Kurash bo‘yicha jahon chempionati: Rossiyada qo‘shaloq oltin

Image copyright Reuters
Image caption Hozircha faqat rossiyalik kurashchilar hisobida qo‘shaloq oltin medali bor

Rossiya va ukrainalik kurashchilar jahon birinchiligining ilk oltin medallarini qo‘lga kiritishdi.

Bu yilgi jahon chempionati kecha 16 sentyabr kuni Mojaristonning Budapesht shahrida start olgandi.

Birinchilikning ikkinchi kunida 60 kg, 84 kg va 120 kg vazn toifasida jahon chempionligi uchun kurashayotgan erkin kurashchilar sovrinli o‘rinlar uchun gilamga chiqishdi.

60 kg vazn toifasida oltin medal rossiyalik kurashchi Bekxon Goygereyevga nasib etdi.

Uning bo‘lg‘oristonlik raqibi Vladimir Dubov kumush, hindistonlik kurashchi Barjang Barjang va eronlik Mas‘ud Ismoilpo‘rlar bronza medallari bilan cheklanishdi.

84 kg vazn toifasida erkin kurash bo‘yicha jahon chempionligi esa, ukrainalik Ibrohim Aldatovga nasib etdi.

Kubalik kurashchi ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, mezbon Mojariston va Eronlik erkin kurashchi yuqori uchlikka kirishga muvaffaq bo‘lishdi.

120 kg vazn toifasidagi erkin kurashchilar orasida bo‘lib o‘tgan yakuniy bellashuvlar Rossiya terma jamoasiga yana bir oltin medali keltirdi.

Bu gal Hojimurod Gatsalov hal qiluvchi kurashda ukrainalik raqibi Alen Zaseyevni yengib, yangi jahon chempioni bo‘ldi.

Rossiyalik erkin kurashchiga mag‘lub bo‘lgan Alen Zaseyev esa, o‘z jamoasining ilk kumush medali sohibiga aylandi.

Turkiya va gurjistonlik erkin kurashchilar Taxa Oqgul va Geno Petriashvili o‘z yurtlariga jahon chempionatining bronza medallarini olib ketadigan bo‘lishdi.

Bu yilgi jahon birinchiligida dunyoning 80 dan ortiq davlatidan o‘nlab erkak va ayol kurashchilar ishtirok etishmoqda.

Image caption Ammo Budapeshtdagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik kurash afsonasi Artur Taymazov ishtirok etayotgani yo‘q

Markaziy Osiyo mintaqasini jahon birinchiligida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari namoyon etishmoqda.

Agar, rasmiy xabarlarga qaralsa, O‘zbekistondan 12 nafar kurashchi erkin, yunon-rum va ayollar kurashida jahon chempionligi uchun bellashishadi.

Ammo ularning orasida erkin kurash bo‘yicha 120 kg vazn toifasida Afina, Pekin va London Olimpiada O‘yinlarining oltin medali sohibi Artur Taymazov yo‘q.

O‘zbekistonlik sport mulozimlari buning sababini bu yilgi jahon chempionatida ishtirok etish uning kun tartibida yo‘qligi bilan izohlashdi.

Budapeshtdagi bellashuvlarda erkin kurash bo‘yicha 74 kg vazn toifasida Jahon Kubogi sohibi, 2008 yilgi Pekin Yozgi Olimpiada O‘yinlarining kumush medali sovrindori, Osiyo chempionati va Osiyo O‘yinlari g‘olibi Soslan Tigiyev ham ishtirok etmayotir.

Ammo Budapeshtdagi jahon chempionatida bellashayotgan kurashchilar orasida Qurbon Qurbonov kabi London Yozgi Olimpiada O‘yinlari va turli xalqaro turnirlar sovrindorlari bor.

MDH davlatlari orasidan bu yilgi jahon chempionatida Rossiya, Belarus va Ukraina eng katta sondagi kurashchilari bilan ishtirok etishmoqda.

Bu uch davlatning har biri Budapeshtga yigirmadan ziyod kurashchilarini bellashish uchun yuborgan.

Kurash bo‘yicha jahon chempionati 22 sentyabr kuniga qadar davom etadi.

Xotin-qiz kurashchilar esa, o‘z bellashuvlarini ertaga boshlashadi.