O‘zbekiston: Terimchining xavfsizligini kim ta‘minlaydi?

Image copyright BBC World Service

O‘zbekistonda paxta kampaniyasi zabtiga olarkan, o‘quvchi va talabalar orasida ilk qurbonlar bo‘layotgani haqida ham xabarlar chiqmoqda.

Xususan, janubiy Qashqadaryo viloyatida kollejdan paxtaga olib chiqilgan bir qizni tok urib o‘ldirgan.

Shu viloyatda yana talabalar orasidagi pichoqbozlik natijasida bir yigit vafot etgan.

Buxoroda esa, yosh bolali onalari ham paxta dalasiga olib chiqilgani uchun, onasini kutib yotgan bir bolakay paxta ostida qolib ketib, olamdan o‘tgan.

O‘zbekistonda paxta mavsumi litsey o‘quvchilaridan tortib, katta yoshli odamlarning tekin paxta terib berishga majburlanishi bilan davom etmoqda.

Bepul mehnat ustiga, ko‘pincha odamlar o‘z yonlaridan ovqat, ish kiyimi va transport xarajatlarini ham ko‘taradilar.

Lekin rasmiylar xavfsizlik choralarini qanchalik ta‘minlashmoqda?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Qashqadaryodan faol Nodir Ahatovning so‘zlariga qaralsa, terimchilarga muayyan shart-sharoitlar yaratish uchun mahalliy mas‘ullar tomonidan har yili paxta yig‘im-terimi arafasida ma‘lum choralarga qo‘l uriladi.

Shiyponlarda kompleks ravishda ta‘mirlash ishlari o‘tkaziladi, elektr simlari ham tekshiriladi.

Yig‘imga safarbar etilgan kollej o‘quvchilari esa, paxta mavsumi boshidan oxirigacha militsiya xodimlari tomonidan qo‘riqlanadi.

Ammo qashqadaryolik faol BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida militsiya xodimlarining bolalarga nisbatan munosabati o‘zini hayratga solganini yashirmaydi.

"Militsiya xodimlari bolani qo‘riqlashi kerak. Lekin ular bolani xuddi mahbusni qo‘riqchi qo‘riqlagandek qo‘riqlashadi. Bolaga har xil jismoniy chora ko‘radi".

Faolning aytishicha, har kungi yig‘im ortidan, shiyponlarda "shtab" o‘tkaziladi.

"O‘qituvchilar kam paxta tergan bolani jazolashadi, urishadi. Keyin esa, militsiya xonasiga olib borishadi".

"Militsiya xodimlari keyin unga nisbatan judayam qattiq chora ko‘rishadi. Uradi, tushuntirish xati yozib oladi. Militsiya xonasiga kirgandan keyin bola nihoyatda qo‘rqib chiqadi. Paxtani ertalabdan kechgacha, o‘lsa o‘ladiki, o‘sha paxtani teradi", - deydi u.

"O‘zim guvoh bo‘lganman"

Qashqadaryolik faol bu kabi holatlarga o‘zlari shu yaqin yillar ichida olib borgan monitoringlar chog‘ida guvoh bo‘lganini alohida ta‘kidlaydi.

Uning biz bilan suhbatida ishontirishicha, "bu yil ham mavjud vaziyat zarracha bo‘lsin, ijobiy tomonga o‘zgargani yo‘q".

"Ana o‘sha sasigan go‘shtni yeydi, o‘sha mog‘orlagan buxanka nonni, makaronlarni yedirtiradi. Bir millimetr ham yaxshi tomonga o‘zgargani yo‘q. Men bunga kafolat beraman", - deydi u.

Faolning aytishicha, ayollar yana bolalarimning yordam pulini kesib qo‘ymasin, degan xavotirda ularni ham yetaklab, paxta terimiga chiqishadi.

"Ayol farzand ko‘rgandan keyin yordam puli olish uchun hujjat topshiradi. Aynan ana shu ayollarning uylariga mahalladan borishadi-da, "Qani, paxtaga chiqing, chiqmasangiz, bolaning pulini kesib tashlaymiz", deyishadi. Natijada kerak bo‘lgani sabab yordam puli olib yurgan ayol paxtaga o‘zining o‘rniga odam jo‘natish yoki bola-chaqasi bilan o‘zi chiqishga majbur bo‘ladi. Chiqqandan keyin haligidek fojealar yuz berib turadi".

Suhbatdoshimizning o‘zi yashaydigan viloyat misolida aytishicha, paxta yig‘im-terimi kampaniyasi sabab, bozorlar umuman yopib tashlangan.

"Hozir faqat kechqurun bozor bo‘layapti. Ish soati tugab, tekshiruvchilar bozorlarning ishlamayotganiga ishonch hosil qilishganidan so‘ng, kechki soat 5-6 lardan keyin to ertalabgacha bozor bo‘layapti. Bu dehqon bozori ham xuddi shunday, kiyim-kechak bozori ham xuddi shunday", - deydi u.

Lekin faol to‘yxonalar yopilgani haqida hozircha eshitgani yo‘qligi, bu gaplarni tasdiqlay olmasligini bildirdi.

O‘tgan yil ham O‘zbekistonning aksar viloyatlarida maktab o‘quvchilari o‘rniga litsey, kollej va institut talabalari chiqarilgandi.

Ular bilan bir qatorda davlat xizmatchilari - o‘qituvchi, hamshira, shifokor va qurolli kuchlar askarlari, xususiy shirkatlar xodimlari paxta yig‘imiga safarbar etilishgandi.

Majburiy paxta terimiga qatnashishni istamagan xodimlar ishdan bo‘shatilgani, talabalar o‘qishdan haydalish hollari ko‘plab yuz bergani, yoki eng kamida maosh va nafaqalari berilmasligi bilan po‘pisa qilingani huquq faollari tomonidan aytilgandi.

Keskin tanqidlar ostida qolib kelayotgan O‘zbek hukumati esa, shu yo‘l bilan paxta dalalarida bolalar mehnatidan foydalanish hollariga chek qo‘yishga ham harakat qilmoqda.