"Amerika va Britaniya xizmatlari axborotni himoya qilish tizimini buzgan"

Image copyright Reuters

AQSh va Britaniya josuslik xizmati shaxsiy ma‘lumotlar xavfsizligini ta‘minlovchi manbalarni buzib kirgan.

Bu yangi xabarni amerikalik sobiq josus Edward Snowden ma‘lum qilmoqda.

Unga ko‘ra, Amerika va Britaniya maxfiy xizmatlari internetda shaxsiy ma‘lumotlar ichiga buzib kirish yo‘llarini o‘zlashtirishib, ma‘lum shaxslarga taluqli elektron xat, bank va tibbiy ma‘lumotlarni olishga muvaffaq bo‘lishgan.

Bunga bog‘liq xujjatlar New York Times va Guardian gazetlarida bosilgan.

Amerika Milliy xavfsizlik agentligi (NSA) va Britaniya hukumat aloqalari markazi (GCHQ) hamkorlikdagi maxfiy loyiha doirasida ancha mashhur va shaxsiy ma‘lumotlarni saqlash uchun juda ishonchli hisoblangan tizimlarga ham kira olganlar.

Hujjatda aytilishicha, zarar ko‘rganlar orasida Yahoo va Google kabi qidiruv manbalari bor.

Shuningdek, Amerika Milliy xavfsizlik agentligi bu maxfiy loyiha uchun yiliga 250 million dollar mablag‘ ajratgani keltiriladi.

Josuslik xizmatlari katta e‘tiborni 4G texnologiyasida qo‘llanuvchi yashirin raqamlarga qaratgan.

AQSh va Britaniya hukumatlari Snouden tomonidan maxfiy ma‘lumotlar uzatilgan bir necha nashrlarga bosim o‘tkazganligi, ularni chiqarmaslik yoki josuslik xizmatiga qaytarishni talab qilgani aytilgandi.

Ayni paytda Edward Snowden yangi maxfiy ma‘lumotlarni oshkor qilishda davom etmoqda.

AQSh maxfiy xizmatlari ko‘zlangan reja bilan "Bull-Ran" loyihasi doirasida o‘ta kuchli kompyuterlarni ishga solganlar.

Foydalanuvchilar turli xizmatlarga ehtiyoj bilan internetga kirishganda bu o‘g‘irlash sodir etib borilgan.

Amerikalik josuslar nomlari oshkor etilmagan texnologik shirkatlar bilan hamkorlik qilib, shaxsiy ma‘lumotlarga kirish kodlariga ega bo‘lganlar.

Aytilishicha, AQSh 2000 yildan buyon bu loyihaga milliardlab dollar sarflagan.

Milliy Xavfsizlik agentligi bu harakatni oqlar ekan, loyiha Qo‘shma Shtatlar xavfsizligini ko‘zlab amalga oshirilganini ta‘kidlagan.

Biroq ko‘pgina mutaxassislarga ko‘ra, bu kabi josuslik amallari aksincha xavfsizlikka tahdid solib, yashirin raqamlarni buzib kirish yo‘llari hukumatda ishlamaydigan odamlar qo‘liga tushib qolishi mumkin.