Quduqqa tushib ketgan xitoylik ayol yarim oydan so‘ng qutqarib olindi

Image copyright BBC World Service

Xitoy davlat matbuoti xabar berishicha, quduqqa tushib ketgan ayol 15 kun o‘tib, qutqarib olingan.

Henan viloyati Jonfeng qishlog‘ida yashovchi 38 yoshli Su Ksishu 1 sentyabr kuni chuqurligi 4 metr bo‘lgan quduqqa tushib ketgan, deya xabar beradi Cinxua axborot agentligi.

Cinxua xabariga ko‘ra, yarim oy davomida ayol xom makkajo‘xori yeb, yomg‘ir suvini ichib jon saqlagan.

O‘t o‘chiruvchilar Suni dushanba kuni tushlikdan keyin quduq tubidan chiqarib olganlar.

Xabarlarga ko‘ra, ayolga hozirda tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Quduq atrofi makkajo‘xorilar bilan o‘ralgani uchun ayolni topish qiyin bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, qudur devori silliq bo‘lgani uchun ayol tepaga ko‘tarila olmagan.

Qarindoshlari Suni qidirishgan, ammo topa olishmagan.

Su xonim makkayizor ichida tibbiy giyohlarni qidirayotgan payti quduqqa tushib ketgan, deb xabar bergan mahalliy Dahe Daily ro‘znomasi.

Ayol quduqqa qulayotgan payti makkayi poyasiga yopishgan, makkapoya dosh bermagan, biroq ayol bilan birga quduqqa jo‘xori donalari tushgan, deb yozadi ro‘znoma.

"Quduqda hech narsa yo‘q edi. Men xom makkayi donalarini yeb, har kuni yordamga chaqirardim", - deb aytgan Su xonim Dahe Daily ro‘znomasiga. - "Men har kuni biron kishi kelib, meni qutqarib oladi, deb umid qilardim. Atrofda hech kim bo‘lmasa ham, umidsizlikka tushmadim".

16 sentyabr kuni qishloq yashovchilaridan biri ayol ovozini eshitib, o‘t o‘chiruvchilarni yordamga chaqirgan, deya xabar beradi Dahe Daily.

Ayolning eri muxbirlarga o‘tgan vaqt ichida Su ozib ketganini aytgan.

"Xotinim vazni 52kg edi, hozir shunchalar ozib ketganki, 36kg ham chiqamasa kerak", - deb aytgan u.

Shinxua axborot agentligiga ko‘ra, garchand Su jarohat olmagan esa-da, haliyam na gapira oladi va na yeya oladi.

Shifokorlarga ko‘ra, Suning ichki organlari to‘la tiklangani yo‘q, biroq hayoti xavf ostida emas.