"Bizga boshi ochiq, ayol nomzod kerak emas"

Image copyright Asiaplus
Image caption Oynixol Bobonazarova 80-yillar oxirlarida Tojikistonda tashkil topgan Demokratik partiyaning asoschilaridan biri bo‘lgan

Ayrim an‘anador vakillarining ayni mazmundagi noroziliklariga qaramay, Tojikiston Islohottalab kuchlar tashkiloti bugungi anjumanida faol Oynixol Bobonazarovani prezidentlik saylovlarida muxolifat nomidan yagona nomzod sifatida rasman ma‘qullagan.

Muxolifatdagi Islom Uyg‘onish partiyasi, Tojikiston Sotsial-demokratlar firqasi va mamlakat siyosiy faollaridan iborat Tojikiston Islohottalab kuchlari inson huquqlari faoli va jamoat arbobining nomzodini shu oy boshida bo‘lib o‘tgan yig‘inida ilgari surishgandi.

Tashkilotning so‘nggi anjumanida bo‘lib qaytgan Dushanbedagi hamkorimiz Mardon Muhammadning aytishicha, Oynixol Bobonazarovaning nomzodi anchayin ziddiyatlarga sabab bo‘lgan.

"Islom Uyg‘onish partiyasida ikkita guruh bor: Reformatorlar yoki islohotchilar, keyin konservatorlar. An‘anadorlar diniy ulamolar, yoshi ulug‘ insonlar, Tojikistonning janubiy va sharqiy mintaqalarini namoyon etuvchi vakillar hisoblanishadi. Ular, "Hamma narsa Islom dini doirasida bo‘lmog‘i lozim. Islomda, masalan, ayollarning erkaklarga hukmronlik qilishi to‘g‘ri emas. Nega nomzod Bobonazarovaning boshi ochiq, degan ayblovlar bilan chiqib, biz bu nomzodga qarshimiz", degan bahslar bo‘ldi deydi muxbirimiz.

Uning aytishicha, an‘anador vakillar, "Islom Uyg‘onish partiyasi boshqaruvdagi Xalq-demokratik partiyasidan keyin Tojikistonda ikkinchi yirik, kuchli firqa ekanini aytib, yoki Hoji Akbar To‘rajonzoda, yoki Rahmatulloh Zoyirov, yoki Muhiddin Kabiriy bo‘lajak prezidentlik saylovlarida ishtirok etishlari lozimligini ta‘kidlashgan".

Eslatib o‘tamiz, Tojikistondagi prezidentlik saylovlari shu yilning 6 noyabr kuniga rejalangan.

Lekin, muxbirimiz Mardon Muhammadning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, anjumanning aksariyat vakillari Oynixol Bobonazarovaning nomzodini qo‘llab-quvvatlashgan.

"Ular hozirgi sharoitda faqat biror bir partiyaga a‘zo bo‘lmagan, mustaqil bir shaxs saylovlarda prezident Rahmon bilan raqobat qilishi mumkinligi"ni aytishgan.

Anjumanda qatnashgan 400 ga yaqin vakildan faqat yettitasigina Oynixol Bobonazarova nomzodiga qarshi ovoz berishdi, deydi muxbirimiz.

Qolgan nomzodlar

Image copyright BBC World Service
Image caption Imomali Rahmon Tojikistonni 21 yildan buyon boshqarib keladi

Bugun s‘ezdlari bo‘lib o‘tgan Tojikistondagi sakkiz partiyadan yana ikkitasi - Agrar va Demokratik partiya ham o‘z nomzodlarini rasman tasdiqlashgan.

Tojikiston Sotsialistik va Sotsial-demokratlar partiyasining shu hafta ichida o‘z nomzodlarini ma‘qullashlari kutilmoqda.

Kelgusi haftada esa, Tojikiston prezidentligi uchun bellashuvchi barcha nomzodlarning kim bo‘lishlari ma‘lum bo‘ladi.

