O‘zbekiston oliygohlari siyosatshunos yetishtirib berishni to‘xtatdi

O‘zbekistonda siyosatshunoslik bo‘yicha mutaxsasis yetkazib berish to‘xtatilgan.

Bungacha bir necha oliygohda ushbu soha bo‘yicha alohida fakultet sifatida ochilgan har yili 100 dan ortiq mutaxassis yetkazib berib kelingan.

Mutasaddilar ushbu qarorga biror izoh bermagan. Kuzatuvchilar siyosatshunoslarni tayyorlamaslikni hukumatning qo‘rquvi bilan izohlamoqda.

O‘zbekiston Milliy Universitetining Siyosatshunoslik fakultetida bir necha fandan dars bergan Farhod Tolipov va shu sohadagi boshqa mutaxassislar yangi o‘quv yilidan boshlab sevimli ishi bilan shug‘ullana olmaydi.

"3-4 universitetda shunaqa fakultetlar bo‘lardi. Viloyatlarda ham bo‘lgan bo‘lishi kerak. Chunki, dissertatsiya yoqlash bo‘yicha kengashlar bo‘lardi. Respublika bo‘yicha mana shunday 4 kengash bo‘lardi. Buning hammasi yopilib ketdi", - deydi Farhod Tolipov.

O‘zMu, Sharqshunoslik, Jahong iqtisodi va Diplomatiya oliygohlaridagi siyosatshunoslik fakultetlarining nima sababdan yopilgani borasida rasmiy izoh berilmagan.

2012-2013 o‘quv yili bo‘yicha oxirgi bitiruvchilar ushbu sohada diplomlarini olgan va bu sohaga abituriyentlarni qabul qilish 4 yil oldin to‘xtatilgan.

Siyosatshunoslik bo‘yicha aspiranturani bitirgan va hozirda Frantsiyada istiqomat qiluvchi Kamolliddin Rabbimov bu soha bo‘yicha mutaxassis yetkazib berish to‘xtatilganiga salbiy qaraydi.

"Munosabatim albatta salbiy. O‘ylaymanki, bu qarorning ostida siyosiy motivlar yotadi. Chunki siyosatshunoslik bu – hokimiyat, siyosiy rejimlar va ularning tabiati to‘g‘risidagi fan. Bu jamiyatning siyosiy tafakkurini rivojlantiradigan va uni detallashtiradigan muhim bo‘lgan soha".

Rabbimov janoblari O‘zbekistonda ko‘zga ko‘rinarli siyosatshunoslarning kamligini va bu sohadagi mutaxassislarn yetishtirib berish umuman to‘xtatilgani siyosiy qo‘rquv bilan bog‘liq ekanligini aytadi.

Milliy universitetda siyosatshunoslik fakultetida dars bergan Farhod Tolipov bu sohada ko‘plab ishlar qilingan bo‘lsa ham yosh politologlarga jamiyat tomonidan katta ehtiyoj bo‘lmaganini aytadi.

"Aslida shu vaqtgacha yosh politologlarga ish berish va ularga murojaat qilish ko‘p uchramagandi. Ularning ko‘plari o‘z kasbi bo‘yicha ishlamagan ham. Nafaqat politologiya balki Falfasa sohasida ham inqiroziy holatlar kuzatilayapti. Bu yerda gumanitar sohalarga nisbatan mutasaddilarning munosabati katta rol o‘ynaydi", - deydi Farhod Tolipov.

Tolipovga ko‘ra demokratik islohatlar kuchli bo‘lmagan davlatlarda siyosatshunoslarga nisbatan murojaatlar bo‘lishi amrimahol.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov O‘zbekistonda erkin gapira olish imkoniyati yo‘qligi tufayli siyosatshunoslarga talab yo‘qdek tasavvur paydo qilayotganini aytadi.

"E‘tibor bersangiz 30 millionli xalq uchun 5-6 ta siyosatshunos bor yoki yo‘q. Bu haqda gapiradigan, muammolarni ochiq oydin gapirishga imkon topadigan odamlarning o‘zi kam. Shundan kelib chiqiladiki, O‘zbekistonga siyosatshunos kerak emas. Aslida siyosatshunos faqat rejimni gapirishi shart emas. Jamiyatda sotsiolog va siyosatshunosga har doim ehtiyoj kuchli. Chunki dinshunoslik bilan kesishgan sohada siyosatshunos bo‘lish mumkin. Iqtisodiy masalalar bilan siyosatshunoslikni uyg‘unlashtirgan tadqiqotchi bo‘lishi mumkin. Bu soha O‘zbekistonda juda ham kerak", - deydi Kamolliddin Rabbimov.

Fakultetlar yopilgani sabab bu sohada dars bergan o‘qituvchilarning aksari ishsiz qolgbu sohaga yaqinroq bo‘lgan Jamiyatshunoslik kabi fakultetlarga ishga o‘tgan.

Siyosatshunoslarni tayyorlash O‘zbekistonda 1993 yili yo‘lga qo‘yilgan. O‘sha vaqti ushbu kasb davlatning demokratik rivojlanishi uchun kerakli bo‘lgan muhim kasb deya ko‘rilgan.