Uzwebiston: Toshkent aeroporti O‘zbekistonning eng sharmandali nuqtasi

Futbol bo‘yicha Iordaniya milliy termasining bosh murabbiyi Hussom Hasan Toshkent xalqaro aeroportidan shikoyat qilgan. Bu haqda stadion.uz sayti xabar berdi.

"Hussom Hassan O‘zbekiston poytaxti aeroportidagi ro‘yxatga olish jarayonidan hayron bo‘ldi. Iordaniyaning "Al-Ray" gazetasi Hussom Hassanga tayanib xabar tarqatishicha, aeroportda delegatsiya a‘zolarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni 2 soat davom etgan", - deb yozadi o‘zbek nashri.

Kun.uz nashrining yozishicha, Hossam Xasan Toshkent xalqaro aeroportidan noligan ilk mutaxassis emas.

"Bungacha, Toshkentda mehmon bo‘lgan Yaponiyaning "Sanfrechche Xirosima" ustozi Xajime Moriyasu va Xitoyning "Beyjing Guoan" klubi bosh murabbiyi Aleksandr Stanoyevich ham, qo‘l ostidagi jamoalari Toshkent xalqaro aeroportida ko‘p vaqt ushlanib qolganliklarini ma‘lum qilishgandi, - deydi nashr.

O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi JCh-2014 saralash Osiyo mintaqasi pley off javob bahsi Toshkentdagi Paxatkor stadionida 10 senyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Xabar ostiga izoh qoldirgan muxlislarning bir qismi Iordaniya termasining aeroportda qiynalganini olqishlagan. Shaharning bedarvoza emasligini bildirishgan.

Aeroportda ish va xizmat yuzasidan bo‘lgan boshqa o‘quvchilar uning eng muammoli joylardan biri ekanligini aytgan.

"Toshkent aeroporti O‘zbekistonning eng sharmandali nuqtasi! Umuman rasvo. Har gal uchganimda nahotki shu O‘zbekiston aeroporti deb ishongim kelmaydi. Bunaqasi faqat bizda bo‘lsa kerak", - deydi KALONBEK ismli foydalanuvchi.

MARTINI ning aytishicha, Toshkent xalqaro aeroportida sharoitlar talablarga javob bermaydi.

Toshkent aeroporti dunyodagi eng xunuk,befayz aeroportlardan biri. Xizmat ko‘rsatish nol. Hatto yaqingacha ikkinchi qavatga og‘ir sumkalar bilan zinalar orqali chiqilar edi, yaqindagina g‘arbiy qismida eskalatorni qishloqchasiga qurib bitkazishdi. Nogironlar uchun qulayliklar haqida-ku gapirmasa xam bo‘ladi. Eng oddiy narsa, ya‘ni aravachalar xam yetishmaydi. Borlari ham o‘sha sovet davridan qolgan aravachalar beso‘naqay, og‘ir, ishlatishga noqulay va hakazo, - deydi u.

MARTINI ro‘yxatdan olish masalasiga chidasa bo‘lishini aytadi.

"Registratsiya masalasiga kelsak, chet el fuqorolariga qanday bilmadim-ku, lekin chidasa bo‘ladi. Ammo, bojxona tekshiruvi ooooooooo dahshat. Shu darajada tekshirishadiki, iloji bo‘lsa trusiklarni ham yechvolib tekshirsa-da. O‘zbekiston uchun bunday aeroport sharmandali. Samolyotlar parkiga gap so‘z yo‘q, lekin shunisiga hursand bo‘ladi odam", - deydi futbol muxlisi.

Futbolvatani nomli foydalanuvchi aeroportda hamma narsa joyida ekanligini yozadi.

"Man Toshkent xalqaro aeraportidan ko‘p uchaman ko‘p kelaman. Atak biror marta 30 daqiqadan oshiq ushlab qolmagan. Ro‘yxatdan o‘tqazishda minimum 15 daqiqada chiqib ketadi. Prosta bu Iordaniyaga saboq bo‘lsin, deb qilingan ish".

Ushbu izohga javob bergan HALAREAL uni aeroportda umuman bo‘lmaganlikda ayblaydi.

"15 daqiqa? Do‘stim xafa bo‘lmangu, aeroportda umuman bo‘lmagansiz shekilli. Toshkent aeroportida passport nazoratda kamida 1 soat kutiladi, keyin bagaj 1 soatdan kamiga chiqmaydi, undan keyin bojxona nazoratida kami 1 soatda navbatiz keladi. Men ham ish yuzasidan 5-6 davlatga chiqib yuraman, Toshkent aeroportidek sekin ishlaydigan aeroportni ko‘rmaganman. Ayniqsa aravalarni pullik qilib quyganinichi? Hech qaysi davlatda ko‘rmaganman bunaqa narsani, qo‘shimchasiga arava olish uchun faqat o‘zbek so‘mini qabul qilishadi. Chet eldan kelgan odamda o‘zbek so‘mi nima qilsin", - deydi HALAREAL

Yana bir o‘quvchi Toshkent xalqaro aeroportini Shimoliy Koreya bilan solishtiradi va bor budini shilib olmagin uchun shukr qilish kerakligini aytadi.

"O‘sha vaktda Rossiyadan xam birorta reys kelib kolgandurda, o‘shalarni tekshirishga ko‘prok vaqt ketgan, Shimoliy Koreyaga o‘xshab bor budungni olib ko‘yishsa nima qilarding", - deydi JANUB.

SHUHRATBOY ismli muxlis: "Tezroq o‘tkazish uchun aeroport xodimlari futbolchilardan pul kutgandir", deya hazil qiladi.

"Xodimlar bulardan ham u bu chiqarmikin deb adashishgan. Birortasi shipshitib kuymabdi-da, bular pidbolchilar ulardan pul chikmaydi deb))".