Osiyo Chempionlar ligasi: "Istiqlol" va "Seul" dastlabki yarim finalchilar

Qit‘aning sakkiz davlati chempionlari ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan chorak final bosqichi dastlabki ikki javob uchrashuvi ortidan, hozircha Eron va Janubiy Koreya jamoasi yarim finalga chiqishdi.

Eronning "Istiqlol" va Janubiy Koreyaning "Seul" jamoasi endi 2 oktyabr kuni bu yilgi Osiyo Chempionlar ligasining finaliga chiqish uchun bellashishadi.

Yana birozdan so‘ng qolgan ikki yarim finalchining taqdiri ma‘lum bo‘ladi.

Ammo bu yilgi bellashuvchilar orasida O‘zbekiston jamoalari yo‘q.

Joriy paytda Osiyo Chempionlari chempionligi uchun Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Xitoy, Qatar, Eron, Tayland va Janubiy Koreya vakillari o‘z kurashlarini davom ettirishmoqda.

O‘tgan avgsut oyida bo‘lib o‘tgan dastlabki chorak final bellashuvlari esa:

KASHIVA REYSOL(YAPONIYA) 1-1 ASH-SHABOB (SAUDIYA ARABISTONI)

GUANJOU EVERGRAND (XITOY) 2:0 LAHVIYA(QATAR)

ISTIQLOL(ERON) 1–0 BURIRAM YUNAYTED(TAYLAND)

AL-AHLI(SAUDIYA ARABISTONI) 1–1 SEUL(JANUBIY KOREYA)

hisobi bilan yakunlangan.

Eslatib o‘tamiz, bu yil biror bir O‘zbekiston jamoasi Osiyo Chempionlar ligasining chorak finaliga chiqa olishgani yo‘q.

O‘zbekistonning amaldagi chempioni "Paxtakor" va Toshkentning "Bunyodkor" jamoasi bu yilgi Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishgandi.

Sherlar turnirdagi ishtiroklariga guruh bosqichidayoq yakun yasashgan bo‘lsa, qaldirg‘ochlar o‘z guruhlarida birinchi o‘rinni egallab, nimchorak finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Ammo "Bunyodkor" nimchorak final bellashuvining dastlabki uchrashuvini safarda aynan Taylandning "Buriram Yunayted" jamoasiga 1:2 hisobida boy berib, o‘z maydonida o‘tkazgan javob o‘yinida 0:0 durang natija qayd etgandi.

Shundan so‘ng, qaldirg‘ochlar har ikki o‘yin natijasiga muvofiq, bu yilgi Osiyo Chempionlar ligasining chorak finaliga chiqa olishmagandi.

"Paxtakor" esa, guruh bosqich bellashuvlarida bugungi boshqa bir chorak finalchi – Qatarning "Lahviya"sidan har ikki o‘yin natijasiga muvofiq mag‘lubiyatga uchragan.

"Bunyodkor" esa, o‘zining qisqa tarixida ikki bor turnirning yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, shundan ikkinchisi o‘tgan yilgi Osiyo Chempionlar ligasiga to‘g‘ri keladi.

Tarixcha o‘rnida

O‘tgan yil "Bunyodkor"ning yarim finalda har ikki o‘yin natijasiga muvofiq Janubiy Koreyaning "Ulsan Xyonde" klubiga yutqazib qo‘yishi ortidan, O‘zbekiston jamoalarining to‘rtinchi bor Osiyo Chempionlar ligasining final bosqichiga chiqish urinishlari chippakka chiqqandi.

Qaldirg‘ochlarning biror bir dongdor legionersiz oradan to‘rt yil o‘tib, Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov qo‘l ostida ikkinchi bor Osiyo Chempionlar ligasining yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lishlari jamoaning katta yutug‘i sifatida ko‘rilgandi.

Ammo O‘zbekiston chempionining osmono‘par orzulariga erishish uchun o‘z vaqtida millionlab dollarlar evaziga Luiz Felippe Skolari va Rivaldo kabi dunyoning dongdor murabbiy va yulduz futbolchilarini Toshkentga keltirishi ham samara bermagandi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, qaldirg‘ochlar bu yil nimchorak finaliga qadar mag‘lubiyat nimaligini bilishmagan edi.

"Bunyodkor"dan avval Toshkentning "Paxtakor" klubi ham ikki bor Osiyo Chempionlar ligasining yarim finaliga chiqqan, ammo final bosqichiga yetmay ortga qaytishga majbur bo‘lgandi.

Hozircha O‘zbekistonning biror bir jamoasiga Osiyo Chempionlari chempioni bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan emas.

O‘tgan yili "Bunyodkor"ning ikkinchi bor qit‘aning eng zo‘riga aylanish orzusini yarim finalda chippakka chiqargan "Ulsan Xyonde"(Janubiy Koreya) esa, Osiyo Chempionlar ligasining finalida Saudiya Arabistonining "Al-Ahli"sini 3:0 hisobida mag‘lub etib, chempionlar chempioniga aylangandi.

Bu yilgi chorak finalchilar esa, javob uchrashuvlarini bugun 18 sentyabr kuni o‘tkazishadi va o‘yinlar bir necha soatdan so‘ng boshlanadi.