Rossiya va Amerika Suriyadagi kimyoviy qurol masalasida kelishdi

Image copyright Reuters
Image caption Moskva va Vashington rasmiylari Suriyadan qaysi turdagi kimyoviy qurol keltirilishi va yo‘q qilinishini kelishib olganlar

Suriya BMT tekshiruvchilariga o‘zidagi kimyoviy qurollar zahirasini ko‘rsatishi va ularni yakson qilib tashlanishiga imkon yaratishi kerak.

Bu boradagi kelishuvga Jeneva shahrida Amerika Davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov muzokaralari yakunida erishilgan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Moskva va Vashington Suriyadan qaysi turdagi kimyoviy qurol keltirilishi va yo‘q qilinishini kelishib olganlar.

Janob Kerri olti qismdan tashkil topgan harakat rejasini tuzib chiqqan. Unga ko‘ra, rasmiy Damashq bir hafta ichida o‘zi ega bo‘lgan kimyoviy qurol ro‘yxatini taqdim etishi lozim.

Shuningdek Kerri janoblari Jenevadagi kelishuv BMTda bu boradagi rezolyutsiya qabul qilinganidan keyin kuchga kirishini bildirgan.

Tomonlar Suriya zimmasidagi mas‘uliyatni bajarmagan taqdirda rezolyutsiyada harbiy kuch ishlatish bandi kiritilishi kerakmi, degan masalada turli fikrda qolgan.

Ayni paytda Suriya muxolifati mazkur kelishuvni rad etdi.

O‘zlarini "Ozod Suriya armiyasi" deb atagan muxolifat yetakchilaridan general Salim Idris amerikaliklarni Rossiya tashabbusiga laqqa tushmaslikka chaqirdi va muxolifat Bashar-al aAsadga qarshi kurashini davom ettirishini aytdi.

Ayni damda Damashq atrofida hukumat qo‘shinlari va isyonchilar jangi davom etgan. Guvohlar Suriya armiyasi uchoqlardan bombardimon uyushtirganini xabar qilishdi.

"Suriyada kimyoviy qurol qo‘llanilgan"

Image copyright Reuters
Image caption BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Suriya Prezidentini insoniyatga qarshi jinoyatda ayblagan

Keyingi haftada e‘lon qilinishi kutilayotgan BMT tekshiruvchilari hisoboti Suriyada o‘tgan oy kimyoviy qurol qo‘llanilganini tasdiqlaydi, deb aytgan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun.

Janob Mun shu bilan birga 21 avgustda Damashqning Guta tumanidagi hujumga kim aybdorligini ochiqlamagan.

BMT mutaxassislari zimmasiga kimyoviy hujum mas‘ullarini aniqlash kirmaydi.

Shuningdek Pan Gi Mun Suriya Prezidenti "insoniyatga qarshi jinoyat"ni sodir etgandir, degan.

"Men ishonamanki, hammasi nihoya topgach, aybdorlar albatta javob berishi kerak", deb aytadi BMT bosh kotibi.

AQSh va Rossiya Tashqi ishlar vazirlari uch kun Jenevada Suriyadagi kimyoviy qurollarga doir muzokaralarni davom ettirishdi.

Xabarlarga ko‘ra, muzokaralar ikki yo‘nalishda - ham diplomatik, siyosatchi va diplomatlar ishtirokida, ham tahlilchilar bilan birga Rossiya rejasi hayotga tadbiq etiladigan bo‘lsa, qaysi jihatlar aniq ko‘zda tutilishi borasida o‘tkazilgan.

Image copyright AFP
Image caption Suriyada Bashar al-Assad tarafdorlaridan biri

Juma kuni kechqurun Rossiya Tashqi Ishlar vakilining aytishicha, Lavrov va Kerri tunda muzokaralarni davom ettirishadi.

"Bu esa vaziyatda ancha siljish borligini ko‘rsatadi... Hozir haqiqiy muzokaralar ketmoqda, ular muammoni hal qilish ustida ishlashmoqda", deydi Rossiya vakili Reuters agentligiga.

Rossiyaning Suriyadagi kimyoviy qurollarni xalqaro nazorat ostiga topshirish va yo‘q qilish taklifidan so‘ng janob Obama harbiy amaliyotlarni Kongressda ovozga qo‘yib tasdiqlanishini bekor qilgandi.

Shu bilan birga Oq Uy rasmiylari BMT rezolyutsiyasi bilan nazorat ostiga olinadigan kimyoviy qurollarga doir qonun buzilgan taqdirda harbiy aralashuv bilan mustahkamlashni talab qilib chiqishi bahsli muzokalarga sabab bo‘ldi.

Qo‘shma Shtatlar Amerika BMT roziligisiz harbiy harakatni amalga oshirish huquqini saqlab qolish niyatini bildirdi.

Jenevadan oxirgi xabarlarga qaraganda, BMTning Suriya bo‘yicha rezolyutsiyasida AQSh talab qilgan harbiy kuch ishlatish bandi bo‘lmaydi.

Oldinroq Rossiya BMTning har qanday rezolyutsiyasiga harbiy aralashuv sharti kiritilishiga qat‘iyan qarshi chiqqan edi.