UzWebiston: Chetga chiqqan o‘zbeklar haqida kim nima yozmoqda?

O‘zbekiston kinoteatrlarida odam savdosi mavzusiga bag‘ishlangan "Qadamlar" badiiy filmini namoyish etish boshlangan.

Bu haqda Darakchi.uz web-sayti xabar qiladi.

"Odam savdosi bugungi kunning eng global muammolaridan biri hisoblanadi. Ushbu illat mamlakatimiz uchun ham o‘ta dolzarb sanaladi. Shu bois respublikamizda uni bartaraf etishga jiddiy e‘tibor qaratilmoqda. Ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarga erishishda, albatta, targ‘ibot-tashviqot ishlari ham muhim o‘rin tutadi. Xususan, mazkur muammoning mudhish oqibatlarini aholiga ta‘sirchan usulda ko‘rsatib berish, shu orqali ularni ogohlikka chaqirish, aldanib qolishdan asrash, qolaversa, bugungi tinch, osuda va farovon hayotimizning qadriga yetishga chorlashda kino asarlarning ahamiyati katta", deb yozadi taniqli ro‘znoma internet sahifasi.

"Qadamlar" filmi xorijiy mamlakatda odam savdosi qurboniga aylangan yoshlar haqida hikoya qiladi.

"Filmda jinoyatchilarning shirin va‘dasiga uchib, og‘ir mehnat sharoitiga tushib qolgan yosh yigitlarning boshidan kechirganlari, shuningdek, chet elni havas qilib, aldanib qolgan va keyin afsus-nadomatdan iztirob chekkan qizlarning qismati tasvirlangan. Farzandini ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutayotgan onaizorning holati ta‘sirchan usulda ifoda etilgan. Ana shu voqealar orqali tomoshabin yana bir karra ogohlikka, xushyorlikka chaqiriladi", deb yozadi ro‘znoma.

Darakchi.uz badiiy filmda bosh rolni ijro etgan aktyor Sherali Ortiqov bilan suhbatni ham e‘lon qilgan.

"Agarda ushbu filmni ko‘rib, kimdadir fikr tug‘ilsa, oxirini o‘ylamay, har narsani orzu qilish, havasga berilish yaxshi emas, bugungi yorug‘ kunlarning qadriga yetish zarur ekan, degan xulosa paydo bo‘lsa, ijodiy jamoa o‘z maqsadiga erishgan bo‘ladi", deb aytgan Sherali Ortiqov.

Odam savdosiga qarshi kampaniya

Yangi badiiy film prem‘erasi O‘zbekiston hukumati mamlakat bo‘ylab boshlagan odam savdosiga qarshi kampaniya vaqtiga to‘g‘ri kelgan.

Bunday kampaniya oxirgi yillarda O‘zbekistonda kuzatilmagan edi.

Ushbu tadbirlar doirasida butun respublikada qator uchrashuvlar va anjumanlar tashkil etilmoqda, insonlar odam savdosi muammolaridan ogohlantirilmoqda.

O‘zbekistonning davlat nazoratidagi barcha ommaviy axborot vositalari ushbu ogohlik kampaniyasiga jalb qilinganlar.

Nashrlardagi maqolalar, radioeshittirishlar va teleko‘rsatuvlarda odam savdosining naqadar xatarli ekani tushuntirilmoqda, xorijiy o‘lkalarda noqonuniy mehnat qilib yurganlar qoralanmoqda.

Ayni paytda mustaqil ommaviy axborot vositalari xorijdagi O‘zbeklar, xususan Rossiyada band bo‘lgan mehnat muhojirlari O‘zbekistonning iqtisodiga yildan-yilga ko‘p hissa qo‘shayotganlari haqida yozmoqdalar.

"Mustaqil iqtisodchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda ishga yaroqli 11 million 600 ming kishining to‘rt millioni chet elda ishlashni afzal ko‘rishadi", deb yozadi Uzmetronom.com web-sayti.

Web-saytga ko‘ra, o‘zbekistonlik migrant ishchilar mamlakat davlat byudjetining asosiy ulushchilaridan biridir.

"2012 yilda ular birgina Rossiyaning o‘zidan vatanlariga 6 milliard dollar yuborishgan. Qaytguncha esa o‘zlari bilan yana shuncha mablag‘ni olib kelganlar", deb yozadi Uzmetronom.com.

"O‘zbekiston fuqarolari Rossiyadan vataniga yuborgan pul jo‘natmalari 2012 yilda 33 foiz ortgan va 5,7 milliard dollarni tashkil etgan", deya xabar qilgan Rossiyaning Regnum axborot agentligi web-sayti.

Regnum Rossiyadan chetga xususiy pul yuborish borasida O‘zbekiston yetakchi o‘rinlardan birini egallashi haqida yozgan.

Gazeta.uz web-saytining shu yil 8 mayda xabar qilishicha, O‘zbekiston aholisining soni 2013 yilning birinchi choragida 30 million kishidan ortgan.