Ota-onaning maoshi kontrakt pulini to‘lashga yetadimi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekistonda yildan-yilga oshib borayotgan oliy ta‘lim xarajatlari ota-onalarni qiyin tanlov qarshisida qoldirgan.

Bu yil oliy o‘quv yurtlarida kontrakt to‘lovlarining eng kam miqdori 4 million 600 ming so‘m qilib belgilangan.

Bu eng kam ish haqining 50 barobari demakdir.

Eng ko‘p miqdor esa 7 million 420 ming so‘m bo‘lib, bu eng kam ish haqining 81 barobariga teng.

Tijorat banklari tomonidan 10 yil muddatga ta‘lim kreditlarini berish yo‘lga qo‘yilgan, ammo ota-onalar kredit ololmay sarson bo‘layotganliklarini aytishmoqda.

Kafolatga mashina

Qashqadaryolik Munira opa o‘tgan yili o‘g‘lini kontraktga kirgani uchun o‘qita olmagan.

Ammo bu yil ham davlat granti nasib etmagach, bir amallab kontrakt to‘lovining yarmini belgilangan muddatda to‘lashganini aytadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kontrakt to‘lovlari ota-onalarga qimmatlik qiladi.

"Qiyin albatta, ota-onaning undan tashqari ham tashvishlari ko‘p-ku", - deydi Munira opa.

Uning aytishicha, banklar ta‘lim krediti olmoqchi bo‘lgan ota-onalardan kafolat uchun mashina qo‘yishni talab qilmoqda.

"Biz mashinamiz bo‘lmagani uchun kredit ololmadik", - deydi suhbatdosh.

Kontrakt to‘lovlarining yangi, oshirilgan miqdori o‘tgan oy O‘zbekiston Moliya Vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan.

Har yili o‘rtacha 15 foizga oshiriladigan to‘lovlar aholining real daromadlari va inflyatsiya darajasini hisobga oladimi, yo‘qmi, rasmiylar bu borada hech qanday izoh bermaydilar.

Ta‘lim mulozimlari ularning bir qismi talabalarga stipendiya sifatida qaytarilishini aytib, to‘lovlarning adolatli ekanini urg‘ulashadi.