"Boringga shukr paxta" va yo cho‘lliklarning kuni tug‘dimi?

Paxta mavsumida cho‘ldagilarning kuni tug‘adi. Sirdaryo va Jizzax bo‘ylab yastanib yotgan Mirzacho‘l o‘rnida yashayotgan aholiga cho‘lliklar deyiladi. Sobiq Ittifoq davrida bu yerlarga O‘zbekistonning har burchagidan minglab oila cho‘lni o‘zlashtirish uchun yuborilgan. Ularga bir vaqtlar cho‘lquvar degan tamg‘a bosilgan, endi esa cho‘l quvadigan kuch-quvvat qolmadi. Yerlarni sho‘r bosib, endi cho‘l bu odamlarni quvayapti.

Fermer degan nom bo‘lsa ham yer butunlay davlatga qarashli, unga nimani, qachon va qanday ekish kerak hammasi hokimiyatning ko‘rsatmasi orqali amalga oshiriladi. Aholining bir qismi paxta kartalarining bir burchagiga qovun, oshqovoq va tarvuz ekib tirikchilik qilardi. Mirzacho‘lning mashhur torpeda yoki oq urug‘ qovunlari eng "xodovoy tovar" hisoblanardi.

Biroq, 3 yildan beri bu yerlarga ham paxta va bug‘doy ekilmoqda. Qovunlar kamayib ketdi. Faqat tepada tanishi bo‘lganlargina hozir ham yuzlab gektar yerga poliz ekini ekishi mumkin. Oddiy dehqon esa, juda qiynalgan. Yo‘lkiraga pul topgan o‘g‘li bo‘lsa, Rossiyaga yuborgan, bo‘lmasa kuzni kutishga majbur. Paxta zavodlarida esa, tayinli oylik yo‘q, unga ham hamma joylasha olmaydi.

Xullas, kuz kelib paxta terimi boshlanishi bilan cho‘lliklarning kuni tug‘adi, eng kambag‘alining ham uyi yorishib ketadi.

Chunki, aynan paxta mavsumida hukumatning fermerlari bankdan naqd pul olib, tergan paxtangizga pulni naqd sanab berishadi.

Hozir bir kilo paxta 180 so‘m qilib belgilangan. Bir kunda tirishib tirmashsangiz, 100 kilo terishingiz mumkin. Bir kunda 18 ming so‘m yoki 6,5 dollar Moskvada ko‘cha supirayotgan yoki Dubaydagi do‘konlarda sotuvchilik qilayotgan o‘zbek migranti uchun uncha katta bo‘lmasa ham, o‘sha yoqlarga yetolmay yotgan cho‘lliklar uchun yaxshigina daromad.

Toshkentdan yordamchilar kelishi bilan cho‘lliklarning osmonida ikkita quyosh porlagandek bo‘ladi. Chunki, umrida g‘o‘zaning tirigini cho‘lga kelib ko‘rgan toshkentlik oqbilaklar tabiiyki uni terolmaydi. Kuniga nari borsa 30 kilo teradi. Ammo, bir kunda 70 kilolik normani bajarish uchun Toshkentdan kelgan yordamchilar paxtaning ichida o‘sgan cho‘lliklardan yordam so‘raydi.

Cho‘lliklarga nima, kim pulini ko‘proq bersa o‘shaning ketmonini uchiradi.

Bu yil fermerlar bir kilo paxta uchun 210 so‘mdan berilishi kerakligi aytilgan. Ammo, Jizzax viloyati hokimiyati uning 30 so‘mini soliqqa ushlab qolmoqda. Fermer 180 so‘mdan taklif qilayotgan bo‘lsa, toshkentlik yordamchilar mahalliy yordamchilarni o‘z tomoniga ag‘darish uchun kamida 400 so‘mni aytishadi.

Qarabsizki, kecha Ahmad fermerning dalasida yurgan Oyxon bugun Rashid fermerning dalasida toshkentlik Farrux Omonov bo‘lib paxta terayapti. O‘tgan yili paxta oxirlab qolganidan so‘ng yordamchilar beradigan bir kilo paxtaning puli 500 so‘mga chiqib ketgan edi.

"Tonggi soat 5 da yordamchilar mashinalarda terimchining uyiga kelib olib ketadi. Tushligini beradi. Hatto, tergan 50 kilo paxtasini o‘zi taroziga olib keladi. Terimchilarga faqat paxtani terish talabi qo‘yilgan. Terilgan paxtaning pulini o‘sha joyning o‘zida naqd sanab beradi. Kechqurun yana mashinalarda uyiga olib kelib qo‘yadi", - deydi mahalla faoli.

