"Mayli, bolangizning ismi Masihligicha qolsin"

Image copyright BBC World Service

Amerikaning Tennisi shtati mahkamasi bunga ruxsat bergan va okrug mahkamasining avvalgi hukmini bekor qilgan.

Shu oy boshida Kuk okrugi mahkamasi hali bir yoshga ham to‘lmagan Masihning ismi Martin, deb o‘zgartirilsin degan qarorga kelgandi.

Hakam Lu-Ann Bolyu Masih ismi faqatgina Iso (a.s) payg‘ambarga tegishli bo‘lishi kerakligini ta‘kidlagandi.

Okrug hakami, aks holda, keyinchalik ismi tufayli asosan nasroniylar yashovchi jamiyatda bolakayga qiyin bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Buning ortidan, Masihning ota-onasi hakamning hukmidan shikoyat etib, Tennesi mahkamasiga chiqishgandi.

Agar, Amerikadagi mas‘ul idoralarning ma‘lumotlariga tayanilsa, o‘tgan yili mamlakatda 700 dan ortiq chaqaloqqa Masih ismi berilgan.

Xuddi shu yili Masih ota-onalar o‘rtasida eng ommabop bo‘lgan ismlar ro‘yxatida 387-o‘rinni egallagan.

Ammo, ayon bo‘lishicha, ushbu ism so‘nggi yillarda ommalashib bormoqda.

Nasroniylikda Masih nisbati Iso payg‘ambarga nisbatan qo‘llaniladi.

Yahudiylar esa, o‘zlari kutgan qutqaruvchini Masih, deb atashadi.

Agar, lug‘atga qaralsa, "masih" so‘zi xaloskor ma‘nisini beradi.

Hammasiga nima sabab bo‘lgandi?

Shu yil avgust oyida Masihning ota-onasi uning sharifini o‘zgartirish maqsadida mahalliy mahkamaga murojaat etishadi.

Bunga bola kimning sharifida bo‘lishi kerakligiga oid ota-onasi o‘rtasida kelib chiqqan tortishuv sabab bo‘ladi.

Hakam esa, ularning mojarosini ko‘rib chiqib, chaqaloqning sharifi emas, ismi o‘zgartirilishi lozim, degan to‘xtamga keladi.

Ammo uning onasi Jaliza xonim, "Hakam o‘z diniy qarashlaridan kelib chiqib, bolamning ismini o‘zgartirishga haqli emas"ligini aytadi.

Agar, uning so‘zlariga qaralsa, uchinchi farzandiga Masih ismini diniy e‘tiqodi bois tanlamagan.

"Bu, shunchaki, boshqa bolalarim - Mikah va Meysonning ismlariga uyqash, juda chiroyli jaranglaydi", degandi u.

So‘nggi xabarlardan ayon bo‘lishicha esa, shtat mahkamasi okrug hakamining hukmi davlat va cherkovning ayroligini ko‘zda tutuvchi AQSh konstitutsiyasiga zid, degan qarorga kelgan.

Hakam bolaga uning avvalgi ismini qaytarish, ammo otasining sharifini berib, Masih Deshon Makkalou deb atashlarini hukm qilgan.

O‘zbekistonda qanday nomlar urf bo‘lgan?

Yaqinda FactorName.ru web sayti O‘zbekistonda chaqaloqlarga zamonaviy ismlar qo‘yish urf bo‘lib borayotgani haqida xabar bergandi.

Sayt yosh yigitlar orasida eng ommabop bo‘lgan ismlarni aniqlash borasida tadqiqot olib borgan tashkilotlarning xulosalari asosida bu kabi to‘xtamga kelganligini aytgandi.

Agar, ana shu xabarga tayanilsa, O‘zbekistonda ko‘pchilik ota-ona o‘z o‘g‘liga Sardor ismini qo‘yishni ma‘qul ko‘rarkan.

Sayt keltirgan ma‘lumotlarga ko‘ra, yangi tug‘ilgan har qirq chaqaloqdan bittasiga Sardor ismi berilgan.

Sardordan keyin ota-onalar orasida Bekzod, Doston, Sherzod, Bobur, Otabek, Alisher va Rustam kabi ismlar mashhur ekan.

Xabar tafsilotlaridan ma‘lum bo‘lishicha, farzandlarini Jasur, Nodir, Dilshod, Anvar, Jahongir, Aziz, Oybek, Javohir va Jamshid, deb atashni ma‘qul ko‘rayotganlar ham oz emas ekan.

Ammo, ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, O‘zbekistonda ham dunyoning qolgan aholisi musulmon davlatlari kabi Muhammad ismi keng tarqalgan.

Islom dinida Allohga sifat berilgan nomlar bilan atalgan va atalayotgan chaqaloqlar ham ko‘p.

Aholi orasida esa, bolaga berilayotgan ismning uning qanday inson bo‘lib yetishishiga ta‘sir qilishiga oid qarash keng tarqalgan.