Afg‘onistondagi kon cho‘kishida 27 kishi halok bo‘lgan

Image copyright BBC World Service
Image caption Afg‘onistondagi ishchilar xavfsizligi talabga javob bermaydigan konlarda bu kabi hodisalar tez-tez yuz beradi

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, Afg‘oniston shimolidagi konlardan birining cho‘kishi natijasida 27 kishi halok bo‘lgan, 20 nafari yaralangan.

Yer ostida yana 13 konchi qolib ketgani haqida xavotirlar bor.

Mahalliy hokimiyat matbuot voizi Sodiqulloh Aziziyning aytishicha, fojea Kobuldan 215 chaqirim masofada joylashgan Samangan viloyatining Obxo‘rak konida yuz bergan.

Kon joylashgan tuman xavfsizlik jihatdan toliblar hujumidan xoli tinch joy hisoblanib kelgan.

Konchilar ishlayotgan payt kon cho‘kib tushgani qurbonlar sonini oshirgan.

Politsiyachi Omonullaga ko‘ra, falokat sodir bo‘lganda yuzlab odamlar bel va ketmon ko‘tarib yordam berishga chopishgan. Ayni paytda ham qutqaruv amallari ketayotgani xabar qilinadi.

Afg‘onistondagi ishchilar xavfsizligi talabga javob bermaydigan konlarda bu kabi hodisalar tez-tez yuz beradi.

Ishchilar eski asbob-uskunalar yordamida, havo yaxshi aylanmaydigan va himoya vositalari juda kam bo‘lgan sharoitlarda mehnat qilishadi.

Ko‘mir sanoati uzoq yillik urushlar xarob qilgan qashshoq mamlakat iqtisodi uchun juda muhim sanaladi.

Afg‘on hukumati mamlakatda bor bo‘lgan tabiiy boyliklardan ko‘proq foyda ko‘rish va xorij investitsiyalarini jalb qilish bilan mamlakat iqtisodini ko‘tarishni xohlaydi.

Lekin Afg‘onistondagi notinch va kelajakdagi noaniq vaziyat chet ellik investorlarning ehtiyotkorona yo‘l tutib mablag‘ sarflashga undamoqda.