Braziliya 2014: "Biz O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ishonamiz"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Iordaniyaga qarshi ilk pley-off bosqichi uchrashuvi oldidan O‘zbekiston Futbol Uyushmasi vakili ana shunday ishonch izhor qildi.

Uyushma matbuot voizi Sanjar Rizayevga ko‘ra, jamoa so‘nggi imkoniyatdan ham unumli foydalanishga harakat qiladi va o‘z kuchlariga ishonishadi.

O‘zbekiston ham, Iordaniya ham 2014 yilgi jahon chempionati so‘nggi bosqich bellashuvlarida Osiyo qit‘asiga ajratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘rtta yo‘llanmani boy berishgandi.

Ammo qit‘aning 10 milliy terma jamoasi ichidan o‘z guruhlarida 3-o‘rinni egallab, pley-off bosqich bellashuvlari orqali o‘z kurashlarini davom ettirish imkoniyatini saqlab qolishgandi.

Ikki Osiyo vakili o‘rtasidagi pley-off bosqichi bellashuvlarining dastlabki uchrashuvi 6 sentyabr kuni Iordaniya poytaxti Ammanda bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston bu bosqichga yetib kelgan ilk Markaziy Osiyo davlati bo‘lsa, Iordaniya ham bunday huquqni qo‘lga kiritgan ilk arab davlatidir.

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joizki, ikkovlonga ham hozircha o‘z tarixlarida jahon birinchiligining final bosqichida to‘p surish nasib etmagan.

Xuddi shu omil nazarda tutilsa, dastlabki pley-off bosqichi bellashuvlarida mag‘lub bo‘lgan jamoa bu yil o‘z tarixida bunga erishishning so‘nggi imkoniyatini boy beradi.

Ertangi uchrashuv arafasida har ikki tomon ham bu kabi kurashga hozir ekanliklari va o‘yinni o‘z foydalariga hal qilish uchun qo‘llaridan kelgancha harakat qilishlarini ta‘kidlashmoqda.

Agar, raqamlarga qaralsa, O‘zbekiston va Iordaniya turli xalqaro turnirlar doirasida bir-birlariga qarshi yetti bor maydonga tushishgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bu o‘yinlarni uchta g‘alaba, uchta durang va bitta mag‘lubiyat bilan yakunlagan.

Ikkovlon bir-birlariga qarshi to‘p surgan so‘nggi nufuzli turnir esa, so‘nggi Osiyo Kubogi bo‘ladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Qatarda bo‘lib o‘tgan bellashuvlarning chorak finalida Iordaniyaga qarshi to‘p surgan va raqibini 2:1 hisobida mag‘lub etgandi.

Iordaniyaga qarshi pley-off bosqichining javob uchrashuvi esa, 10 sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadi.

Har ikki uchrashuv natijasiga muvofiq g‘olib chiqqan milliy terma jamoa esa, Osiyo qit‘asidan jahon chempionatiga so‘nggi yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun Janubiy Amerika saralash bahslarida beshinchi o‘rinni egallagan raqibini ham yengishi shart bo‘ladi.

Ushbu tur bellashuvlari shu yilning 15 va 19 noyabr kunlariga rejalangan va bu jamoaning esa, eng katta ehtimol bilan Urugvay bo‘lishi kutilmoqda.

"Ko‘nglimiz to‘q"

Ertangi uchrashuv arafasida BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida O‘zbekiston Futbol Uyushmasi matbuot voizi Sanjar Rizayev milliy terma jamoaning Iordaniyaga qarshi o‘yinga hozirligidan ko‘ngillari to‘qligini aytdi.

"Albatta ko‘ngil to‘q bo‘ladi. Biz ishonamiz. Lekin xavfsirash ham, albatta, bor. Sababi - Iordaniya saralash musobaqalarida ishtirok etgan va shu bosqichga yetib kelgan yagona arab jamoasi hisoblanadi. Iordaniya pley-off uchrashuvlariga oldindan tayyor edi. Ya‘ni, o‘z guruhida uchinchi o‘rinni olishi nisbatan aniqroq edi. Bizlar esa, o‘sha to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga umid qilib turgan edik. Lekin hozir futbolchilar va murabbiy ham imkoniyat hali ham borligini his qilishadi va ana shu so‘nggi imkoniyatdan ham unumli foydalanish uchun harakat qilishadi. Ya‘ni, raqibga hurmatni saqlagan holda, biz o‘z kuchimizga ishonamiz", deydi u.

O‘zbekiston Futbol Uyushmasi matbuot voizi Iordaniyaga qarshi pley-off bosqichi bellashuvlari oldidan ham o‘z oldlariga qo‘ygan maqsadlari imkon qadar jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish bo‘lib qolaverishi va bunga ishonishlarini ta‘kidlaydi.

