Pokistonning Tirahsida o‘zbek jangarilari ham o‘ldirildi

Image copyright BBC World Service

Pokiston xavfsizlik kuchlari vodiyda yuzdan ortiq Tolibon jangarisini o‘ldirib, o‘nlabini yaralashgan. Ularning orasida o‘zbek jangarilari ham bor.

General mayor Humoyun Azizning bildirishicha, 22 kunlik harbiy amaliyot ortidan, Tirah jangarilardan tozalangan va u yerda Pokiston hukumati nazorati o‘rnatilgan.

Pokistonlik qo‘mondonga ko‘ra, vodiydagi qolgan jangarilar qo‘shni Pokistonga qochib o‘tishgan.

General mayor o‘ldirilgan jangarilardan 14 nafari xorijlik o‘zbeklar ekanini da‘vo qilgan.

Biroq, Peshovardagi muxbirimizga ko‘ra, vodiy juda olisda joylashgani bois, harbiy amaliyotlarga oid barcha tafsilotlarni ham mustaqil manbalardan tasdiqlashning iloji yo‘q.

"General o‘zbek jangarilari deb aytgan shaxslarning ism-shariflarini keltirgani yo‘q, qaysi davlatdan ekanliklarini ham aytmadi. Odatda, o‘zbek jangarilari O‘zbekiston Islomiy Harakatining a‘zolari bo‘lib kelishgan", deydi muxbirimiz Rahimulloh Yusufzay.

Ammo, muxbirimizga ko‘ra, Tirah vodiysida qancha sonda xorijiy jangarilar bo‘lgani va kim ekanliklari borasida aniq ma‘lumotlar yo‘q.

Tirah

Tirah Pokistonning anchayin chekka, tog‘li, o‘rmonzor, biroq hukumat nazorati bo‘lmagan, xavfsizlik kuchlarining borishi qiyin bo‘lgan mintaqasi sanalib kelingan.

Vodiy strategik jihatdan ham jangarilarga juda muhim bo‘lgan. Muxbirimizga ko‘ra, ular vodiy orqali osonlik bilan Afg‘onistonning sharqiy viloyatlariga kesib o‘tishgan.

Tirah jangarilarga Nato kuchlari foydalanuvchi va tijorat uchun muhim bo‘lgan Peshovar-Jalolobod-Kobul shoh yo‘lini nazorat etish imkonini bergan.

Bu yerdan turli jangari guruhlar boshpana topib kelishgan, tog‘li hududlarida o‘z bazalarini tashkil qilishgan.

Agar, pokistonlik harbiylarning so‘zlariga tayanilsa, dastlab Tirahda mingdan bir yarim mingtagacha jangari bor, deb gumon qilishgan.

Ammo janglar chog‘i ularning soni besh yuzdan ortmasligi ma‘lum bo‘ldi, deb aytgan general mayor.

Harbiy amaliyotlar Tirah vodiysining Maydon va Bog‘ hududlaridagi 100 ga yaqin qishloqda olib borilgan.

Harbiylarga ko‘ra, jangarilar u yerdagi hovli-joylar aksariyatining kulini ko‘kka sovurishgan.

Jangarilar

Ayon bo‘lishicha, bu yerlardan Pokistonning Bajaur, Svot, Mohmand va O‘rikzay mintaqalaridagi boshqa isyonchi guruhlarga aloqasi bo‘lgan Tolibon jangarilari boshpana topib kelishgan.

Harbiy amaliyotlar chog‘ida Pokiston hukumat kuchlariga qarshilik qilgan bir qancha sondagi jangarilarning qo‘lga olinganliklari ham aytilmoqda.

O‘zbekiston Islomiy Harakatining aksariyat a‘zolari Amerikaning 2001 yildagi harbiy amaliyotlari ortidan, Pokistonning qavmlar yashovchi Janubiy Vaziriston mintaqasidan boshpana topishgandi.

Ammo, keyinchalik, Pokiston hukumat kuchlarining harbiy amaliyotlari va mahalliy qavm jangarilarining qarshiliklari sabab, Shimoliy Vaziristonga qochib o‘tishgandi.

So‘nggi yillarda esa, ulardan ko‘pchiligining Afg‘onistonning shimoliy viloyatlariga kesib o‘tishga muvaffaq bo‘lishgani aytiladi.

Peshovardagi muxbirimizga ko‘ra, Pokistonda qolgan ayrim o‘zbek jangarilari dron hujumlaridan jon saqlash uchun Tirah vodiysiga borgan bo‘lishlari mumkin.

General mayor Humoyun Azizning aytishicha, janglar sabab, Tirah vodiysini 40.000 kishi tashlab chiqqan.

Unga ko‘ra, hozir bu qochqinlarni imkon qadar tezlikda o‘z uylariga qaytarish, kelasi yarim yil ichida turli, shu jumladan, moliyaviy yordam berish uchun BMT doxil turli xalqaro tashkilotlar bilan ish olib borishmoqda.

O‘zbekiston Islomiy Harakati

Guruhning faoliyatini yaqindan kuzatib kelayotgan ekspertlarga ko‘ra, ularning bugungi faoliyatlariga oid yangi va 100 % ishonchli ma‘lumot yo‘q.

Ammo ularning Pokistonning qavmlar yashovchi Shimoliy Vaziriston mintaqasidan Afg‘oniston shimoliga o‘tishga urinayotganliklariga oid xabarlar bor.

O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari bundan 10 yil burun Afg‘onistonning Amerika boshchiligidagi ishg‘oli ortidan Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlariga qochib o‘tishga majbur bo‘lishgandi.

Nato ham o‘tgan bir necha yil davomida Afg‘onistonning Qunduz doxil qator shimoliy viloyatlarida O‘zbekiston Islomiy Harakatining liderlari va a‘zolarini o‘ldirgani yoki qo‘lga olganini da‘vo etib keladi.

Guruhning Afg‘oniston shimolidan turib, O‘zbekiston va Tojikistondan yangi jangarilar yollayotganiga oid xabarlar ham bor.

Harakatning faoliyatini uzoq yillardan beri kuzatib kelayotgan pokistonlik jurnalist Rahimulloh Yusufzayning aytishicha, so‘nggi yillarda ular Afg‘oniston orqali Markaziy Osiyo chegaralariga yaqinlashishga urinishmoqda.

Ammo, shunisi ayonki, yo‘lboshchisi Tohir Yo‘ldoshning o‘limi ortidan O‘zbekiston Islomiy Harakatining faoliyati ancha zaiflashgan va hujumlarining sur‘atiyu ko‘lami ham avvalgidek emas.

Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bugun O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilarining sonini bir necha yuzta deyish mumkin.

Tohir Yo‘ldoshning o‘limidan bir yil o‘tib, 2010 yilning sentyabr oyida uning kuyovi Usmon Odil O‘zbekiston Islomiy Harakatining rahbari etib tayinlangan.

Ammo o‘tgan yili may oyida dron hujumida qurbon bo‘lishi ortidan, uning o‘rnini Usmon G‘oziy ismli shaxs egallagani aytilgandi.

O‘zbekiston Islomiy Harakati Pokiston va Afg‘onistonda Tolibon harakati hamda "Haqqoniy" jangari guruhining qo‘llovi bilan harakat qilishadi.