Putin yana prezident bo‘lsa, nima bo‘ladi?

Image copyright RIA Novosti
Image caption Agar, o‘z niyatini amalga oshirsa, bu – Vladimir Putinning to‘rtinchi bor Rossiya prezidentligi kursisiga ko‘z tikishi bo‘ladi

Rossiya prezidenti 2018 yilgi prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini yana bir bor ilgari surishi ehtimolini nazardan soqit etmadi.

Agar, o‘z niyatini amalga oshirsa, bu – Vladimir Putinning to‘rtinchi bor Rossiya prezidentligi kursisiga ko‘z tikishi bo‘ladi.

G‘alaba qozongan taqdirda esa, janob Putinning boshqaruvi qariyb chorak asrga yetadi.

Rossiya tarixida faqat marhum Iosif Stalingina hokimiyatda bundan-da uzoq qolgan yagona davlat rahbari hisoblanadi.

Prezident Vladimir Putin bu haqda payshanba kuni "Valday" bahs klubida bo‘lib o‘tgan mubohasalar chog‘ida bayon qilgan.

Frantsiya sobiq Bosh vaziri Fransua Fiyonga, "Bunday ehtimolni nazardan soqit etmasligi"ni aytarkan, janob Putin oradan bir soat o‘tib, bu haqda hali gapirishga ertaligini ham qistirib o‘tgan.

Ammo ham mahalliy va ham xalqaro siyosatchilar Rossiya prezidentining javobini tabiiy, deb qabul qilishmoqda.

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joizki, Vladimir Putin g‘olib chiqqan o‘tgan mart oyidagi so‘nggi prezidentlik saylovlari ommaviy namoyishlar manzarasida kechgan va o‘nlab namoyishchilarning hibsga olinishlari bilan yakun topgandi.

Tahlilchi munosabati

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Frantsiyadan o‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, Vladimir Putin siyosiy pragmatik shaxs sifatida o‘zining nomiga salbiy ta‘sir qilmasligi uchun hozirdan keyingi saylovlarda ishtirok etishim mumkin, degan bayonotni bermoqda:

"Agar hozirdanoq to‘rt yil keyingi saylovlarda mutlaq ishtirok etmayman, deydigan bo‘lsa, Putin o‘zining kursiga nisbatan salbiy tendentsiyalar kuchayib ketishi ehtimoli yuqoriligini yaxshi biladi. Putin ana shu jarayonning oldini olish uchun hozirdanoq ana shunday bayonotlar bilan chiqmoqda", - deydi siyosiy tahlilchi:

Vladimir Putinning o‘z istagini amalga oshirish ahdida qanchalik qat‘iy ekani va norozi aholisining kayfiyati bunga nechog‘lik izn berishi savoliga to‘xtalarkan, Kamoliddin Rabbimov Rossiyada uning reytingi hanuz yuqori ekaniga e‘tibor qaratadi.

"Ma‘lum bir siyosiy fonda 75 foizgacha aholi Putinni mustahkam qo‘llab-quvvatlab turibdi. Va e‘tibor bersangiz, hozir uning boshqaruv stili, ohanggi anchagina o‘zgargan. Putin oldin tanqidga nisbatan juda ham chidamsizlik bilan, keskin javob beradigan bo‘lsa, sekin, sekin har qanday tanqidni imkon qadar eshitishga o‘zida bir moyillik ko‘rsatayapti", - deydi u.

So‘nggi bayonot va Markaziy Osiyo

Image copyright bbc
Image caption Putinning so‘nggi bayonoti O‘zbekiston-Rossiya munosabatlari anchayin sovuqlashgan bir manzarada kuzatilmoqda

Tahlilchi Kamoliddin Rabbimov, o‘z o‘rnida, barcha Markaziy Osiyo davlatlari, hatto, shartli ravishda Qirg‘izistonda ham bir avtoritar model shakllangani, u yerdagi siyosiy tizimlar dunyo hamjamiyatining jamoatchilik fikriga qaramasligini aytarkan, Putinning yana bir bor hokimiyatda qolishi ularning legitimligini keskin o‘zgartirib yubormasligini ham ta‘kidlaydi.

"Vladimir Putinning qudratda qolishi faqatgina ularning legitimligiga biroz bo‘lsa-da qo‘shimcha omil bo‘lishi mumkin".

Siyosiy tahlilchi 2014 yilgi prezidentlik saylovlarida Islom Karimovning bir ovozdan ketadi, deb aytishga erta, agar qudratda yana uning o‘zi qoladigan bo‘lsa, O‘zbekiston bilan Rossiya munosabatlari hozirgi o‘zanda davom etaveradi, degan fikrda.

"Hozir Rossiyaning asosiy muammolari Ovro‘osiyo Ittifoqini tuzishda Ukraina va Qofqoz bilan bo‘layapti. Va, hattoki, Qozog‘iston ham ma‘lum vetolar berayapti. Demak, Rossiyaning integratsion loyihalardagi asosiy bosimi bugungi kunda O‘zbekistongacha yetib bormaydi. Shu sababdan ham, bu ikki davlat orasidagi o‘zaro munosabatlar sovuqligicha saqlanib qolaveradi", - deydi tahlilchi.

Ammo, unga ko‘ra, agar prezident Karimov keyingi saylovlarda o‘tmaydigan bo‘lsa, qudratga kim kelishidan qat‘inazar, yangi shaxs bilan Rossiya-O‘zbekiston munosabatlari qaytadan ko‘rib chiqilishi aniq.