Tojikistonda boshqaruvda bo‘lgan Xalq-demokratik partiyasi esa, hozircha o‘z nomzodini ilgari surmagan.

Partiyaning navbatdagi s‘ezdi shu yilning 4 va 5 oktyabr kunlariga belgilangan.

Imomali Rahmon Tojikistonni 21 yildan buyon boshqarib keladi.

Ammo, muxbirimizga ko‘ra, shu oy oxirida Tojikiston Yoshlar Qo‘mitasining s‘ezdi rejalangan va unda Imomali Rahmonning nomzodi yana bir bor prezidentlikka ko‘rsatilishi mumkin.

Prezident Rahmonning to‘ng‘ich o‘g‘li Rustam Rahmon avvalroq ushbu qo‘mitaning rais o‘rinbosari etib ham saylangandi.

Bu Ittifoqi siyosiy harakat hisoblanadi va o‘z nomzodini davlat rahbari lavozimiga taklif etishi mumkin.

Buning qanchalik Tojikiston konstitutsiyasiga mos kelishi borasida juda ko‘p bahslar bor, deydi u.

Tojikiston qonunchiligiga muvofiq, bir kishi faqat ikki bor prezidentlik saylovlarida ishtirok eta oladi.

Agar, saylovlarda ishtirok etsa, bu - uning uchinchi bor yetti yillik prezidentlik muddatini anglatishi mumkin bo‘ladi, deydi muxbirimiz.

Qolgan partiyalar nima kutishmoqda?

Image caption Muxbirimizga ko‘ra, Imomali Rahmonning nomzodi to‘ng‘ich o‘g‘li raisi o‘rinbosari bo‘lgan Tojikiston Yoshlar Qo‘mitasi tomonidan ilgari surilishi mumkin

Unga ko‘ra, Tojikistondagi qolgan partiyalar boshqaruvdagi Xalq-demokratik firqasining nomzod sifatida prezident Imomali Rahmonni ko‘rsatishlariga deyarli ishonishadi.

"Negaki, hozir Tojikiston ommaviy-axborot vositalarida faqat bir narsa targ‘ib etilayapti: Barcha mintaqalarda turli xil kasbdagi odamlar, "Faqat prezident Rahmon Tojikistonni obod qila oladi, agar, u bo‘lmasa, Rog‘un GESi bo‘lmaydi, agar, u bo‘lmasa, Tojikistonda tinchlik bo‘lmaydi", degan chiqishlar qilishayapti. Bu, endi, shu nomzodni ko‘rsatish uchun zamin yaratish hisoblanadi".

Nomzodlari partiyalarining s‘ezdida rasman ma‘qullangan nomzodlar esa, endi Tojikiston Markaziy Saylov hay‘atida qayddan o‘tishlari uchun 7 oktyabrgacha 210.000 ta imzo to‘plashlari lozim bo‘ladi.

Muxbirimizning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, shunda ham, "Saylov hay‘ati yig‘ilgan imzolarni ko‘rib chiqib, soxtagarchiliklar yo‘q, degan xulosaga kelgachgina, nomzodlarni rasman ro‘yxatga oladi".

Unga ko‘ra, "Prezident Rahmon rasmiy tarzda siyosiy partiyalar rahbarlarini bo‘lajak saylovlar tinch o‘tishiga harakat qilishlariga chaqirgan".

"Bu yilgi saylovlar 2006 yildagisidan juda farq qiladi. Keyin xalq ham bir shaxsning boshqaruvidan bezigan. Ular yangi kishi qudratga kelib, ba‘zi siyosiy islohotlar bo‘lishi lozim, degan o‘yda. Kichik va o‘rta biznesga imkoniyatlar yo‘qligi, keyin prezident oilasi mamlakatdagi barcha yirik bizneslarni o‘z qo‘liga olgani hozir odamlarning g‘ashiga tegayapti".