"Odam tashuvchilarning birorta gapiga ham ishonmang!"

Image copyright AFP

Har oy minglab muhojirlar Avstraliya qirg‘oqlariga yetib olish maqsadida o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib Hind Ummoniga chiqadilar.

Ularning aksari Afg‘oniston, Eron va Shri-Lanka kabi beqaror mamlakatlardan yo‘lga chiqqanlardir.

Bu insonlar yirik miqdordagi mablag‘ni kontrabandachilarga to‘lashadi.

Kontrabandachilarning aksari esa Indoneziya sohilida xavfsizlik talabiga javob bermaydigan kemalar egalaridir.

Boshpana izlovchilarning masalasi Avstraliyadagi parlament saylovidagi eng mashhur masalalardan biri bo‘ldi va ikki partiya ham boshpana izlovchilar oqimini to‘xtatish yo‘lida qattiq choralar ko‘rishga va‘da berdilar.

BBC Avstraliya tomon safarning turli bosqichlarida bo‘lgan qator migrantlar bilan suhbatlashgan.

Afg‘onistonni tark etayotgan

Habib 41 yoshda. U huquq faoli va Kobulda yashaydi. Habibning uch qizi bor. Qizlarining to‘ng‘ichi 9, o‘rtancha qizi 8 va kenjasi 3 yoshda. Habib mana shu kunlarda Afg‘onistondan chiqib ketishni o‘ylab yuripti.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Men zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ko‘plab odamlarning huquqlarini himoya qilganman.

Jinoyat ishlari mahkama orqali o‘tgani tufayli mening o‘zim ham ko‘p qiyinchiliklarga duch kelganman.

Meni uch marta qamashdi.

Ikki marta hujum qilishdi.

Ikkinchi marta hujum qilishganida meni pichoqlashdi - maqsadlari o‘ldirish bo‘lgan.

"Agar men o‘lib qoladigan bo‘lsam, xotinim bilan uch qizimning hayoti juda og‘ir bo‘ladi, shuning uchun men Afg‘onistondan chiqib ketishim kerak", degan qarorga keldim.

Men Avstraliyani tanladim. Chunki bu mamlakatda inson haqlari himoya qilinadi.

Men qizlarimning bexavotir maktabga borishlarini xohlayman. Ularning har daqiqada qon to‘kilishi, xudkushlik bomba hujumi va odam o‘ldirilgani haqidagi xabarlarni eshitmasliklarini istayman.

Mening Indoneziyada qarindoshlarim bor. Ular meni Kobuldagi sayohat agentligi bilan tanishtirishdi. Ularning esa trafikchilar bilan aloqasi bor ekan.

Men hali trafikchilar bilan ko‘rishganim yo‘q. Ammo agentlikdagilar, ular yaqinda yo‘lga tushishadi, deb aytishdi.

Albatta, bu gardkam o‘yin. Trafikchiga ishonib bo‘lmaydi. Ammo bu odamlar allaqachon mening qarindoshlarimga Afg‘onistondan chiqib ketishlariga yordam bergan. Bizning ularga ishonishdan o‘zga ilojimiz yo‘q.

Bizga aytishdiki, birinchi bo‘lib biz Hindistonga borishimiz kerak. Keyin ular bizni Malayziyaga, undan keyin Indoneziyaga olib borishadi.

Malayziyaning o‘qish va ish vizasi uchun bizdan 21000 dollar so‘rashdi. Men bilan xotinim uchun har birimizga 6000 dan, qizlarimning har biri uchun 3000 dollardan, deyishdi.

Bu pulning yarmini biz yo‘lga chiqishdan oldin berishimiz kerak. Qolganini Malayziyaga yetib olgandan keyin. Buncha pulni topish qiyin.

Men qarz olmasam bo‘lmaydi. Undan keyin uydagi narsalarni sotishimiz kerak.

Biz televizor va radio orqali Indoneziyadan Avstraliyaga yetib olish qanchalar xavfli yo‘l ekanini eshitganmiz. Ko‘pincha kemalar kuchli to‘lqinlarga dosh berolmaydi, haddan tashqari ko‘p odam chiqqanidan cho‘kib ketadi.

Lekin shunga qaramasdan biz ko‘pchilik Avstariliyagacha yetib olganini va u yerda yangi hayot boshlaganini ko‘rayapmiz.

Tinch-xotirjam joyga yetib olish uchun biz qiyinchiliklarga tayyormiz.

Men o‘zimning hayotimni saqlab qolish va bolalarimning kelajagi uchun vatanimni tark etishga majburman.

Bu narsa meni xafa qiladi, chunki shu yerda mening kindik qonim to‘kilgan, ota-onamning qabrlari shu yerda. Lekin mening boshqa ilojim yo‘q.

Image copyright BBC World Service

Kristmas orolida ushlab turilgan

23 yoshli Said Eron poytaxti Tehrondan. Said o‘ziga to‘q o‘rta sinf oilasida voyaga yetgan. Biroq u Islom dinidan chiqib nasroniylikni qabul qilganidan keyin vatanidan chiqib ketishga qaror qilgan. Musulmonlikdan chiqib nasroniylikni qabul qilish Eronda jinoyat hisoblanadi. Said kemada Indoneziyadan Kristmas oroliga yetib kelgan. Said bu orolga yetib borishidan uch kun oldin Avstraliyada yangi tartib kuchga kirgan va bu tartibga ko‘ra yangi boshpana izlovchilar ishlari ko‘rib chiqilguncha Papua-Yangi Gvineyaga yuborilishi shart. Agar ishlari ko‘rib chiqilib qochqin maqomini olsa ham Avstraliyada o‘rnashishiga izn berilmaydi. Bu yangilik Saidning hafsalasini pir qildi. U Papua-Yangi Gvineyadagi boshpana izlovchilarni saqlab turish markazidan mobil telefon orqali BBC bilan suhbatlashgan.