Fermer esa, 180 so‘mdan taklif qilgani yetmaganidek, mahalliy terimchilarga na suv va na ovqat bera oladi. Paxtaning pulini ham har besh kunda beradi. Qarabsizki, amalini topgan hamma Toshkentlik yordamchilarga yordamga oshiqadi.

Mahalliy hokimiyat vakillari "xoin" paxtakorlarga nisbatan har yili urush ochadi. Qishloq kengashi raisi bosh, uchastkovoy yonbosh va yana bir necha faollar paxta maydoni bo‘ylab soxta toshkentliklarni quvib yuradi.

Paxta dalasi ko‘p, bittasini ushlab kerakli kartaga haydayman deguncha qolgan 100 tasi Toshkentdan kelganlarning bir kunlik paxtasini terib tashlaydi. Toshkentlik yordamchilar terishi kerak bo‘lgan paxtani mahalliy shotirlardan qo‘riqlashga ishchi kuchi yetishmayapti.

Bu ketishda hukumat har bir toshkentlik yordamchining boshiga bittadan melisasinni ham qo‘shib yuborsa kerak.

Xo‘jalikka ham boshqalar qatori reja qo‘yilgan. Tepadan kelgan ko‘rsatma bo‘yicha ushbu rejani mahalliy aholi bajarishi kerak. Ammo, mahalliy aholi yordamchilarga ko‘mak berishga otlanarkan, qishloq fuqarolar yig‘inidagilarning boshi qotadi.

Bunday holatda qishloq fuqarolar yig‘inining joniga o‘sha huddudda joylashgan maktab o‘qituvchilari, bog‘cha, tibbiyot xodimlari aro kiradi.

Kamiga davlatdan 2 yoshgacha bolasiga posobiya (yordam puli) oluvchi kam ta‘minlangan onalar paxtaga majburlanadi.

"Emizikli bolasini uydan birortasiga tashlaydi yoki o‘zi bilan dalaga olib kelib, tushgacha paxta terib berib ketadi. Bo‘lmasa posobiyadan quruq qoladi", - deydi mahalla faoli.

Umuman paxta terolmaydigan yoki terishni istamaydigan cho‘lliklarning ham pichog‘i bu paytda yog‘ ustida o‘ynaydi.

Komfortga o‘rganib qolgan shaharliklarga xizmat ko‘rsatish uchun deyarli hamma tadbirkor bo‘lib ketadi.

Dushan aka burnog‘i yili yem va hashak topib berolmay hamma mollarini sotdi. Va molxonasini mehmonxona va hammomga aylantirib qo‘ydi.

Endi maktab yoki kollejning sovuq xonalarida yotishni istamagan hasharchilar Dushan akaning sobiq molxonasida mazza qilib dam olishi va yuvinishi mumkin.

Dushan akaga o‘xshaganlar kim qancha. O‘zi ikki xonali uyda tursa, shuning bir xonasini hasharchilarni o‘ylab mehmonxona sifatida ijaraga berishayapti.

Uddaburonlari yordamchilarga ovqat pishirgan,yana kimdir sochini olgan.

Onda-sonda mashina keladigan ustaxona ham gavjumlashgan. Bu yordamchi deganlari eng kamida Lasetti bo‘lmasa, Kaptiva va Malibular bilan kelib mahalliy ustaning ham dilini chog‘ qilmoqda.

Paynetchilarning qo‘li qo‘liga tegmay qoladi. Internet va ko‘p gaplashishga o‘rganib qolgan shaharliklarning mobil telefonida pul tez tugab qoladi. Mahalliy paynetchi bundan shod.

Ittifoq tarqab ketganidan keyin o‘zi bilan qo‘shib cho‘llardagi infratuzilmani ham olib ketgandek. Kanalizatsiya, gaz, chiroq va suv tizimlari yildan yilga ishdan chiqib yaroqsiz ahvolga kelmoqda.

Markazlashgan kanalalizatsiyasiz bir amallab yashasa bo‘ladi, ammo suvsiz o‘ta qiyin, ayniqsa, shaharliklar uchun.

Bunday paytda shaharlik hasharchilarning joniga cho‘lning mehnatda pishgan bolalari yordamga keladi. Farhod singari tog‘ni yormasa ham, geologlar singari qayerdan bo‘lsa ham ichimlik suvi topib keladi va pulini oladi.

Xullas, yil 12 oy viloyatlardan Toshkentga qarab oquvchi pullarning bir qismi paxta mavsumida yordamchilar bilan birga cho‘lga qarab oqadi.

Rossiyadagi migrantlarga o‘xshab bir mavsum ishlab Neksiya ololmasa ham kamida bitta molning pulini topishadi. Boringizga shukr, toshkentlik yordamchilar, boringga shukr paxta.