Qashqadaryoda paxta terimiga borgan talaba qiz tok urib o‘lgan

Image caption O‘zbekiston dalalarida bolalar mehnatidan foydalanish davom etmoqda

Huquqbon Abdujalil Boymatovning qashqadaryolik faollarga iqtibosan xabar berishicha, 9 sentyabr kuni viloyatning Koson tumanidagi Hilol aholi maskanida joylashgan "Agro-sanoat" kollejining 2 kurs talabasi, 16 yashar Mahliyo ismli qiz paxta mavsumining qurboni bo‘lgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, talabalar kechki vaqtda paxta yig‘im-terimidan kaytib kelayotganida, Mahliyo kollej yaqinidagi lotokdan qo‘lini yuvayotganida sirpanib keta boshlagan.

Suvga yiqilib tushishdan xavotirlangan Mahliyo lotok yonidagi elektr simyog‘ochini tutgan. Voqea joyida bo‘lgan boshqa manbaning faollarga gapirib berishicha, bu tungi yorituvchi ko‘cha fonari bo‘lgan. Simyog‘ochda esa ochiq holdagi, izolyatsiya qilinmagan sim tufayli qizni tok urgan.

Kolledj ma‘muriyati xodimlari uni qay usulda tokdan ajratishgani malum emas. Qizni zudlikda shu kollej xo‘jalik ishlari mudirining mashinasida Qashqadaryo viloyat "Tez tibbiy yordam" kasalxonasiga olib borishgan.

Biroq Mahliyo yo‘ldayoq olamdan o‘tgan ekan. Mahliyo Hilol yaqinidagi Saroy qishlog‘ida istiqomat qilgan.

Nega bu mudhish voqea kollejga yaqin joyda sodir bo‘lganligiga oydinlik kiritib berishni so‘ragan faollarga o‘quv yurtdagi manba talaba qizlar kollej yotoqxonasida, o‘g‘il bolalar esa xovlidagi chodirlarda yotib, paxta terishganini aytgan.

Mahliyo oiladagi uch farzanddan biri bo‘lgan. Hali 16 yoshdagi bu qiz "paxta siyosati" tufaylik bu olamni erta tark etdi. Endi Mahliyo uchun, uning erta tugagan hayoti uchun kim javobgar?

O‘zbekiston hukumati yillarki paxta-yig‘im terimida majburiy bolalar mehnatidan foydalanayotganlikda xalqaro tanqidlar ostida qolib keladi.

O‘tgan yildan boshlab paxta mavsumida bolalar mehnatidan foydalanmaslik aytilib, ularning o‘rniga barcha soha vakillari yoppasiga paxta terimiga jalb qilingan edi.

Lekin huquq faollari respublika dalalarida hamon bolalar paxta terayotganini xabar berishgan.

O‘zbekiston rasmiylari esa bu kabi hollar amalda ekanini rad qilib, ba‘zida bolalar ko‘ngilli ravishda ota-onalariga yordam berishayotganini bildirishgan.

Bugungi kunda maktab o‘quvchilari paxtaga olib chiqilmayotgani rasmiylar tomonidan aytilsada, kollej yoshidagi 15-16 yoshli o‘smirlar har galgidek majburiy paxta terimiga jalb qilinmoqda.