UEFA Qatardagi Jahon chempionati qishda o‘tkazilishiga rozi

Image copyright Getty

Ovro‘po futbol birlashmasi UEFAning tarkibiga kirgan 54 futbol assotsiatsiyasi 2022 yilgi futbol bo‘yicha Jahon kubogi o‘yinlarini yozgi vaqtdan qishki vaqtga o‘tkazish taklifini qo‘llab quvvatlaganlar.

Bu haqda FIFA vitse-prezidenti Jim Boys xabar qilgan.

Bundan oldin FIFA tibbiy qo‘mitasi rahbari Mishel D'Xug 2022 yilgi jahon chempionati musobaqalarini yozdan qishga o‘tkazish taklifi bilan chiqqan, o‘yinchilar va ishqibozlar haddan ziyod jazirama issiqqa dosh berolmaydilar, deb aytgan edi.

"Uchrashuv ishtirokchilari yoz paytida Qatarda jahon chempionatini o‘tkazib bo‘lmaydi, degan xulosaga keldilar", deb aytgan FIFA vitse-prezidenti Jim Boys.

Qatarda Tselsiy shkalasi bo‘yicha 30 daraja o‘rtacha harorat hisoblanadi.

Yoz oylarida havo harorati 50 darajadan ko‘tarilib ketadi.

FIFA Prezidenti rahbari Zepp Blatter 2022 yilgi o‘yinlarni yoz faslida tashkillashtirilishiga ruxsat berib FIFA xatoga yo‘l qo‘yganini tan olgan edi.