Xitoyning "beminnat" sarmoyalari ortida nima yotadi?

Image copyright none

Prezident Karimov Xitoyni boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmayotgani uchun maqtagan.

O‘zbekiston Prezidenti bu haqda Xitoy Prezidenti Shi Jinping bilan Toshkentda yakkama-yakka muzokaralar ortidan gapirgan.

"Xitoy bizga o‘zining ishonchli ekanini isbotladi va butun dunyoga boshqa mamlakatlar, xususan, O‘zbekiston bilan qanday hamkorlik qilish kerakligini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu munosabatlar avvalambor, teng huquqlikka, ishonchlilikka va hammasidan ham muhimi, ichki ishlarga aralashmaslikka asoslangan. Men shu fursatdan foydalanib ta‘kidlab o‘tishni istar edimki, bizning shuncha yillik ikki tomonlama hamkorligimiz davrida Xitoy bizning oldimizga biror marta ham qandaydir siyosiy shart qo‘ymagan. Bu narsa bo‘lmagan va umid qilamanki, bundan keyin ham bo‘lmaydi", degan Prezident Karimov.

Toshkentdan oldin Turkmaniston va Qozog‘istonda bo‘lgan Xitoy prezidenti har bir mamlakat bilan 30 milliard dollarga baholanayotgan bitimlarni imzolagan.

O‘zbekistonda ham jami 15 milliard dollardan ziyod deb ko‘rilayotgan 31 hujjat imzolangani xabar qilinayapti.

Shundan 7 milliard 700 millioni moliyaviy resurslar bo‘lib, shartnomalar ilm-fan va texnika yo‘nalishlarida hamkorlik, neft va gaz sherikligini yanada kengaytirish, issiqlik va elektr quvvati sanoatlariga sarmoyalarni nazarda tutadi.

Mana shu bir haftaning ichida Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlariga 75 milliard sarmoya yo‘naltirmoqchi ekanini ma‘lum qildi.

Xo‘sh, bunday sarmoyadorning inson haqlari yoki siyosiy talabni ilgari surmasligi yaxshimi yo yomon?

Biz ushbu savolni Olma-Otada yashayotgan mustaqil siyosiy tahlilchi Aleksandr Knyazevga berdik.

Aleksandr Knyazev: Men o‘ylaymanki, bu normal holat. Qaysidir mamlakatdagi siyosiy vaziyat qandaydir tanqid yoki bosim vositasi bo‘lmasligi kerak. Ikki mamlakatning o‘zaro munosabatlarida ulardan biri qandaydir siyosiy, ijtimoiy fuqaroviy masalalarni o‘zi uchun muhim deb bilsa, u sherigi bilan iqtisodiy aloqalarini qisqartirishi yo rivojlantirmaslikni afzal ko‘rishi mumkin. Lekin, qaysidir mamlakatning ichki ishiga aralashishga kelganda, har bir xalq o‘z hukumati bilan masalalarini o‘zi hal qilishi kerak, deb o‘ylayman.

BBC: Lekin ko‘plab xalqaro hisobotlarda O‘zbekistonda inson huquqlari poymol etilayotgani uchun tanqid qilinadi va shuning uchun xalqaro tashkilotlar G‘arb mamlakatlari rahbarlaridan O‘zbekiston hukumatining oldiga inson haqlari masalalarini, siyosiy islohotlar masalasini kun tartibiga qo‘yishni talab qiladilar. Vaziyatni yaxshilash uchun mana shunday talablar qo‘yilishi o‘rinli emasmi?

Aleksandr Knyazev: Bu narsani O‘zbek xalqining o‘zi hal qilishi kerak, deb o‘ylayman. Biz bugungi kunda dunyoning ko‘p mamlakatlarida mana shunday iddaolar bilan bir mamlakatning ichki ishlariga aralashish nimalarga olib kelayotganini ko‘rib turibmiz. Lekin O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashish unchalik ko‘p emas. Agar O‘zbek jamiyati qandaydir o‘zgarishlarga ehtiyoj sezsa, bu jamiyatning o‘zi qonun yo‘li bilan, tinch yo‘l bilan o‘zratirishni yasagani afzalroq, deb o‘ylayman. Nima uchun? Bu xuddi Xitoyda bo‘lganidek, iqtisodiy islohotlar o‘zining ortidan boshqa o‘zgarishlarni tortgani yaxshiroq. mana biz SSSR misolida ko‘rdik. Avval siyosiy islohot o‘tkazamiz, deyishdi va bugun bunday mamlakatning o‘zi xaritada yo‘q. Xitoyda esa iqtisodiy islohotni birinchi o‘ringa qo‘yishdi va hukumat qandaydirdir siyosiy va ijtimoiy erkinliklarga ham yo‘l ochayapti. To‘g‘ri, bu yo‘l inqilobiy emas, evolyutsion va sekin yo‘l. Nima bo‘lganda ham bu revolyutsion yo‘ldan yaxshiroq. Mana biz ikkita inqilob yuz bergan Qirg‘izistonni ko‘rib turibmiz. Bu mamlakat davlatchilik yo‘qolib, jamiyat tanazzulga yuz tutish ahvoliga kelib qolgan. O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolariga nisbatan qattiqqo‘l siyosatni yuritayotgani to‘g‘ri. Bunga nisbatan biz jamiyat tomonidan qandaydir harakatni ko‘rmayotgan ekanmiz, demak jamiyat bunga tayyor emas.

BBC: Juda ko‘plab siyosiy tahlillarda Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlarini bosib olishi haqida xavotir bildiriladi, Xitoy ekspansiyasi haqida gapirib kelinadi. Mana biz bugun ko‘rayotganimiz Turkmanistonga 30 milliard, Qozog‘istonga 30 milliard, O‘zbekistonga 15 milliardlik sarmoyalar ana shu bashoratlar ro‘yobga chiqayotganini anglatadimi? Siz bu haqda qanday fikrdasiz?

Aleksandr Knyazev: Men o‘ylaymanki, Xitoy Prezidenti Shi Jinpingning Ashxobod, Ostona, Toshkent va undan keyin Bishkekka safari printsial muhim ahamiyatga ega. Shu paytgacha Xitoy Markaziy Osiyoni Rossiyaning ta‘sir doirasidagi mintaqa deb ko‘rib kelardi va shundan kelib chiqib Sho‘rolar Ittifoqi parchalanganidan buyon bu mintaqada iqtisodiy sohada ham ehtiyotkorona siyosat yuritib kelayotgan edi. Xitoy G‘arbning bu yerga sarmoya yotqizishiga ham bamaylixotir qarab kelgan. Qisqa qilib aytganda, Xitoy Rossiyaga bu mintaqada o‘zini erkin sezishiga "qo‘yib bergan edi". Biroq SSSR tarqaganidan buyon Rossiyaning mintaqadagi siyosati uncha o‘zgargani yo‘q va Rossiya Markaziy Osiyoda faol emas. Shundan kelib chiqib men shunday fikrga kelayapmanki, Xitoy rahbariyatida mintaqaga nisbatan yangi qaror "pishib yetilgan" va mintaqa mamlakatlari bilan o‘zaro hamkorlikning yangi dasturi ishlab chiqilgan. Mana Bishkekda ShOS rahbarlari yig‘ilayapti va ana o‘sha yerda Xitoy prezidenti endigi asosiy masalalarni hal qiladi, deb o‘ylayman.