Indoneziyada "Muslima dunyosi" tanlovi o‘tkazilmoqda

Image caption "Muslima dunyosi" tanlovi g‘olibasi final bosqichga yetgan 20 nafar nomzod orasidan tanlab olinadi

Frans-press axborot agentligining xabar berishicha, Indoneziya poytaxtida musulmon ayollarning go‘zallik tanlovi bo‘lib o‘tmoqda.

Ushbu tanlov Balida o‘tkazilishi rejalangan "Dunyo go‘zali" tanloviga muqobil ravishda o‘tkazilayotir.

"Dunyo go‘zali" musobaqasi indoneziyalik an‘anador musulmonlarning keskin tanqidlariga uchragan edi.

"Muslima dunyosi" nomini olgan tanlovda 20 nafar nomzod eng zamonaviy Islomiy liboslarni namoyish etishadi va Qur‘oni Karimdan qiroat qilishadi.

"Biz dunyoga Islomning naqadar go‘zal din ekanini ko‘rsatib qo‘ymoqchimiz", - deydi tanlovda Nigeriyadan namoyandalik etayotgan 21 yoshli Ubayi Oisha Ajibula.

Tanlovda olti mamlakat vakilalari ishtirok etmoqda.

Ishtirokchilarning hijob o‘rashi tanlov shartlaridan biridir.

"Biz hammamiz faxr bilan hijob o‘raymiz", - deydi Ubayi Oisha.

"Muslima dunyosi" tanlovi tashkilotchisi - uch yil muqaddam hijobini yechishdan bosh tortgani uchun televideniye boshlovchiligidan haydalgan Eka Shantidir.

Tanlov tashkilotchilari musulmon ayollarga "Dunyo go‘zali" tanlovida ilgari surilgan go‘zallik g‘oyasiga muqobil g‘oya borligini namoyish etish niyatlari borligini aytishadi.

"Bu yil biz o‘z tanlovimizni ataylabdan "Dunyo go‘zali" musobaqasidan oldin o‘tkazayotirmiz. Maqsadimiz muslimalarga o‘rnak bo‘lishga arziydigan o‘zgacha go‘zallarning borligini ko‘rsatishdir", - deydi u.

Bir necha hafta muqaddam indoneziyalik musulmonlar mamlakat poytaxtida "Dunyo go‘zali" tanlovini o‘tkazashga e‘tirozan namoyishlarini yo‘lga qo‘yishgandi.

Namoyishchilar go‘zallik tanlovida ayollarning bikinilarda chiqishini "pornografiya" deb atashgandi.

Ularning bosimi ostida Indoneziya hukumati "Dunyo go‘zali" tanlovini asosan hindular yashovchi Bali orolida tashkillashtirishga qaror qildi.

"Muslima dunyosi" tanlovida ishtirok etish istagini bildirib 500 dan ziyod ayol internet orqali ariza topshirgan.

Chorshanba oqshomida tanlov ishtirokchilari hijobga qanday kirganlarini hikoya qilib berishadi va hakamlarning islomiy mavzudagi savollariga javob berishadi.

Undan so‘ngra 20 nafar nomzoddan to‘rt nafari tanlab olinadi va ulardan biriga bosh sovrin beriladi.

Eka Shanti aytishicha, ilk tanlov 2011 yilda faqat Indoneziyada o‘tkazilgan, ammo unga qiziqish nihoyatda katta bo‘lgani uchun xalqaro miqyosda o‘tkazishga qaror qilingan.