AQSh Davlat kotibi Arab Ligasi rahbarlari bilan Suriya bo‘hronini muhokama qiladi

Image copyright AP
Image caption Kerri Parijga Suriyaga hamla qilish masalasida Ovro‘po mamlakatlari dastagini olgani borgan

Suriyaga hamla qilish uchun dastak olish maqsadida Ovro‘po bo‘ylab safar qilayotgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Parijda Arab Ligasi rahbarlari bilan uchrashadi.

Avvalroq janob Kerri qator mamlakatlar harbiy amaliyotlarga tayyor ekanliklari va Suriyaga qurolli mudohala qiluvchilar soni "ikki baravarga" ortganini aytgandi.

O‘tgan oy Damaqshda kimyoviy qurolning ishlatilishiga javoban Frantsiya interventsiya qilish rejasini to‘laligicha dastaklab chiqqan.

Biroq Parij harbiy amaliyotni boshlashdan avval BMT qurol yaroq nozirlari hisobotini ko‘rishni istaydi.

Janob Kerri Parijdan Londonga safar qiladi.

Londonda u Britaniya Tashqi ishlar vaziri Villiam Heyg va Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashadi.

Ayni damda, Suriya ichkarisida, xabarlarga ko‘ra, isyonchi kuchlar nasroniylar yashovchi tarixiy shahar Maalulani ishg‘ol etganlar.

Suriya Inson Huquqlari Nazorat guruhining boshlig‘i Abdul Rahmon AFP axborot agentligiga Suriya prezidentiga sodiq kuchlar mintaqadan chiqib ketganini aytgan.

Janob Kerrining Ovro‘po bo‘ylab safari Suriyaga hujum yuzasidan dunyo rahbarlari o‘rtasidagi kelishmovchilik chuqurlashgan bir pallagan to‘g‘ri kelmoqda.

Rossiyada o‘tgan yirik yigirmalik sammitida dunyo rahbarlari Suriya bo‘yicha kelishuvga erisha olmadilar.