Tojikistonda ayolga tegajoqlik qilgan mulla tabib hibsga olindi

Image copyright CANEWS.org
Image caption Mulla va ayol aks etgan video mintaqada keng tarqaldi

Tojikiston matbuotidagi xabarlarga ko‘ra, o‘z huzuriga kelgan ayolga tegajoqlik qilgan tabib hibsga olingan. Nufuzli ulamoning o‘g‘li ekani aytilgan Asadullo Ibrohimovning duo o‘qib turib, ayolni paypaslagani aks etgan video mintaqadagi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgandi.

Videoni kim suratga olgani va internetga joylashtirgani noma‘lum. Unda tabibning ayolning badanini paypaslashi jinsiy tegajoqlik deya baholangan.

"Sehrgar tabib" laqabini olgan mullaning tergov ishi kelgusi bir necha kun ichida nihoyasiga yetishi va mahkamaga topshirilishi aytiladi. Aziya-plyus xabar agentligiga ko‘ra, janob Ibrohimovga qarshi Tojikiston Jinoiy kodeksining 139-moddasiga binoan, "jinsiy xarakterga ega zo‘ravon amallar" aybi bilan ish qo‘zg‘atilgan.

Agar mulla aybdor topilsa, u besh yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Radio Ozodi bilan suhbatlashgan tergovchi Bahriddin Emomov ishning tafsilotlariga berilishdan bosh tortgan. U ish "jinsiy aloqa"ga bog‘liq bo‘lgani uchun yopiq eshiklar ortida o‘tishini aytgan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, "1966-yilda tug‘ilgan Dushanbe yashovchisi Ibrohimov Asadullo Halilovich 12 avgustda Rudakiy tumanida yashovchi 1988-yilda tug‘ilgan Rahimova Zilola Do‘stiyevnaning nochor ahvolidan foydalanib, o‘z uyida unga qarshi jinsiy xarakterdagi amallarni bajargan".

Vazirlikning matbuot voizi tojik matbuotiga gapira turib, mullo Ibrohimov avval ham o‘z tabiblik mavqeidan foydalanib ayollar bilan intim aloqaga kirganini bildirgan.

Videoning telefonlarda va ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lishi ortidan ommaning orasida g‘azabnok munosabatlar bildirilgan. Fikr bildirayotganlar tabibni ilohiy suralardan foydalanib o‘z nafsini qondirishda ayblaganlar.

Ayni damda Tojikiston Islomiy uyg‘onish partiyasining raisi muovini Sayidumar Husayniy mazkur video ulamolarni yomonotliq qilish maqsadiga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Your contact details
Disclaimer