Milliy terma jamoa boshqaruviga xorijdan mutaxassis taklif etilishi mumkin

Image caption Rasmiy xabarda federatsiya prezidenti Mirabror Usmonovning qayd etishicha, terma jamoa boshqaruviga xorijdan tajribali mutaxassislarni jalb etish rejasi ham bor

Bu haqda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi rasmiy web sahifasi xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi masalasi 2014 yil yanvar oyiga qadar hal etiladi.

Ammo, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi vakiliga ko‘ra, hozircha tanlovlar haqida gapirishga erta.

Uning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, bu kelasi yilning yanvar oyida ayon bo‘ladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘tgan hafta Iordaniyaga qarshi Osiyo qit‘asi pley-off bosqich bellashuvlaridagi mag‘lubiyatlari ortidan Toshkentda bergan rasmiy matbuot anjumani chog‘ida "barcha aybni o‘z bo‘yniga olib, iste‘fo so‘rashi"ni bayon qilgandi.

"Jahon chempionatiga chiqishni istagan edik. Ammo vazifa bajarilmadi. Barcha aybni o‘z bo‘ynimga olgan holda iste‘fo so‘rayman. Jamoaga yangi qon kerak", deb aytgandi Mirjalol Qosimov.

Jamoa so‘nggi yutqizig‘i ortidan, jahon chempionatiga chiqishning so‘nggi imkoniyatini ham boy bergandi.

Iste‘fo va raddiya

Image caption O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2011 yilda Osiyo Kubogida o‘z tarixidagi eng yuksak natijani qayd etib, yarim finalga chiqqan

Shu hafta seshanba kuni O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov milliy terma jamoa Bosh murabbiyi iste‘fosini rad etgani rasman tasdiqlangandi.

Ammo federatsiya qaroriga rasman izoh berilmagan va iste‘foga oid arizasining rad etilishiga Bosh murabbiy Mirjalol Qosimov munosabati ham ma‘lum emasdi.

So‘nggi yangilik ortidan federatsiya matbuot voizi Sanjar Rizayev BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida, "hamma narsa tarozida o‘lchanib, hozircha Mirjalol Qosimovning terma jamoada qolishi eng yaxshi va eng to‘g‘ri qaror ekani tushunib yetilgach, uning iste‘fosi qabul qilinmagan"ini bildirgandi.

Futbol federatsiyasi tarqatgan bugungi xabardan ayon bo‘lishicha, hozir O‘zbekiston milliy terma jamoasi oldiga 2015 yilgi Osiyo Kubogining final bosqichiga chiqish vazifasi qo‘yilgan.

Hamda Vetnamga qarshi 2015 yilgi Osiyo Kubogi guruh bosqich saralash bellashuvlari 3-tur uchrashuviga juda oz vaqt qolganini nazarda tutib, "uyushma prezidenti Mirabror Usmonov Bosh murabbiy iste‘fosi biroz kechiktirilishi"ni aytgan.

"Hozir esa, kayfiyatni tushirmay, bo‘lajak mas‘uliyatli o‘yinlarga jiddiy hozirlik ko‘rish zarur"ligini ta‘kidlagan.

"E" guruhida navbatdagi Osiyo Kubogi final bosqich bellashuvlariga chiqish uchun kurash olib borayotgan O‘zbekiston joriy paytda 2 o‘yindan 1 ochko to‘plagan holda Birlashgan Arab Amirliklari va Gongkongdan keyin 3-o‘rinni egallab turibdi.

Payshanba kungi rasmiy xabardan ayon bo‘lishicha, hozirda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi lavozimiga mahalliy mutaxassislar orasidan munosib nomzodlar ko‘rib chiqilmoqda.

Ammo, xabarda federatsiya prezidenti Mirabror Usmonovning qayd etishicha, terma jamoa boshqaruviga xorijdan tajribali mutaxassislarni jalb etish rejasi ham bor.

Bosh murabbiy

Image copyright uff.com
Image caption Mirjalol Qosimov O‘zbekiston milliy terma jamoasiga 2012 yil iyun oyidan buyon Bosh murabbiylik qilib keladi

Agar, ayrim ma‘lumotlarga tayanilsa, 1994 yildan buyon O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiysi 16 bor o‘zgargan.

Orada jamoaga braziliya, rossiya, olmoniya va angliyalik futbol mutaxassislari ham murabbiylik qilishgan.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘zining qisqa tarixida aynan iste‘fosi rad etilgan Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov boshchiligi ostida ikki bor jahon birinchiligining dastlabki pley-off bosqichiga chiqqan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Mirjalol Qosimov Bosh murabbiyligi ostida 2014 yilgi jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritishiga ham juda yaqin qolgan va "A" guruhida bo‘lib o‘tgan so‘nggi bosqich saralash bellashuvlari yakuniy natijasiga muvofiqqina, undan mosuvo qolgandi. Faqat to‘plar nisbatidagi farqqina ularga pand bergandi.

Ammo Mirjalol Qosimovning iste‘foga oid arizasini O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov tomonidan rad etilganiga oid xabar internet olamida qizg‘in bahsu munozaralarga sabab bo‘lgan.

Bu xususda o‘z mulohazalarini bildirgan mahalliy futbol ishqibozlarining aksariyati, "O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi o‘zlarining fikrlari bilan hisoblashmaganligi" va "milliy terma jamoada boshqa Bosh murabbiyni ko‘rish istagida ekanliklari"ni izhor etishayotgandi.

BBC O‘zbek Xizmati bu kabi izohlarga O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining munosabati qanday bo‘layotgani savoliga Sanjar Rizayev, "Bilasizmi, biz mag‘lubiyatdan keyin emotsiyalar yoki his-tuyg‘ular asiriga aylanib, odatda shunga o‘xshash gaplar ko‘payib ketadi. Lekin O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti alohida rahbarlar, tegishli mutasaddilar va daxldor shaxslar bilan maslahatlashgan holda mana shu qarorga kelgan"ini aytgandi.

Federatsiya matbuot voizi, "Bu narsani qo‘llab-quvvatlashi, hozirgi vaziyatda Mirjalol Qosimovga ishonish - milliy terma jamoada u boshlagan ishni oxiriga yetkazishi uchun zamin yaratib berishi va buni eng to‘g‘ri qaror, deb bilishi"ni ta‘kidlagandi.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, Mirjalol Qosimov O‘zbekiston milliy terma jamoasiga 2012 yil iyun oyidan buyon Bosh murabbiylik qilib keladi.