Alisher Usmonov yana bir nufuzli ro‘yxatga kiritilgan

Image copyright Bloomberg.com

Rossiyaning eng boy kishisi deb hisoblanadigan asli o‘zbekistonlik Alisher Usmonov 60 yoshga to‘lgan.

Arafada "Blumberg Markets" jurnali Alisher Usmonovni dunyo biznesidagi eng ta‘sirli 50 shaxs ro‘yxatiga kiritgan.

Nufuzli jurnalning nashriy soni oktyabrda bosmadan chiqadi, biroq o‘z web-sahifasida 50 obro‘li kishi haqidagi ba‘zi tafsilotlarni e‘lon qilgan.

"Blumberg Markets" jahon biznesiga qanday qilib o‘zining ta‘sirini o‘tkazayotgan qudratli shaxslarni besh guruhga bo‘lgan.

Bular "Bankirlar", "Siyosatni belgilab beruvchilar", "Pul menedjerlari", "Ta‘sirli brokerlar" va "Fikrlovchilar" deb atalgan.

Alisher Usmonov eng qudratli brokerlar safidan joy olgan.

Dunyoning eng nufuzli brokerlari deb Amazon.com asoschisi Djef Bezos, Publics Groupe SA ijrochi direktori Moris Levay, Berkshire Hathaway bosh direktori Uorren Baffet, Yahoo! Inc. ijrochi direktori Marissa Mayyer, Glencore Xstrata Plc rahbari Ayvan Glazenberg, Sun Pharmaceutical Industries Limited asoschisi Dilim Shangvi, Samsung Electronics rahbari Li Kun Xi, SoftBank Corp. asoschisi Masayoshi Son va 3G Capital ta‘sischi va asoschilaridan biri Jorj Paulo Lemannlar tilga olingan.

O‘zining web-saytida "Blumberg Markets" Samsung rahbari Li Kun Xi haqidagi videolavhani ham e‘lon qilgan.

Nufuzli "Forbs" jurnali shu yil mart oyida e‘lon qilgan yillik ro‘yxatida asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovni bu yil ham Rossiyaning eng badavlat odami, deb topgan.

O‘shanda Alisher Usmonov 17.6 milliard dollarga teng boyligi bilan Amerika jurnalining yangi ro‘yxatida 34-o‘rinni egallagan.

Forbes jurnali o‘tgan yil aprel oyida ham janob Usmonovni Rossiyada boylarning boyi, deb topgandi.

Bu yil aprel oyida esa Britaniyada nashr qilinadigan "The Sunday Times" ro‘znomasi Alisher Usmonovni 13.3 milliard funt sterling (20.26 milliard dollar) bilan Britaniya va Irlandiyadagi eng badavlat shaxslar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagani haqida xabar qilgan.

Janob Usmonov Londondagi "Arsenal" futbol klubining 30 foiz hissalariga hamda "Metalloinvest" temir ishlab chiqarish shirkatiga egalik qiladi.

U yuksak texnologiyali Apple, Twitter, Facebook, Mail.ru, LinkedIn, Groupon, Zynga, AirBnB, ZocDoc, Klarna, Alibaba va 360buy shirkatlariga ham sarmoya yotqizgan.

Rossiyadagi Mail.ru Alisher Usmonov nazoratida va shu kunlarda janob Usmonov o‘zining ixtiyorida bo‘lgan Facebook aktsiyalarini sotgani haqida xabar qildi.

Mail.ru o‘zining tasarrufida bo‘lgan eng oxirgi Facebook hissalarini 525 million AQSh dollariga sotganini ma‘lum qilgan.