Yahudiylarga kim twit qilgan: Eron prezidentimi va yoki?..

Image copyright Reuters

Prezident Hasan Ruhoniy akkauntidan qilingani da‘vo qilinayotgan twitlar ko‘pchilikni gangitib qo‘ygan.

Deylik, chorshanba kungi twitlardan birida yahudiylar Yangi yillari bilan qutlangan.

Eronlik mulozimlarga ko‘ra esa, Eron rahbarining Twitter akkaunti yo‘q.

Ammo Hasan Ruhoniy akkauntidagi yozishmalar ularning bu kabi bayonotlarini biroz shubha ostiga qo‘yadi.

Ustiga ustak, bu - Eron prezidentiga yaqin shaxslarning ishi emasmikan, degan gumonlarni ham kuchaytirmoqda.

Boshqa tomondan, muxbirlarimizga ko‘ra, prezident Hasan Ruhoniyning yahudiylarga Yangi Yil tabrigi yo‘llaganiga ham g‘alati qaralmasligi kerak.

Chunki Eronda 24.000 dan 80.000 nafargacha yahudiy yashaydi, deyishadi ular.

Gap nimada?

Eronning yarim-rasmiy "Fors" axborot agentligi eronlik mulozim Muhammad Rizo Sodiqning, "Janob Ruhoniyning Twitter akkaunti yo‘q", degan so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

Mulozimga ko‘ra, so‘nggi prezidentlik saylovlari oldidan olib borgan kampaniyasi chog‘ida Hasan Ruhoniy tarafdorlari uning ism-sharifini qo‘llab, turli akkauntlar ochgan va ular hanuz faoliyatda bo‘lishi mumkin.

Nima bo‘lishidan qat‘inazar, bugun - payshanba kuni tongda janob Ruhoniyning akkauntidan qilingani aytilgan boshqa bir twitda ham yahudiylar Yangi yil bilan qutlanadi.

Ammo bu akkaunt Eron rahbarining ism-sharifi ostida fors tilida ochilgan.

Eronda Twitter va "Facebook"ka o‘xshash boshqa ijtimoiy muloqot tarmoqlari to‘sib qo‘yilgan. Ammo ularga proksi saytlari orqali kirsa bo‘ladi.

Mazkur holat esa, janob Ruhoniyga yaqin shaxslardan biri bu akkauntlardan foydalanayotgan bo‘lsa ham, shov-shuvli twitlar Eron rahbariniki emasligini rasman da‘vo etishiga bemalol izn beradi.