Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Suriya masalasida Rossiyani taklifini dastakladi

Image copyright RIA Novosti
Image caption Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a‘zo davlatlar Suriya masalasida Rossiya taklifini qo‘llab-quvvatlashdi

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a‘zo davlatlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda Rossiya tarafi Suriya masalasida Xitoy, Eron va Markaziy Osiyo davlatlari dastagini olishga muvaffaq bo‘ldi.

Hozir Suriyada kimyoviy qurollar ishlatilgani da‘volari bois AQSh va uning ittifoqchilari Bashar al-Assad tuzumiga qarshi hujumlar haqida gapirishmoqda.

Ammo Rossiya ushbu qurollarni xalqaro nazoratga topshirib, yakson etish evaziga Suriyaga hujum qilmaslik taklifini ilgari surmoqda.

Bishkekdagi sammitda gapirgan O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Suriya masalasida Rossiyaning taklifini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

"Suriya muammosi dunyo e‘tibori markazida qolmoqda. Biz Bishkek deklaratsiyasidan o‘rin olgan Rossiyaning Suriya kimyoviy qurollarini xalqaro nazorat ostiga qo‘yish va Suriyaning kimyoviy qurollarni taqiqlash va ularni yo‘q qilish konventsiyasiga qo‘shilishi haqidagi taklifini qo‘llab-quvatlaymiz. Yanada muhim nuqtasi - Rossiya prezidenti Vladimir Putin ko‘p marta ta‘kidlaganidek, Suriya inqirozini Suriya chegaralaridan tashqariga yo‘l qo‘ymaslikdir", - deb aytgan Islom Karimov.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a‘zo davlatlarning Bishkekdagi uchrashuvi bir tarafdan Xitoyning Markaziy Osiyo bo‘ylab oshayotgan ta‘sirini ta‘kidlaydi.

Ikkinchi tomondan esa, Rossiya va Xitoy atrofida sobiq Sovet Markaziy Osiyosi hamda Eron kabi davlatlarni ham jiplastirishga urunish jarayoni ko‘zga tashlanadi.

Hozir Xitoy mintaqada temir yo‘llar va neft-gaz quvurlari qurish, bozorlar tashkil etish bilan o‘z nazoratini kuchaytara boshlagan.

Xitoy Markaziy Osiyoni qanday hamkor sifatida ko‘radi?

BBC bu borada Xitoy va Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchi doktor Aleks Pitersonda so‘radi.

Aleks Piterson: Pekinda bu borada qandaydir ulkan rejalar bor deb o‘ylamayman. Tadqiqotlarimizga qarab aytishim mumkin, Xitoy o‘zi bilib-bilmay mintaqada yirik saltanatga aylanib qolmoqda. Sababi iqtisodining shiddat bilan o‘sganidir. Markaziy Osiyo va Xitoydagi iqtisodiy o‘sish juda ham katta farq qiladi. To‘g‘ri, Markaziy Osiyoda tijorat yuritish juda qiyin. Lekin Xitoy bu yo‘lda qattiq harakat qilmoqda. Hozir yuz minglab xitoylik kichik tojirlar arzon-garov Xitoy mollarini Markaziy Osiyoga olib kirishadi. Shu asno xitoyliklar boshqa raqiblarni Markaziy Osiyo bozorlaridan siqib chiqarishmoqda. Lekin bu Xitoyning bosh maqsadi deyish mushkul. Balki tabiiy tarzda yuzaga kelgan holatdir. Bu holat esa Markaziy Osiyoda yirik o‘zgarishlarni yasamoqda.

BBC: Lekin Markaziy Osiyo Rossiyaning tomorqasi sanaladi. Hozir bu tomorqaga Xitoyning ko‘z olayotirayotgani Shanxayda ikki yetakchi kuch - Moskva va Pekin aloqalariga qanday ta‘sir qilmoqda?

Aleks Piterson: Rossiya va Xitoy qilayotgan rasmiy bayonotlarda o‘rtada raqobat va yo taranglik yo‘qligini urg‘ulashadi. Lekin manzaraga chuqurroq qarasangiz, ahvol butunlay teskari. So‘nggi 4-5 yil ichida aynan Shanxay hamkorligi doirasida raqobat yuzaga kelmoqda. Chunki Shanxay - Xitoy yetakchilik qiladigan guruh. Bu tashkilot orqali Xitoy kimgadir yordam ko‘rsatadi, Markaziy Osiyo bilan muloqotga kirishadi. Ayni damda, Rossiya prezidenti bot-bot takrorlayotgan Ovro‘osiyo Ittifoqi ham bor. G‘arb buni ko‘pincha aksil g‘arb, aksil NATO va aksil Ovro‘po ittifoqi deb izohlaydi. Ammo aslida bu zimdan Xitoyning sobiq Sovet xududlariga yoyilayotgan ta‘siriga qarshi kuch sifatida yuzaga chiqayotgan bo‘lishi mumkin.

BBC: Bishkekdagi Shanxay uchrashuvi Suriya va Afg‘oniston masalasida o‘z munosabatini bildirmoqda. Unga Rossiya va Xitoy yetakchilik qilayapti. Xullas, qandaydir ma‘noda u AQSh boshchiligidagi g‘arb ittifoqiga muqobil bir guruh sifatida o‘rtaga chiqayapti, deyish mumkinmi?

Aleks Piterson: Shanxay hamkorligi avval boshdanoq kelajak ittifoqi sifatida o‘rtaga chiqqan. Va hali ancha payt kelajakning bir tashkiloti bo‘lib qolsa kerak. Chunki, Shanxay hamkorligi ichi bo‘sh tashkilot. Masalan, Toshkentdagi aksil terror markazini oling. Bu hali jiddiy bir institut sifatida shakllangani yo‘q. Ammo bu tashkilot Xitoy uchun o‘z ta‘sirini yoyadigan kuchli vositadir. Shu asno Xitoy Markaziy Osiyodagi Rossiya ta‘sirini pasaytirmoqchi, balki butunlay yo‘qotmoqchi.

BBC: Lekin Shanxay aslida turfa g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan tashkilot ham emasmi? Masalan, mintaqa uchun juda muhim ichki ishlarga aralashmaslikni shior qilgan, ekstremizm va fundamentalizmga qarshi kurashuvchi bir guruh sifatida tug‘ilgan. Bu barcha a‘zolarga ma‘qul birlik emasmi?

Aleks Piterson: To‘g‘ri. Lekin bu yerda Qirg‘iziston ayni qoliplarga to‘g‘ri kelmaydigan yagona mamlakat. Shu qatorda o‘zining ulkan gaz boyliklari tufayli Xitoy uchun eng muhim mamlakat bo‘lmish Turkmaniston Shanxay tashkilotiga a‘zo emas. Ammo Shanxay hamkorligi qaysidir ma‘noda avtoritar yakkahokim rahbarlarning klubi degan laqab ham olgandi. Ammo Xitoyning mintaqada o‘z ta‘sirini oshirishdek bir maqsadi oldida bu voqeliklar unchalik katta ahamiyat kasb etmaydi.