Bastakor Aziza Sodiqova javoblari

Image copyright bbcuzbek.com
Image caption Aziza Sodiqova o‘z musiqasida azon ovozidan ham foydalangan

Aziza Sodiqova - Ovro‘po va AQShda muvaffaqiyat qozonayotgan hamda keng musiqiy doiralarda tanilayotgan yosh o‘zbek bastakori.

U Britaniya, AQSh, O‘zbekiston, Olmoniya, Avstriya, Niderlandiya, Polsha va Yaponiyadagi qator nomdor san‘atkorlar bilan birga ishlagan.

Londondagi Queen Elisabeth Hall kontsert zalida esa 2011 yili taniqli britan skripkachisi Tomas Gould hamda Britten Sinfonia kamer orkestri Aziza Sodiqova musiqalarini ijro etishgan.

Joriy yil boshida Kembridjda turkiy xalqlar musiqasi va tiliga bag‘ishlab o‘tkazilgan anjumanda Aziza Sodiqova azon saslarini o‘zida mujassam etgan va sato musiqiy asbobida ijro etilgan asari bilan qatnashchilarni hayratga solgandi.

Quyida bastakor BBC O‘zbek xizmati radiotinglovchilari hamda bbcuzbek.com o‘quvchilari savollariga javob beradi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

BBC: Ilk savol O‘ktam Rizayevdan. Bu tinglovchimiz musiqa yozish uchun nega aynan azonni tanlaganingizni bilishni istaydi.

Aziza Sodiqova: Savol uchun rahmat. Azon haqidagi g‘oya men hali 1998 yili "Ilhom" teatrida ishlab yurgan kezlarim kelgandi. O‘shanda ayni teatr asoschisi va rejissyori Mark Vayl bilan birga ishlardim. Biz Abdulla Qodiriyning "Oppoq qora laylak" asarini sahnalashtirayotgandik. Spektaklda qahramonlar Laylat ul-Qadr kechasini masjidda o‘tkazib, tong saharda uyg‘onadigan sahna bor. Rejissyor ana shu lahzalarda azonni ishlatish g‘oyasini o‘rtaga tashlagan. Ammo biz u yerda azonni o‘z holicha, biron qo‘shimcha musiqasiz ishlatganmiz. Keyinroq esa Londondagi musiqachilar bilan torli kvartet uchun "Toshlar" nomli musiqiy asar yozayotgan paytim men ushbu asar kulminatsiyasi yo avji sifatida azon ovozini ishlatishga qaror qildim. Chunki bu musiqiy asar sufiy she‘riyati haqida bo‘lib, biz Umar Xayyom va Hofiz ijodlariga murojaat etgandik. Azon sasi ostidan esa biz torli musiqa asboblarini ham chalishni davom ettirganmiz. Ammo musiqiy asarimiz butunlay g‘arbona yangrab qolmasligi uchun men o‘z milliy musiqiy asboblarimiz bo‘lmish sato va tanbur saslarini ham kiritganman.

BBC: Mukarramov ismli tinglovchimiz esa biroz mushohadali savol yo‘llab, Azon ilohiy sas bo‘lsa, unga musiqa bastalash gunoh emasmikan, deb fikr bildiradi. Va bu uchun diniy idoralardan fatvo olganmisiz, degan mazmunda savol qo‘yadi.

Aziza Sodiqova: Spektakl jarayonida mullalardan ruxsat olishmagan. Chunki azon ovozi adabiy asar mazmuni va mohiyatiga mos edi. Ya‘ni qahramonlar tong sahar azon ovozi bilan uyg‘onishardi. Bu o‘rinda azon ovozi ilohiyotdan kelayotgan sas sifatida taqdim etiladi. Mening keyingi "Toshlar" asarim esa tasavvufga aloqador bo‘lib, Umar Xayyom asarlarida Xudo haqida ko‘p gapirilgan va butun asar davomida mavzu dinga bog‘liq bo‘lib qolavergan. Shu bois bu yerda ham azon bor. Lekin ayni o‘rinda uzoqdan berilgan bir ishora, aks-sado sifatida ishlatilgan.

BBC: Bek ismli tinglovchimiz ham azonga oid savol yo‘llagan va musiqa hamda azon jo‘rligi kabi bahstalab ishga qo‘l urishdan oldin kerakli diniy adabiyotlar bilan tanishganmisiz, deb so‘ragan.

Aziza Sodiqova: Agar diniy adabiyot deganda, gap Qur‘on haqida ketayotgan bo‘lsa, men uni bilaman. Axir bolaligimdan shu muhitda o‘sganman-ku. Hullas, ha, o‘qiganman.

BBC: Bir nechta savol yo‘llagan Sanjarbekning ilk savoli sizni nima ilhomlantirishi haqida ekan.

