Rossiyada millatchilar tramvaylarni muhojirlardan tozalashmoqda

Image copyright 4vsar.ru

Rossiyaning Saratov shahrida yakshanba kuni rus millatchilar guruhi "Oq vagon" aktsiyasini o‘tkazganlar. Mazkur aktsiyaga binoan, millatchilar tramvaylarga Qofqoz va Osiyodan kelib chiqqan odamlarni kiritmaslikka qaror qilganlar.

Bu haqida Rossiyaning "Chetvertaya vlast" sayti xabar tarqatdi.

Saratov shahrining "Bolalar parki" yonidan №3 tramvayiga chiqqan millatchi yoshlar vagonning eshiklari oldida turib olib, faqat slavyan ko‘rinishiga ega bo‘lgan fuqarolarning kirishiga ruxsat berganlar.

Saytda yozilishicha, ziddiyatlar yuzaga kelmadi, chunki tramvay eshiklari oldida turgan niqobli yigitlarni ko‘rgan muhojirlar hatto vagonga chiqishga harakat ham qilishmadi.

Safar davomida aktsiyaning ishtirokchilaridan biri tramvaydagi yo‘lovchilarga yuzlanib, "Russkaya probejka" harakati ishtirokchilari va qofqozliklar o‘rtasida avvalroq yuzaga kelgan mushtlashuv haqida so‘zlab bergan.

Bu mushtlashuvda millatchi rus safdoshlari jarohat olganini aytgan voiz so‘ngra yo‘lovchilarni o‘z millati taqdiriga befarq qolmaslikka chaqirgan va millatchi yig‘inlarga qo‘shilishga undagan.

Image copyright 4vsar.ru
Image caption Millatchilar tramvay eshiklarini nazorat qilishdi

Saytning xabar qilishicha, politsiya hech kimni mazkur chaqiriqlar yoki aktsiya uchun hibsga olmagan.

Tramvaydagi o‘zboshimchalikdan avvalroq millatchilar guruhi Chernыshevskiy yodgorligi qarshisida yig‘ilib, qofqozliklar va osiyoliklarning mahalliy aholiga qarshi go‘yoki uyushtirayotgan hujumlarini qoralashgan.

Millatchilarga, xabarda yozilishicha, "mazkur muammoga befarq bo‘lmagan 40-50 oddiy fuqarolar ham qo‘shilganlar".

Qatnashchilar muhojirlar ularga qanday tahdid solishi haqida so‘zlaganlar.

"Ko‘chaga chiqsang, ular bizga baqirishadi, ey sen, russkiy, buyoqqa kel, biz seni cho‘chqadek so‘yamiz, deyishadi", - deb aytgan Fyodor ismli bir ishtirokchi.

"Biz o‘z ona shahrimizda bizni otib o‘ldirishadi, yo so‘yishadi, deb qo‘rqib yashashni istamaymiz", - deb aytgan yana bir ishtirokchi.

Xabarlarga binoan, aktsiyani kuzatishga jamoatchilik bilan aloqa va milliy siyosat qo‘mitasining raisi Boris Shinchuk kelgan, biroq u ishtirokchilarni sal chetroqdan turib kuzatgan.

Rossiya bo‘ylab oxirgi ikki oy ichida muhojirlardan tozalash, ya‘ni "zachistka" aktsiyalari avj olgan. Millatchilar Moskva, Sankt-Peterburg va boshqa yirik shaharlarda bozorlarda savdo bilan shug‘ullanayotgan markaziy osiyolik va qofqozlik ko‘rinishiga ega odamlarni siquvga olganlar.

Natsistlar salyutini bergan millatchilar aksar aktsiyalarini Rossiya politsiyasining ko‘z ostida, va ba‘zi hollarda politsiyaning hamkorligi bilan amalga oshirmoqdalar.