Qozon shahrida Musulmon kinosi festivali ochilgan

Xalqaro Qozon musulmon kinofestivali 2005 yildan buyon Tatariston poytaxtida muntazam o‘tkazib kelinadi.

Bu yilgi IX kino festivali ham oldingi yillar kabi Tatariston Respublikasi Prezidenti va hukumati dastagi ostida o‘tkazilmoqda.

Respublika Madaniyat vazirligi, shahar hokimligi, Rossiya Muftiylar Kengashi va "Tatarkino" tadbir tashkilotchilari sanaladi.

Festival qatnashchilarini Tatariston Respublikasi davlat kengashi raisi Farid Muxametshin va Rossiya Muftiylar kengashi raisi shayx Ravil G‘aynutdin qutlagan.

Jumladan Farid Muhammedshin dunyoda kinofestivallar ko‘pligi, biroq musulmon kinosi festivali yagonaligi, shuning uchun ham ushbu tadbirning mas‘uliyati ham yuqoriligini ta‘kidlagan.

Kino bayramida MDH davlatlari, Ovro‘po, Osiyo mamlakatlaridan kelgan vakillar, jumladan O‘zbek kinochilari ham o‘z ijodlari bilan ishtirok etishadi.

Rejissyor Qamara Kamolova festival hay‘at a‘zosi sifatida qatnashmoqda.

Ayub Shahobiddinovning "Parizod" badiy filmi va qoraqalpog‘istonlik rejissyor Turniyoz Kalinbekovning "Nur izlab" hujjatli filmi namoyish etiladi.

Rossiyalik rejissyor Maksim Panfilovning "Ivan-Amirning o‘g‘li" filmi voqealari O'zbekistonda o'tadi.

Rossiya va O‘zbek kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan asar Ikkinchi jahon urushi voqealari asosiga qurilgan bo‘lib, millatlararo totuvlikka urg‘u beradi.

Konkursdan tashqari namoyish etiladigan filmlar orasida rejissyorlar Qamara Kamolova, Yolqin To'ychiyev, Shavkat Yo'ldoshevning ishlari bor.

Festival doirasida 50 ta film mutaxassislar va tomoshabinlar e‘tiboriga havola etilishi kutilmoqda.

Xalqaro musulmon festivali golibiga "Kino san'atidagi insonparvarlik goyasi uchun" maxsus mukofoti topshiriladi.