"Albatta, biz jamoaga ishonamiz. Sababi - buning uchun futbol uyushmasi bir necha yillar davomida ishladi. Ya‘ni, qayerdadir xatolar bo‘ldi, qayerdadir qoqilishlar bo‘ldi va o‘zimizga xulosalar chiqardik. Va shu sababli ham, hozir ana shu ishimizning samarasini ko‘rishni istaymiz", deydi Sanjar Rizayev.

Suhbatdoshimiz suhbatimiz so‘nggida O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida biroz yo‘qotishlar borligiga qaramay, ularga ishonishlarini alohida ta‘kidlaydi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval olgan jiddiy jarohatlari tufayli milliy terma jamoaning tajribali darvozaboni Ignatiy Nesterov va yetakchi yarim himoyachilaridan biri Shohruh Gadoyevlar Iordaniyaga qarshi ertanga o‘yinda maydonga tusha olishmaydi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning "InterFutbol" gazetasiga bergan so‘nggi suhbatida ta‘kidlashicha, terma jamoa safida jarohat olgan futbolchilarning borligi uning ko‘nglini biroz xira qilgan.

"Ketma-ket besh nafar futbolchimiz jarohat olib, safdan chiqishdi. Aziz Haydarovning jarohati bor edi. Toshkentga kelganidan so‘ng shamollab qoldi. Nesterov, Gadoyev, Musayev va Tojiyevning jarohatlari xuruj qildi. Ular qatoriga Haydarov qo‘shildi. Lekin maydonga 11 nafar futbolchi tushadi. Qolgan o‘yinchilar jarohat olganlarning yo‘qligini bildirmaslik uchun astoydil harakat qilishlari kerak. O‘zlariga berilayotgan imkoniyatdan maksimal darajada foydalanishlari talab etiladi", - deb aytgan Bosh murabbiy o‘z suhbatida.

Ammo, "InterFutbol" gazetasiga bergan xuddi shu suhbatiga tayanilsa, Mirjalol Qosimov Iordaniyaga safarlari oldidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlardan ko‘ngli to‘lgan.

"Yigitlar oldinda qanday o‘yin kutib turganini juda yaxshi anglashyapti. Buni ularga alohida uqtirish ham kerak emas", - deb aytgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi.

Bo‘lajak o‘yinlarga hozirlik

Image caption Bu - O‘zbekistonning o‘z tarixida ikkinchi bor jahon chempionatining pley-off bosqichiga chiqishidir

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish kerakki, Iordaniya O‘zbekistonga qarshi pley-off bellashuvlaridan oldin uchta xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgan.

Avgust oyining o‘zida Falastin va Liviyaga qarshi ikkita xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushib, har ikkovida ham g‘alaba qozongan.

2015 yilgi Osiyo Kubogi guruh bosqich saralash bellashuvlarining 2-turida safarda Suriya bilan 1:1 durang o‘ynagan.

O‘zbekiston esa, Iordaniyaga qarshi ertangi o‘yinida maydonga biror bir xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvisiz tushadi.

Milliy terma jamoaning 14 avgust kuni Turkiyaga qarshi rejalangan o‘rtoqlik o‘yini bekor qilingan, ammo 2014 yilgi jahon chempionati pley-off bosqichi bellashuvlariga hozirlik sifatida shu kuni Toshkentda o‘zaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgan.

Avgust oyi oxiri va sentyabr oyining dastlabki haftasida ketma-ket ikkita yig‘in uyushtirgandi.

Buning sababini izohlarkan, O‘zbekiston Futbol Uyushmasi matbuot voizi Sanjar Rizayev, "menda bor ma‘lumotga ko‘ra, Toshkentda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish uchun raqib topilmagan va O‘zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda ikkiga bo‘linib, o‘zaro nazorat uchrashuvini o‘tkazdi", deydi.

Ammo, uyushma vakilining ta‘kidlashicha, "bu - o‘zlarining tayyorgarliklariga putur yetkaza olmaydi".

Bo‘lajak pley-off bosqichi bellashuvlari arafasida Osiyo Futbol Konfederatsiyasi prezidenti shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa ham har ikki milliy terma jamoaga omad tilagan.

Iordaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi Ammandagi uchrashuv esa, Toshkent vaqti bilan 21:00da "Qirol Abdulla" stadionida boshlanadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi ertangi raqibidan farqli tarzda 2005 yilda ham jahon chempionatining pley-off bosqichigacha ko‘tarilgan.

Ammo yaponiyalik hakamning xatosi tufayli milliy terma jamoaning Toshkentdagi 1:0 hisobidagi g‘alabasi bekor qilingan va ana shu mojarolar ortidan, safarda urilgan gollar hisobiga Bahrayn pley-off bosqich bellashuvlarida g‘olib chiqqandi.