Bashar al-Assad: kimyoviy qurollarni yo‘q qilishga bir yil talab qilinadi

Image copyright AFP
Image caption Prezident Assad aytishicha, o‘z kimyoviy qurollari zaxirasini yo‘q qilish qarorini Amerikaning hujum tahdidi tufayli qabul qilgani yo‘q

AQShdagi Fox News telekanaliga bergan intervyusida Suriya rahbari hukumat kuchlari ixtiyorida bo‘lgan kimyoviy qurollar zaxirasini yo‘q qilishga va‘da bergan.

Ammo bu ish bir yilcha vaqtni oladi, deb aytgan Prezident Assad.

"Biz qiladigan ish ularga axborot taqdim qilish va ularni o‘sha joylarga olib borish, bu muammo emas. Bu narsani biz ertagayoq qila olamiz, muammo shundaki, qanchalik tez bu kimyoviy materiallarni yo‘q qilish mumkin. Chunki bu juda murakkab ish. Bu hatto urush bo‘lmayotgan paytda ham bajarish qiyin bo‘lgan ish. Agar hamma talab qilingan narsalar bo‘lgan paytda ham ularni yo‘q qilish vaqtni oladi. Bu borada bizning tajribamiz yo‘q, lekin ayrimlar bunga 1 yil ketadi, deb aytayapti. Men yillar deyayotganim yo‘q. Men eshitganim, 1 yildan ko‘proq yoki kamroq vaqt talab qiladi", deb aytgan Prezident Assad.

U Suriya hukumat kuchlari 21 avgust kuni kimyoviy qurolni ishga solganini rad etgan. Bashar al-Assadning aytishicha, o‘sha kunlari hukumat kuchlarining isyonchilar ustidan qo‘li baland kelayotgan bo‘lgan va ichi sarin gazi bilan to‘ldirilgan raketa otishlariga ehtiyoj bo‘lmagan.

Muxbirning siz o‘z kimyoviy qurollaringizni Amerikaga topshirishingiz mumkinmi, degan savoliga Prezident Assad ulardan qutulish uchun ko‘p mablag‘ talab qilinadi, degan.

"Bunga bir milliardcha dollar kerak bo‘ladi. Bu atrof-muhitga juda zarar keltiruvchi. Agar Amerika ma‘muriyati bu pulni to‘lashga rozi bo‘lsa va zaharli materiallarni Qo‘shma Shtatlarga olib borish mas‘uliyatini o‘z zimmalariga olsalar, nima uchun qilishlari mumkin emas", degan Suriya prezidenti.

Prezident Assaddan amerikalik muxbir "sizda hali ham Prezident Obama bilan gaplashish istagi bormi, deb so‘radi.

"Bu gap mazmuniga bog‘liq, bu safsatabozlik emas", deya javob qaytargan Suriya rahbari.

Mana hozir unga mujda yubormoqchi bo‘lganingizda unga nima degan bo‘lardingiz, deb so‘radi Foks Nyus muxbiri.

"Xalqingga quloq sol, sog‘lom aqlga bo‘ysun, deb aytgan bo‘lardim. Shuning o‘zi yetarli", degan Prezident Assad.

Uning aytishicha, o‘z ixtiyoridagi kimyoviy qurollar zaxirasini yo‘q qilish qarorini Amerikaning hujum qilish tahdidi tufayli qabul qilgani yo‘q.

Bu Rossiya tashabbusiga javob va bizning o‘zimizning shunday ishonchga kelganimiz, deb aytgan Suriya prezidenti.