G‘arblik jihodchilar al-Amrikiy va al-Britoniy "o‘ldirilgan"

Image copyright BBC World Service
Image caption Al-Amrikiy o‘zining jihodiy rep qo‘shiqlari bilan mashhur edi

AQSh va Britaniyadan bo‘lgan ikki nufuzli Islomiy jangariyalar al-Shabab guruhi bilan chiqisholmay qolishi ortidan o‘ldirilganlar. Bu haqida guvohlar BBCga ma‘lum qilishdi.

Al-Amrikiy laqabi bilan tanilgan Omar Hammomiy va Usamo al-Britoniy laqabi bilan tanilgan asli pokistonlik Britaniya fuqarosi poytaxt Mogadishuning janubi-g‘arbidagi qishloqda tongda yuz bergan hujumda nobud bo‘lishgan.

Ular bu yil al-Shabab safidan chiqib ketishlari ortidan yashirinib yurgan edilar.

Avval ham bir necha bor al-Amrikiy o‘lgani haqida xabarlar chiqqandi.

Mart oyida AQSh Davlat departamenti al-Amrikiyni tutishga yordam beruvchi har qanday ma‘lumot uchun 5 million dollar mukofot pulini e‘lon qilgandi.

"O‘tkir zehnli sinfkom"

Al-Amrikiyga bo‘ysungan jangchilardan biri BBCga o‘z qo‘mondoni va al-Britoniy Dinson shahriga yaqin qishloqda al-Shababga yengilganini bildirdi.

U al-Shabab bu ikki g‘arblikning jasadlarini o‘z bilan olib ketganini aytdi.

Unga ko‘ra, ularning yana bir ittifoqchisi bo‘lmish misrlik Xadap al-Masariy taslim bo‘lgan.

Mahalliy yashovchilar va al-Shabab ichidagi yuqori darajali manba ikki jihodchining o‘limini tasdiqladilar.

Ikki g‘arblik jihodchi iyun oyida al-Shababdan ajralib chiqqan nomdor Islomiy jangari Shayx Hassan Dahir Aveysning ittifoqchilari bo‘lishgan.

Shayx Hassan Dahir Aveys hozirda BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi Somali hukumati turmasida saqlanmoqda.

BBCning Somali xizmati tahlilchisi Muhammad Muhammadning aytishicha, al-Shabab ajralib chiqqan janob Aveysning tarafdorlariga ovni boshlagan.

Janob Aveys al-Shababning rahbari Ahmad Abdi Godandan mo‘‘tadilroq deb ko‘riladi. Ahmad Abdi Godan xalqaro jihod maqsadlariga ega.

Al-Amrikiy YouTubeda paydo bo‘lgan o‘zining rep usulidagi jihodiy qo‘shiqlari bilan nom chiqargandi.

U Alabama shtatining Dafni shahrida katta bo‘lgan. Uning Dafnidagi do‘stlari u maktabda o‘zining o‘tkir zehni va hammaga yoqadigan xarakteri bilan nom chiqargani, va sinfkom bo‘lganini aytishgan.

Image caption Al-Shabab bugunda xalqaro jihod maqsadlariga ega

Uning maktabdoshlaridan biri Jeyms Kalveyxausga ko‘ra, uning otasi suriyalik sunniy musulmon, onasi esa janubiy baptist nasroniy bo‘lishgan.

Janob Kalveyxaus BBCga al-Amrikiyning radikallashuvi u 2011 yilda o‘smir bo‘lib Suriyaga safar qilganidan so‘ng boshlanganini aytdi.

Yillar osha u tobora an‘anaviy Islomga amal qila boshlagan, va o‘z otasidan ham an‘anaviyroq bo‘lib yetishgan.

U 2006 yilda Somaliga ko‘chib o‘tib, al-Shabab safiga qo‘shilgan va guruhdagi eng yuqori darajali lavozimlardan birini egallagan.

Fatvo

Somalida ikki xorijiy jangarining o‘limi borasidagi xabar chiqishidan bir kun avval 160 nafar yetakchi Islomiy ulamolar al-Shababga Islomda o‘rin yo‘q deya fatvo chiqarganlar.

Nayrobida joylashgan tahlilchi Muhammad Abdullahiyning BBCga aytishicha, bu qadar nufuzli ulamolar tomonidan chiqarilgan fatvo ko‘plarning al-Shababga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishi mumkin, biroq guruh rahbariyatini yo‘ldan qaytarmasa kerak.

"Fatvoda al-Shababga boshpana bermang, dastak bermang, ular haqida xavfsizlik kuchlarini ogoh qiling deyiladi", - deydi tahlilchi.

Biroq, unga ko‘ra, al-Shababga iqtisodiy nochorlik tufayli qo‘shilgan yoshlarga ish joylari va imkoniyatlar yaratib berish kerak.

Fatvo Prezident Hassan Shayx Muhammad tomonidan uyushtirilgan aksil-ekstremizm anjumani yakunida e‘lon qilingan.

U Somali prezidentligiga bir yil avval saylanar ekan, 20 yildirki davom etayotgan janglarga nuqta qo‘yishni va‘da qilgandi.

Hukumatparast qo‘shinlar al-Shababni qator muhim shaharlardan siqib chiqarishgan, lekin guruh hamon kichikroq shaharlar va qishloqlarni nazorat qiladi.

Your contact details
Disclaimer