Futbol: Afg‘oniston o‘z tarixida ilk bor Oltin Kubokni qo‘lga kiritdi

Image caption Futbol Afg‘onistonda tobora ommalashmoqda

Futboldagi ayni g‘alaba Afg‘oniston milliy terma jamoasi o‘z tarixida qayd etgan eng yuksak natijasi bo‘ladi.

Final uchrashuvi asosan Hindistonning ustunligi bilan kechgan esa-da, Afg‘oniston o‘zi yaratgan qulay imkoniyatlardan unumli foydalandi. Yaxshi himoyalandi.

Uchrashuv 1-bo‘limining dastlabki daqiqalarida uyushtirgan ustma-ust hujumlari besamar ketmadi. Mustafo Ozodzoy kiritgan ilk to‘p hisobiga dastlabki 10-daqiqadayoq hisobda oldinga chiqib oldi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Sanjar Ahmadiy tomonidan kiritilgan ikkinchi to‘p esa, Afg‘onistonning final uchrashuvidagi g‘alabasini mutlaq ta‘minladi.

Hindiston yakuniy daqiqalarga qadar hujumga zo‘r bergan esa-da, o‘yinda hisobni o‘zgartirishga qodir bo‘lmadi.

Bu - Oltin Kubok uchun kurashayotgan ikki raqib jamoaning final bosqichida ikkinchi bor bir-birlariga qarshi to‘p surishlari bo‘ladi.

Ammo 2011 yilda bo‘lib o‘tgan final bellashuvi Hindiston hisobiga hal bo‘lgan va Afg‘oniston ikkinchi o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘lgandi.

Qisqa tarixcha o‘rnida

Afg‘oniston bu yilgi turnirning guruh bosqich saralash bellashuvlarini ketma-ket g‘alaba bilan boshlagan, Butan va Shri Lankani yirik hisobda mag‘lub etgan edi.

Ikki g‘alabasi ortidan, muddatidan ilgari yarim final bosqichiga chiqqan, ammo Maldivga qarshi guruh bosqich saralash uchrashuvlarining so‘nggisida durang natija qayd etgandi.

Shundan so‘ng ayovsiz va ta‘bir joiz bo‘lsa, dramatik kechgan yarim final uchrashuvida mezbon Nepalning kichik hisobdagi farq bilan yengib, final bosqichiga chiqqandi.

Afg‘oniston milliy terma jamoasi bilan taqqoslanganda, amaldagi Oltin Kubok sohibi ekaniga qaramay, Hindiston guruh bosqich saralash bellashuvlarida anchayin kamtar natija qayd etgan.

Image caption G‘alaba ortidan Afg‘oniston futbol ishqibozlari bayram boshlab yuborishdi

Olti karra Oltin Kubok sohibi bo‘lgan Hindiston bu yil ham turnir favoritlaridan biri sifatida ko‘rilgandi.

Ammo milliy terma jamoa bu gal Pokistonni yengib, Bangladesh bilan durang o‘ynagan va mezbon Nepaldan yengilib, yarim finalga bir amallab chiqqan.

Yarim final bellashuvida Maldivni mag‘lub etib, ketma-ket ikkinchi bor Janubiy Osiyo Futbol Uyushmasi Oltin Kubogining finalida to‘p surish huquqini qo‘lga kiritgandi.

Nepaldagi turnir 31 avgust kuni start olgan va bugungi final uchrashuvi bilan o‘z nihoyasiga yetadi.

Ushbu mintaqaviy turnirda an‘anaviy ravishda sakkiz davlat - Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, Shri Lanka, Maldiv, Nepal va Butan ishtirok etib kelishadi.

Ammo Afg‘oniston joriy paytda bu sakkiz ishtirokchi davlat orasidan 139-o‘rin bilan FIFA reytingida eng yaxshi natijani qayd etib turibdi.

Uni o‘tkazishdan maqsad esa, Janubiy Osiyo mintaqasida futbolni yanada rivojlantirish ekani aytiladi.

Afg‘oniston milliy terma jamoasi ushbu mintaqaviy turnirda 2005 yildan boshlab ishtirok etib keladi.

Bugungi raqibi Hindistonning ishtiroki esa, Janubiy Osiyo Futbol Uyushmasi Oltin Kubogi start olgan 1993 yilga borib taqaladi.