Mesut O‘zil "Arsenal", London va qanday musulmon ekani haqida

Image copyright Getty
Image caption "Arsenal" Olmoniya futboli yulduzi bilan besh yilga shartnoma imzolagan

Asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov hamsohiblik qiluvchi Londonning "Arsenal" jamoasi ishqibozlarining boshlari osmonda.

Ular o‘z klublari yozgi oldi-sotdi bozorining so‘nggi kunida qo‘lga kiritgan yulduz futbolchi - "Real"(Madrid) va Olmoniya milliy terma jamoasi a‘zosi Mesut O‘zildan ko‘p narsa kutishmoqda.

Ustiga ustak, Mesutning o‘zi qolib, pop yulduzi bo‘lgan sevgilisi Mandi Kapristo ham Britaniyada rosa gap-so‘zlarni qizitmoqda.

Bu yerda ularni allaqachon "Olmoniyaning Posh va Bek"i, deguvchilar ham topilgan.

Ammo kelib chiqishi turkiyalik bo‘lgan Mesut O‘zilning o‘zi e‘tiqodli musulmon.

Agar, britan nashrlariga tayanilsa, futbolchi har gal maydonga tushishdan oldin "Qur‘on"ni tilovat qilmay qo‘ymaydi.

Ayon bo‘lishicha, Mesut, hatto, "Real"dagi portugaliyalik yulduz jamoadoshi Krishtianu Ronalduga ham "Qur‘on"dan suralar o‘rgatgan.

"Men namoz o‘qiyman. Buni jamoadoshlarim ham bilishadi va ibodat qilayotgan paytim menga xalaqit berishmaydi. Men Allohdan g‘alaba qozonishimizni so‘rayman. Yutug‘imning siri ham shunda", deb aytgan Mesut britan nashrlaridan biriga bergan suhbatida.

Yulduz futbolchi kasbi doimo a‘lo darajadagi jismoniy holatda bo‘lishini taqozo etishi bois musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyida ro‘za tutolmasligidan ham afsus bildirgan.

Londonning "Arsenal" jamoasi uni o‘tgan hafta o‘zlari uchun rekord summada, ya‘ni 42.5 million funt sterlingga sotib olgandi.

Mesut O‘zil o‘zining professional futboldagi karerasini Olmoniyaning "Shalke 04" jamoasida boshlagan.

Shundan so‘ng muayyan muddat Bremenning "Verder" klubida to‘p surgan.

2010 yilda esa, Madridning "Real" jamoasi Mesutni 15 million yevroga sotib olgandi.

Mesut O‘zil shu yil yozda "Arsenal" qo‘lga kiritolgan eng nomdor futbolchi va Arsen Venger qariyb 10 yil badalida Angliya chempionligini qayta qo‘lga kiritishlarida unga qattiq orqa qilmoqda.

Image copyright
Image caption "Arsenal" Mesut ko‘magida Angliya chempionligiga erishmoqchi

Olmoniya futbol yulduzi "Arsenal" rasmiy web sahifasiga bergan ilk suhbatida nega aynan bu jamoaga o‘tishga qaror bergani sabablarini mana bunday izohlagan:

Mesut O‘zil: Angliyaning eng sara jamoalaridan biri bo‘lgani uchun ham men "Arsenal"ni tanladim. Arsen Venger ham jahon tasnifidagi murabbiy. U buni yillar davomida isbotlab qo‘ygan. Chunki juda ko‘p o‘yinchilar Arsen Venger qo‘l ostida futbol sir-sinoatlarini o‘rganishgan. Shu sababdan ham, men "Arsenal"ga o‘tishga qaror qildim. Men o‘z o‘yinimni yanada yaxshilab, yangi usullarni o‘rganmoqchiman. Chunki "Arsenal" jamoasi o‘yinining texnikasi va hujumkor futboli bilan tanilgan. Fikrimcha, men ularga juda mos tushaman.

Savol: Bu qaroringiz, boshqa tomondan, "Arsenal"ning ambitsiyailari va yaqin kelajakdagi rejalari uchun qanchalik muhim?

Mesut O‘zil: Judam ham muhim, deb o‘ylayman. Eng ahamiyatlisi, Arsen Venger menga ishonch bildirdi. Men ham o‘zimning nimalarga qodirligimni ko‘rsatib, maydonda mazza qilmoqchiman. Nazarimda, o‘zimning o‘yinim bilan London jamoasiga yordam bera olaman.

Savol: Mesut, sizningcha, "Arsenal" bu yil Angliya chempioni bo‘la olarmikan?

Mesut O‘zil: Albatta. To‘g‘ri, o‘tgan yaqin yillar ichida "Arsenal" u qadar o‘zini ko‘rsata olmadi. Ammo biz zafar quchmoqchimiz. Chempion bo‘lish, kuboklarni qo‘lga kiritish istagidamiz. Menimcha, "Arsenal" ishqibozlari ham buni istashadi. Jamoamiz juda kuchli va yosh. Ustiga ustak, Bosh murabbiyi ostida yanada kuchayishi mumkin. Menimcha, g‘oliblikni da‘vo qilish darajasida potentsialga egamiz.

Savol: Ko‘cha-kuyda to‘p surib yurgan bolalik chog‘ingizda qaysi bir yulduz futbolchiga taqlid qilgansiz?

Mesut O‘zil: Yaqinda ham aytib o‘tganimdek, men taqlid qilgan o‘yinchi Zayniddin Zidan bo‘ladi. Men uchun aynan u sara futbolchini namoyon etadi. Havoda zo‘r o‘ynaydi. Hujumda ham, himoyada ham birdek mohir. Shaxsiy hayoti ham toza. Biror bir salbiy gap-so‘z bilan ommaviy-axborot vositalarining diqqat-e‘tiboriga tushmagan. Men uchun o‘rnak bo‘lgan o‘yinchi.

Savol: Eng so‘nggi "Arsenal" muxlislariga tilaklaringiz...

Mesut O‘zil: Men "Arsenal"da to‘p surayotganimdan nihoyatda baxtiyorman. Bunday sharafdan boshim ko‘klarga yetdi. Va o‘z navbatida, bu yilgi futbol mavsumini muvaffaqiyatli yakunlashimizga umid qilaman.