O‘zbekiston Bangladeshdan o‘z paxtasi uchun omborxona so‘ramoqda

Image copyright Getty

O‘zbekiston Bangladesh hukumatidan o‘zbek paxtasi uchun bepul omborxona ajratishni so‘ragan.

Ushbu taklif Bangladesh O‘zbekistondan yiliga 200 ming tonnadan paxta sotib olish haqidagi bitimni imzolashi ortidan kiritilgan.

O‘zbekistonning so‘roviga Bangladesh biznes doiralaridan munosabat turlicha bo‘layotgani aytiladi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra,Bangladesh to‘qimachilik sanoati paxtaga ehtiyojining 30-33 foizi O‘zbekiston paxtasi evaziga ta‘minlanadi.

Paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda oltinchi yirik mamlakat bo‘lgan O‘zbekiston esa, bolalar mehnatidan foydalanayotgani uchun xalqaro tanqidlar ostida qolib keladi.

Biz Bangladesh To‘qimachilari va eksportchilari uyushmasi prezidenti Muhammad Fazlul Haqdan O‘zbekistonning so‘nggi taklifi nimani anglatishi haqida so‘radik:

Muhammad Fazlul Haq: Biz yaqindan paxta bozorida narxlar tebranishiga guvoh bo‘ldik. Boshqa tomondan o‘tgan ikki yil ichida Bangledesh import xom ashyoga mutlaq qaramligi kuzatildi. Mahalliy tijorat uchun ham, qayta eksport uchun ham paxta taqchilligi yuzaga keldi. Xullas, Bangladesh uchun barqaror bozor kerak. Ba‘zan qo‘shni Hindistondan paxta sotib olishda muammolarga duch kelamiz. Ishlab chiqarish sifati yaxshi emasligi, ayrim hollarda, ichki extiyoji o‘sib borayotgani uchun paxta eksportiga cheklovlar kiritiladi. Tekin omborxonalar masalasiga kelsak, nafaqat, O‘zbekiston, balki boshqa mamlakatlardan ham biz turli takliflar olganmiz. Bunday omborxonalarning Bangladeshda bo‘lishi ko‘plab muammolarga yechim bo‘lar edi. Biznes nuqtai nazaridan bu juda muhim. Shunday qilinsa, mahalliy sanoat paxtani juda qisqa muddat ichida osongina sotib olishi mumkin bo‘ladi.

BBC: Ammo, siyosatchilar O‘zbekistonning taklifiga turlicha munosabat bildirayotganlari aytiladi. Bular qanday munosabat? Taklifning Bangladesh biznes doiralariga yoqmagan jihati nima?

Muhammad Fazlul Haq: Avvalo, shuni ochiqlashim kerakki, paxta muammo emas, chunki paxta boj to‘lovdan ozod qilingan. Ammo, O‘zbekiston paxtasining, muammoli demagan bo‘lardim-ku, mubohasali jihati bor. Ayrim nuqtalar qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Amerika va Ovro‘podagi brendlar tomonidan o‘zbek paxtasiga imbargo e‘lon qilingan. O‘zbek paxtasi narxi va sifati Bangladeshga ma‘qul. Yagona muammo - o‘zbek paxtasini yetishtirishda bolalar mehnatidan foydalanilayotgani va bu AQShu Ovro‘po Ittifoqidagi guruhlar tanqidiga uchrayotgani. Ular o‘zbek paxtasidan foydalanmaslik kerakligini aytishmoqda. Ayni mana shu jihat Bangladeshda o‘zbek paxtasi bilan bog‘liq bahslarga sabab bo‘lmoqda.

BBC: Mazkur holat O‘zbekiston paxta dalalarida bolalar mehnatidan foydalanayotgani uchun tanqidlarga yuz tutayotgani Bangladeshning e‘tiboridan chetda qolmayotganini anglatadi, deyishimiz mumkinmi?

Muhammad Fazlul Haq: Albatta, biz bu mavzuni mubohasa qilamiz va O‘zbekiston paxta dalalaridagi bolalar mehnati muammosini bartaraf etishini istaymiz. Chunki, biz o‘zbek paxtasidan foydalanishni istaymiz. Boya aytganimdek, o‘zbek paxtasi sifat jihatdan ham, narx nuqtai nazaridan ham talabga juda yaxshi javob beradi. Yagona muammo shu bolalar mehnati bilan bog‘liq. Ammo, boshqa mamlakatlar bilan hisoblashish O‘zbekiston hukumatiga bog‘liq, tashabbus ulardan chiqishi kerak. Va, albatta, Bangladesh bunday harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

BBC: Ammo, mavjud muammo va xalqaro tanqidlarga qaramay, Bangladesh yiliga O‘zbekistondan 200 ming tonna paxta sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgan, shunday emasmi?

Muhammad Fazlul Haq: Bangladeshda yirik mahalliy bozor mavjud. Biz mahalliy doirada o‘zbek paxtasidan foydalanishimiz mumkin. Ammo, eksport mahsulotlari uchun o‘zbek paxtasini ishlatish boshqa masala. Bilasiz, bizda kiyim-kechak eksportiga asoslangan yirik bozor mavjud. Ayni mana shu bozor, ishlab chiqarishda o‘zbek paxtasidan foydalanilayaptimi - yo‘qligi masalasiga ehtiyotkor qaraydi. Chunki, Amerika va Ovro‘podagi guruhlar buni ochiqlashni so‘rashadi. Siz mahsulotlarda o‘zbek paxtasi ishlatilmaganini isbotlashingiz kerak. Agar bolalar mehnati muammosi bartaraf etilsa, ajoyib ish bo‘lardi.

BBC: Mahalliy ishlab chiqarishda qancha miqdorda o‘zbek paxtasi ishlatiladi?

Muhammad Fazlul Haq: Menda aniq raqamlar yo‘q. Ammo, yaqindan beri bu miqdor kamaytirilgan. Adashmasam, 30 foiz paxta O‘zbekistondan olib kelinadi.

BBC: Tekin omborxonalar masalasiga qaytsak, Bangladesh hukumati O‘zbekistonning taklifini qabul qilishi mumkinmi?

Muhammad Fazlul Haq: Men hozirgina yuqori martabali rasmiylardan biri bilan gaplashdim. Ular hujjatni ko‘rib chiqishmoqda. Va taklifni qabul qilish kerakmi-yo‘qligi yuzasidan qaror keyin olinadi. Ya‘ni, taklifning ijobiy, salbiy jihatlari, shartlari va ta‘sirlari o‘rganib chiqilishi kerak. Bunda Amerika va Ovro‘podagi xaridorlar qo‘yadigan shartlar ham e‘tiborga olinishi lozim.