HRW: Huquq faoli Bobomurod Razzoqov ozod qilinsin!

Image caption "Bobomurod Razzoqov o‘zining olib borgan huquqbonlik faoliyati uchun jazolanmoqda"

Human Rights Watch O‘zbekistondagi "Ezgulik" inson haqlarini himoya qilish tashkiloti Buxoro bo‘limi rahbari Bobomurod Razzoqovning ozod etilishini talab qilib chiqqan.

O‘zbek hukumati taniqli huquq faoliga nisbatan jinoiy ishni to‘xtatib, uni zudlik bilan ozod qilishi kerak, deyiladi xalqaro inson huquqlari tashkiloti murojaatida.

Bobomurod Razzoqov 10 iyulda "odam savdosi"ga aloqadorlik aybi bilan hibsga olingan. Huquq faollariga ko‘ra, Bobomurod Razzoqov o‘zining olib borgan huquqbonlik faoliyati uchun jazolanmoqda.

Human Rights Watch o‘z navbatida AQSh va Ovro‘po Ittifoqini O‘zbekiston hukumatiga bosim o‘tkazishga va aybsiz qamalgan huquq faollarini ozod etilishiga erishishga chaqirgan.

Bobomurod Razzoqovga qo‘yilayotgan ayblovlar bilan unga sakkiz yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Bobomurod Razzoqov ustidan mahkama jarayoni 16 sentyabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilyapti.

Huquq faolini hibsga olinishidan oldin bir necha bor Ichki ishlar xodimlari chaqirib, huquqbonlik faoliyatini to‘xtatishga undashgan.

O‘zbekistondagi qonunbuzarliklarga qarshi imkoni yetgancha kurashib kelgan Bobomurod Razzoqov mamlakatda ro‘yxatga olinmagan "Erk" muxolif partiyasining a‘zosi hisoblanadi.