"Rahima "Dunyo go‘zali"da qatnanishga loyiq!"

Image caption Rahima G‘aniyeva modellik treninglaridan o‘tgan

Indoneziyannig Bali orolida o‘tayotgan jahonning eng dabdabali va jozibador tadbirlaridan biri "Dunyo go‘zali" tanlovida ilk bora O‘zbekiston vakilasi ham ishtirok etmoqda.

18 yoshli Rahima G‘aniyeva "Dunyo go‘zali" saytining ishtirokchilar haqidagi sahifasida joylashtirilgan tanishtiruv videosida 20 iyulda bo‘lib o‘tgan ko‘rikda "O‘zbekiston go‘zali" bo‘lib g‘olib chiqqanini aytadi.

Biroq shou-biznes ahli va jamoatchilik aftidan bu tanlovdan butkul bexabar qolgan. Ko‘plar fikrida bu tanlov aslida o‘tkazilmagan.

Rahimaning qanday qilib "Dunyo go‘zali" tanloviga tushib qolgani borasida uning yaqinlari ham lom-mim deyishmayapti. "Uning faqat o‘zi gapirishi mumkin bu haqida", - deydi ismi-sharifi oshkor etilmasligini so‘ragan dugonasi BBC bilan suhbatda. Suhbatdosh "O‘zbekiston go‘zali" bilan qanday tanishgani va uning qanday insonligi haqida quyidagilarni hikoya qildi.

"Rahima bilan ilk marta 2010 yilda tanishdik. Biz ikkovimiz ham o‘shanda Turizm kollejiga o‘qishga kirdik. Birinchi kundanoq u meni o‘zining stil hissi va tashqi qiyofasi bilan lol qoldirdi. U juda qiziq tashqi ko‘rinishga ega. Undan tashqari, u juda qiziqchi, u bilan birga bo‘lish men uchun har doim zavqli, chunki u juda hazilkash inson. Uning yonida o‘zimni juda qulay his qilaman.

Birinchi kurs juda zavqli o‘tdi, lekin 2 va 3-kurslarda kam ko‘rishadigan bo‘lib qoldik, chunki men ham, Rahima ham oliygohga kirishga tayyorlanayotgandik.

Rahimaning tashqi qiyofasi har doim modellarnikiga o‘xshardi, shuning uchun hamma dugonalarimiz bilan uni Modellik agentligiga borishga undardik.

U bu chaqiriqlarga quloq tutib, "Promodel" modellik agentligida ta‘lim oldi. Uchinchi kursda o‘qiyotganimizda esa ikkimiz birgalikda "Asian style" degan modellik agentligiga qatnadik.

Bu agentlikda o‘qiyotganimizda bizda har hil psixologik treninglar bo‘lib turardi, defile, aktyorlik mahorati... Aynan shu paytlarda Rahima haqiqatdan ochilardi, cheksiz talantini namoyish qilardi.

Esimda bor, bir marta bizda o‘zga sayyoraliklar roliga kirish topshirig‘i berilgan. Juda kulgili bo‘lgandi! Rahimadan hech buni kutmagandim. U sochlarni to‘zg‘itib, yoyib oldi-da, go‘yoki o‘zga sayyoraliklarga o‘xshab yurib bergandi, rolga kirib ketgandi.

Rahimaga juda chiroyli suratlar bilan yaxshi portfolio qilib berishdi. Uni keyin musiqiy kliplarga taklif qilishni boshlashdi.

U "Jahon go‘zali" tanlovida qatnanishga va O‘zbekistonimizga, benihoyat go‘zal shahrimizga vakillik qilishga loyiq! Tanlovga eng loyiq qizni tanlashdi!

U juda mehribon inson, va har doim, har qanday ish bo‘lmasin, hammaga yordam beradi. O‘zbekistonimizda, to‘g‘ri, chiroyli qizlar ko‘p, lekin Rahima shu qizlardan biri".