AQSh kuchlari Suriyaga hujum qilish uchun shay turadi

Image caption Barak Obama Suriyaldagi kimyoviy hujum aks etgan tasvirlarni "ko‘ngilni ozdiruvchi" deb tasvirladi

Prezident Obama Suriya muammosi tinch yo‘lda yechim topishini istashini aytdi. Biroq diplomatik choralar va bosimlar ish bermasa, AQSh kuchlari Bashar al-Assad tuzumiga qarshi hujum qilishini bildirdi.

AQSh prezidentiga ko‘ra, ularning kuchlari, baribir, Suriya tuzumi va harbiy nishonlariga qarshi shay holatga keltirib qo‘yiladi.

Suriya ilk bora kimyoviy qurollarini borligini tan oldi. Biroq bu qurollarni o‘tgan oy oxirida ishlatmaganini aytmoqda.

Damashq yaqinidagi mavzelarda o‘tgan 21 avgustda qo‘llangan kimyoviy qurollar yuzlab odamlarning yostig‘ini quritgan.

Ammo Prezident Assadga ko‘ra, isyonkor kuchlar uni qudratdan ketkazish uchun ataydan kimyoviy hujum uyushtirganlar.

Lekin AQSh prezidenti Barak Obamaning aytishicha, Bashar al-Assadning odamlari kimyoviy qurollarni hujumga tayyorlab, zarin gazi aralashtirishgani va o‘z askarlariga gazdan asrovchi niqoblar tarqatishgani avvaldan ma‘lum bo‘lganini aytgan.

"Hujum bo‘lgan joydan olingan tasvirlar ko‘ngilni ozdiradi" - dedi Prezident Obama o‘z telemurojaatida - "Bu insoniyatga qarshi jinoyat va urush qonun-qoidalarini buzish ekanligini insoniyat ana shu mash‘um tunda angladi".

Hozir Rossiya taklif bilan chiqib, Suriyaning kimyoviy qurollarini xalqaro nazoratchilar tekshirishi va keyin yakson qilishi kerak, demoqda.

Suriya bunga rozi. Ammo AQSh va ittifoqchilari rasmiy Damashqqa ishonchsizlik bilan qarashmoqda.

Vashingtonga ko‘ra, Suriya prezidenti Bashar al-Assad tarafidan kimyoviy qurollarning qo‘llanishi nafaqat Suriya xalqiga, balki AQSh xavfsizligiga ham tahdiddir.

"Dunyodagi boshqa zolim hukmdorlar bu qurollarni qo‘lga kiritish va yo qo‘llash haqida o‘ylamasliklari lozim" - deb aytgan Prezident Obama.