Men diniy erkinlik istab Erondan chiqib ketganman.

Agar men yangi vaziyat haqida oldindan bilganimda Avstraliyani tanlamagan bo‘lardim.

Men kemada uch kun dengizda suzdim.

Bu sayohat dahshatli edi.

Men o‘z ko‘zim bilan insonlarning o‘lganini ko‘rdim.

Bu yerga yetib olmoqchi bo‘lgan har bir odam o‘zining hayotini xavf ostiga qo‘yadi.

Lekin hozir Avstraliya rasmiylari aytishayapti: "Sen bu yerga qanday qilib yetib kelganing bizni qiziqtirmaydi. Sen xohlaysanmi-yo‘qmi, Papua-Yangi Gvineyaga borishing shart."

Bizni Papua-Yangi Gvineyaga borishga majburlashayapti.

Bu adolatdan emas.

Men hozir juda tushkunlikka tushganman.

Men oilada yolg‘iz farzandman va Eronda umrimda hech qachon biror moliyaviy muammo bo‘lmagan.

Agar meni Papua-Yangi Gvineyaga majburan yuborishsa, o‘zimni o‘ldiraman.

Keyin ota-onam meni tirik ko‘rishmaydi.

Avstraliyaning o‘zidagi boshpana izlovchi

Ma‘ruf Mashfi Sharif 38 yoshda. U Shri-Lankadan, musulmon. Ma‘ruf Mashfi Sharif o‘zining nomzodini mahalliy saylovda ilgari surgan. Shundan keyin unga tahdidlar bo‘lgan va vatanini tark etishga majbur bo‘lgan.

Image copyright BBC World Service

Men o‘zi Avstraliyaga kelmoqchi emas edim. Men Italiyani tanlagan edim. Biroq men o‘zimni xavfsiz his qilmayotganidan iloji boricha tezroq mamlakatdan chiqib ketishim kerak edi.

Men o‘zimning tanishlarim orqali Avstraliyaga kema yuborayotgan odamlarni topdim.

Ularning boshlig‘i bilan uchrashganimda, u meni ishontirdi.

Men yo‘l xavfli ekanini bilardim, lekin u menga, "hammasi xavfsiz va juda qulay bo‘ladi", deb aytdi.

Har bir odamdan bir million Shri-Lanka rupiysi(7500 AQSh dollari) so‘rashdi.

Men buncha pulni uch kunda topib keldim.

O‘zimning yonimda ozroq pulim bor edi, biroq ko‘pini do‘stlarimdan qarzga oldim.

Safar men tasavvur qilganimdan ham xatarli ekan. Bizni baliqchi kemaga solib dengizga chiqishdi. Keyin yanada kattaroq kemaga o‘tqazishdi. Uning ichida allaqachon boshqa odamlar bor edi. O‘zi u kemaga 40 kishi chiqishi kerak ekan, biz esa 117 kishi edik.

Kemaning egalari bir kunda bir marta ovqat berishar, bunga hech kim to‘ymas edi.

Ichimlik suvi 10 kundan keyin tugadi.

To‘g‘risini aytsam, tirik qolamanmi-yo‘qmi, bilmas edim.

Hech kim biz qayerda ekanimizni bilmas edi, chunki hamma tomon suv edi.

17-kun deganda biz quruqlikni ko‘rdik. Yaqinroq suzib borganimizda Avstraliya harbiy kemasi bizni tutib oldi.

Biz Avstraliya nazoratidagi Kokos orollariga kelib qolgan ekanmiz.

Bu yer faqat sayyohlar keladigan joy va u yerda qochqinlarni tutib turadigan joy yo‘q edi. Bir necha kundan keyin bizni Kristmas oroliga jo‘natishdi.

U yerda men o‘pka infektsiyasini yuqtirdim. Shundan keyin meni davolanish uchun Pert shahriga yuborishdi.

Odatda boshpana izlovchilarning ishlari Kristmas orolida ko‘rib chiqiladi. Seni katta yerga qachon o‘tkazishadi, qachonki sening vajlaringni jiddiy deb topishsa.

Hozir men Melburn shahridaman va o‘zimning boshpana izlovchi arizamga javob berishlarini kutayapman.

Men butun oilam va do‘stlarim Shri-Lankada. Ularni tashlab ketish og‘ir edi. Biroq men o‘zimning ishim jiddiy ekaniga ishontirdim. Agar qabul qilishsa, men o‘zimning oilam a‘zolarini bu yerga olib kela olaman.

Shri-Lankada mening o‘zimning biznesim bor edi, shuning uchun men o‘zimga to‘q edim. O‘zimning shaxsiy hayotim, o‘zimning erkinligim bor edi. Bu yerda esa men yana boshqa to‘rt shri-lankalik bilan birga yashayapman, ular nafaqaga kun ko‘rishadi.

Men Shri-Lankadagi vatandoshlarimga to‘g‘risini aytaman: "Bu yo‘lga chiqmang! Odam tashuvchilarning birorta gapiga ham ishonmang, ular siz bilan mening baxtsizligimizdan daromad qiladiganlar".

Ushbu maqolani tayyorlashda Maryam G‘amgusor, Fariba Sahroyi, Kumar Malxotra, Jenni Norton va Ioxannes Dell ko‘maklashganlar.