Aziza Sodiqova: Meni ko‘p narsalar ilhomlantiradi. Bu, avvalo, rasmlar. Bizda Bobur Ismoilov ismli juda ajoyib musavvir bor. Uning asarlari meni hayratga soladi. Mavzulari ham o‘ziga tortadi. Uning suratlarida qadimiy o‘zbekcha va an‘anaviy kiyimdagi qahramonlar bo‘ladi va bu menga juda yoqadi. Keyin so‘fiylar she‘riyatini sevaman. Umar Xayyomni mutolaa qilaman. Hozir men Alisher Navoiy ijodidan ilhomlanib, musiqiy asar yozayapman. Bu o‘zbek ertagi bo‘ladi. Ushbu yangi asarimni Olmoniyada namoyish etishni rejalashgan. Navoiy g‘azallarini o‘qiyman. Ba‘zida esa qandaydir his-tuyg‘ular ustun keladi, qandaydir holatlar senga ilhom baxsh etadi. Masalan, Frants Kafkaning o‘z ma‘shuqasiga yozgan xatlaridan hayajonga tushgan pallalarim bo‘lgan. Ana shunday lahzalar esa men uchun yangidan-yangi musiqiy olamlarni ochadi. Ya‘ni bu asarlarni xayolan tasavvur etarkanman, ularga mos musiqalarni eshita boshlayman. Keyin esa ushbu musiqani muayyan musiqa asbobi uchun notaga solaman.

BBC: Sanjarbek qaysi musiqa asbobi sizga ko‘proq yoqadi, deb ham so‘raydi.

Aziza Sodiqova: Agar Ovro‘po musiqiy asboblarini olsak, menga violenchel va alt yoqadi. Chunki ularning sadosida ichki his-tuyg‘ular mujassam. Bu musiqiy asboblarni tinglaganda xuddi inson gapirayotgandek tuyuladi. Ya‘ni ushbu musiqiy asboblar sasi bizning insoniy tabiatimizga, ovozimizga yaqin. O‘zbek musiqiy asboblaridan esa menga tanbur juda yoqadi. Chunki uning sadosi takrorlanmas va saslarida noodatiy rezonans, uyg‘unlik hamda oberton, ya‘ni baland ton mavjud. To‘g‘risi, tanburni tinglasam, qandaydir boshqa bir olamga tushib qolaman.

BBC: Rustam Nasimiy ismli tinglovchimiz va yana boshqa qator o‘quvchilarimiz sizning musiqiy albomlaringizni qaysi mamlakatda yo do‘konda topish mumkin, deb so‘rashgan. Va yana iTunes orqali imkoni bormi, deya so‘rashgan.

Aziza Sodiqova: Yo‘q, iTunes orqali buning imkoni yo‘q. Men bunday yo‘l tutmayman. Mening musiqalarim Toshkentdagi "Ilhom" teatrida bor. Keyin Rossiyada "Kultura" kanali orqali namoyish etishgan. Xullas, professional DVDlarda mening musiqalarim ijrosi tushirilgan. Ovro‘poda esa so‘nggi asarlarimni o‘z ichiga albomim va Olmoniyadagi boshqa bastakorlar bilan hamkorlikda yozgan musiqiy disklarimni musiqa do‘konlaridan sotib olish mumkin.

BBC: Londondan Laylo ismli tinglovchimiz O‘zbekistondagi klassik musiqani o‘qitish va o‘rganishga oid vaziyatni qanday baholashingizni bilishni istaydi.

Aziza Sodiqova: O‘zbekistondagi klassik musiqani o‘rgatish darajasi ilgari ham, hozir ham juda baland. Aynan Uspenskiy nomidagi musiqa maktabi va Toshkent konservatoriyasi tufayligina men mana hozirgidek bir darajaga yetdim. Mening boshqa ko‘plab hamkasblarim va do‘stlarim ham O‘zbekistonda olgan musiqiy ta‘lim tufayli bugungi kunda Ovro‘po va Amerikadagi yirik orkestrlarda ishlashmoqda. Bizda juda kuchli va mahoratli muallimlar bor edi. To‘g‘risi, men o‘zimizdagi musiqiy ta‘limni Ovro‘podagi muqobilidan ustun qo‘yaman. Chunki g‘arbda talabalarga juda ko‘p bo‘sh vaqt ajratiladi. Talabalar esa hali yetuk musiqachi bo‘lib shakllanishmagan emasmi, berilgan bo‘sh vaqtdan qanday foydalanishni bilmasdan, o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishadi. Axir ular qanday qilib o‘z vaqtlarini tashkil etishni bilishmaydi-ku. Xullas, bu erkinlik ichida ular musiqachi sifatida yo‘qolib ketishadi. Boshqa tomondan, G‘arbda mavjud juda katta miqdordagi va ko‘p xildagi musiqiy ma‘lumotlar har doim ham foydali emas. Ko‘plab usullaru yo‘nalishlarni tinglagach, yosh mutaxassis o‘zini yo‘qotib qo‘yadi va aslida nima qilmoqchi bo‘lganini unutadi. Natijada, iste‘dod yo‘qoladi.

