Putin Suriya masalasida Amerika xalqiga murojaat qildi

Putin Image copyright s
Image caption Putin janoblariga ko‘ra, Suriyaga qarshi harbiy amaliyotlar yaxshilikka yetaklamaydi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Amerika xalqiga Suriya inqirozi yuzasidan shaxsiy murojaat bilan chiqqan.

AQShda chop etiladigan Nyu York Tayms gazetasida bosilgan maqolasida Putin janoblari Suriyaga qarshi harbiy hujum terrorizmning yangi to‘lqiniga turtki berib yuborishi mumkinligidan ogohlantiradi.

"Hujum zo‘ravonlikni kuchaytiradi va terrorizmning yangi to‘lqini jilovini qo‘yib yuboradi. Eron yadro muammosi va Isroil-Falastin mojarosini hal etishga qaratilgan ko‘ptomonlama sa‘y-harakatlarni izdan chiqaradi. Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikani yanada beqarorlashtiradi. Butunboshli xalqaro qonun tizimi va tartibni muvozanatdan chiqarib yuboradi", deya ta‘kidlaydi Vladimir Putin.

Putin janoblari yaqin o‘tmishda yuz bergan hodisalar uni "Amerika xalqi va siyosiy rahbarlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirishga" undagani haqida aytgan.

"Ko‘plab mamlakatlar, yirik siyosiy va diniy yo‘lboshchilar, jumladan, Papaning qattiq qarshiligiga qaramay, Qo‘shma Shtatlar Suriyaga qarshi hujum uyushtiradigan bo‘lsa, oqibat begunoh qurbonlar va ko‘tarilish, ixtilofning Suriya chegaralaridan tashqari chiqishiga yetaklaydi", deydi Rossiya Prezidenti.

Putin janoblari Suriya hukumatini emas, "balki xalqaro qonun"ni himoya qilayotganini aytadi.

Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar demokratiya modeli emasligi, shafqatsiz kuchga suyanishini millionlab odamlar ko‘rib turibdi.

Bugun kechda Jenevada Amerika va Rossiya Tashqi ishlar vazirlari Suriyaning kimyoviy qurol-yarog‘lari bo‘yicha muzokara olib boradi.

Oldinroq esa, Suriya Prezidenti Bashar al-Assadning ittifoqchisi mazkur qurollarni yo‘q qilishdan oldin xalqaro hamjamiyat nazoratiga topshirishni taklif qilgandi.

Damashq ushbu taklifni qisman qabul qilgan va AQSh rahbari Barak Obama bunga javoban diplomatik sa‘y-harakatlarga imkon berishi haqida bildirdi.

Qo‘shma Shtatlar Suriya hukumatini o‘tgan oy Damashq yaqinida kimyoviy hujum uyushtirganlik va yuzlab odamlarni o‘ldirganlikda ayblaydi.

Suriya esa, bu ishda isyonkorlar mas‘ul ekanini ta‘kidlaydi.

Suriyaning ichkarisida hukumat armiyasi aksar nasroniylar istiqomat qiluvchi Maloula shahri nazoratini qayta qo‘lga olishga urinmoqda.

Hozir shaharda Al-Qoidaga aloqasi bo‘lgan Al-Nusra Jabhasi a‘zolari o‘rnashib olishgani xabar qilinadi.

BBCning Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha muharriri Jeremi Boven chorshanba kuni Maloulaga borgan va janglar davom etayotgani haqida aytgandi.