axborot yo‘qligi haqidagi bir xil javoblar qaytarilgan.

Chilining joriy hukumati bu yil davlat to‘ntarishining 40 yilligi rasman e‘tirof etilishi haqida e‘lon qilgan.

Shu yil avgust oyida Chili Prezidenti Sebastyan Pinera, 1973 yil 11 sentyabridagi davlat to‘ntarishi "tarixiy fakt" va uning 40 yilligi o‘sha paytdagi hodisalarni "qayta o‘ylab ko‘rish" vaqti, deb aytgan.

Pinochetni mahkamaga tortish urinishlari

Qudratdan ketganidan keyin Augusto Pinochetni mahkamaga tortishga harakatlar boshlangan.

2000 yildan boshlab uni qotillik, inson huquqlarini poymol qilish, korruptsiya va moliyaviy qallobliklarda ayblab mahkamalarga ko‘p marotaba murojaat qilingan.

Chili mahkamalari sobiq diktatordan mahkama daxlsizligini olib tashlaganlar.

Lekin uning advokatlari har doim Pinochetning haddan ziyod xasta ekanini mahkamada isbotlab, ishlarni yutib chiqqanlar.

2006 yili u uy qamog‘iga olingan.

Pinochetni 1973 yili Prezident Salvador Alendening ikki tan soqchisi o‘limiga aloqadorlikda ayblashgan.

Infarktga uchraganidan bir necha kun o‘tib, Augusto Pinochet 2006 yil 10 dekabrida 91 yoshida olamdan o‘tdi.