BBC: O‘ktam Rizayev esa Ovro‘po va Markaziy Osiyodagi bastakorlar ijodi haqida sizning fikringizni so‘raydi.

Aziza Sodiqova: Markaziy Osiyodagi bastakorlar hamon XIX asrda, balki biroz XX asrda ijod qilishadi. Shu bois Ovro‘poda kechayotgan jarayonlardan juda orqada qolishmoqda. Masalan, bu yerda bir necha yillardan beri multimedia loyihalari qilinadi. Video, elektronika bizda mana endi boshlanmoqda. Mening O‘zbekistondagi ustozim va oliy darajadagi san‘atkor Dmitriy Yanov-Yanovskiy hali 90-yillari dunyoga mashhur edi va uning asarlari jahonning eng boobro‘ ansambllarida ijro etilgan. Lekin Yanov-Yanovskiy kabi san‘atkorlar, afsuski, juda kam.

BBC: Bir qator o‘quvchilarimiz esa nega O‘zbekistonda emas, Ovro‘poda ijod qilayotganingiz, kelajakda Toshkentga qaytib, ishlash niyatingiz bor yo yo‘qligi haqida ham savollar yo‘llashgan.

Aziza Sodiqova: Rahmat. Lekin aytib qo‘yay, men ham Toshkent, ham London va ham Berlinda yashab, ijod qilaman. Bu yerlarda mening loyihalarim taqdimoti bo‘lib turadi. Mening musiqalarim O‘zbekiston, Britaniya, Olmoniya va Amerikada ham yangrab turadi. Faoliyatim ham turli joylarda kechmoqda va bastakor sifatida bir yerda o‘tira olmayman. Mana hozir ham o‘zbek xalq ertaklariga bag‘ishlangan asarimni Ovro‘podagi musiqiy festival uchun tayyorlayapman.

BBC: Londondan maktub yo‘llagan Layloning so‘nggi savoli muhojirlar mavzusida ekan. O‘quvchimiz siz muvaffaqiyat qozongan o‘zbeklardan ekansiz, ammo boshqa mamlakatlarda qiynalib yashayotgan muhojirlar borasida nima deysiz. Balki ular haqida musiqiy asar yozarsiz, deb taklif tashlaydi.

Aziza Sodiqova: Albatta, bunday niyatim bor. O‘zim ham yaqinda shu borada o‘ylayotgandim. Chunki muhojirot hozir G‘arbda ham juda dolzarb mavzu. Bu yerda hozir operalar qo‘yilmoqda. Muhojirlar mavzusining og‘riqli jihatlari meni juda larzaga soladi, ularda fojea bor. Chunki men ham o‘zbek qiziman. Shu bois ayni mavzu men uchun juda og‘ir. Men muhojirlar mavzusida qandaydir teatr asari va yo opera uchun musiqa yozishni istardim. Bundayin asarda juda ko‘plab lahzalarni, his-tuyg‘ular mujassam jihatlarni aks ettirish mumkin.

BBC: O‘ktam Rizayev jo‘natgan savollarining birida sizning yosh bo‘lishingizga qaramay, katta muvaffaqiyatlarga erishganingizni eslatadi. Va buning siri nimada, deb so‘raydi.

Aziza Sodiqova: Buning siri shundaki, meni hali 5 yoshligimda Uspenskiy nomidagi maxsus musiqa bilim yurtiga olib borishgan va tun-kun musiqa bilan shug‘ullanishga undashgan. Shu qatorda, men asli taniqli musiqachilar oilasida tug‘ilganman. Bobom Tolibjon Sodiqov simfonik opera bastakori bo‘lganlar. U kishi yana Toshkentda Bastakorlar Ittifoqiga ham asos solganlar. Shu bois men har doim musiqachilar qurshovida o‘sganman. Uyimizda har vaqt musiqa olamining iste‘dodli namoyandalarini uchratish mumkin edi. Xullas, uyimdagilar mening ham bobom izidan borishimni, musiqachi bo‘lishimni istashgan. Lekin men nafaqat musiqa chaldim, balki 9 yoshga yetganimda musiqa bastalashni boshladim. Keyin ustozim va atoqli bastakor Dmitriy Yanov-Yanovskiy qo‘liga tushib qoldim. U men uchun juda ko‘p ishlar qildi va aynan ana shu ustozim tufayli men hozirgi darajaga yetdim. Lekin musiqa va bastakorlik bu tinimsiz va adog‘siz mehnat deganidir. Sen hech qachon bir joyda to‘xtay olmaysan. Ayniqsa, agar vataningdan chetda ham seni taniy boshlashsa va tan olishsa, demak, hech qachon to‘xtamasdan izlanishing, yangiliklar yaratishing kerak bo‘ladi. Har vaqt ijod qilishing kerak.

BBC: Aziza, javoblaringiz uchun katta rahmat. Ijodingizga omad tilaymiz.