Anji: "Odil Ahmedov ishqibozlar savollariga javob beradi"

Image copyright Anzhi

Bu haqda o‘zbekistonlik futbolchi to‘p suruvchi Maxachqal‘aning "Anji" jamoasi rasmiy web sahifasida e‘lon qilingan.

Web sahifada bildirilishicha, 2011 yildan buyon dog‘istonlik milliarder Suleyman Kerimov jamoasida to‘p surib kelayotgan Odil Ahmedov "Anji"ning Twitter akkaunti orqali futbol muxlislari bilan muloqotga chiqadi.

E‘londa futbol ishqibozlaridan o‘z savollarini #SprosiOdila xeshtegi orqali yuborishlari so‘raladi.

Ayon bo‘lishicha, Odil Ahmedov bilan Twitter-muloqot 17 sentyabr kuni Moskva vaqti bilan 19:30 (Toshkent vaqti bilan esa, kech soat 20:30) da boshlanadi.

"Anji" jamoasi rahbariyati o‘tgan avgust oyi boshida o‘z byudjetini keskin qisqartirishi va yulduz futbolchilarini sotishini e‘lon qilgan edi.

Ammo "Anji" matbuot voizi BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida Odil Ahmedovning "klubda qolish, yordam berish ahdida qat‘iy ekani va jamoa unga qattiq orqa" qilishini bildirgandi.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik futbolchining Maxachqal‘a jamoasi bilan shartnomasi 2015 yilda o‘z poyoniga yetadi.

O‘z o‘rnida, shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, Odil Ahmedovning futbol ishqibozlari bilan Twitter-muloqoti O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini butkul boy berishi ortidan bo‘lib o‘tmoqda.

Odil Ahmedov ham a‘zosi bo‘lgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘tgan hafta har ikki o‘yin natijasiga muvofiq, Osiyo mintaqasi pley-off bosqichini Iordaniyaga boy bergandi.

O‘zbekiston dastlabki pley-off bosqichi taqdirini hal qilgan javob uchrashuvini Iordaniyaga penaltilar seriyasida yutqazgan va raqib darvozasini zabt etolmagan ikkita to‘pdan bittasi Odil Ahmedov hisobiga to‘g‘ri keladi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, Odil O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng ko‘zga ko‘ringan futbolchilaridan biri sanaladi.

U 2012 yilda o‘zi hozir to‘p surayotgan "Anji" klubida ham o‘tgan mavsumning "Eng zo‘r futbolchisi", deb topilgandi.

Odil klub ishqibozlari, murabbiylari va rahbariyati tomonidan berilgan ovoz berish natijasi bo‘yicha, jahon futboli yulduzlari bo‘lgan jamoadoshlari Samuel Eto'O va Roberto Karloslarni ham ortda qoldirgandi.

Rahbariyatining jiddiy islohotlarga oid qarori ortidan esa, "Anji" Rossiya Oliy ligasida o‘tkazgan to‘rtta uchrashuvining dastlabki ikkitasida ketma-ket mag‘lubiyatga uchragan, qolgan ikki o‘yinida durang natija qayd etgan.

Jamoa 19 sentyabr kuni Ovro‘po Ligasi guruh bosqich saralash bellashuvlarini boshlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Maxachqal‘a klubi o‘tgan mavsumda o‘z tarixida ilk bor Ovro‘po Ligasining nimchorak finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

"Anji" joriy paytda Rossiya Oliy Ligasi turnir jadvalida 16 jamoa orasida 8 o‘yindan 4 ochko to‘plagan holda 14-o‘rinni egallab turibdi.

Yaqinda start olgan yangi mavsum arafasida esa, "Anji" g‘oliblikka asosiy da‘vogarlardan biri sifatida ko‘rilgandi.