O‘zbek qirg‘iz chegarasidagi ikki tekshiruv nuqtasi nima uchun yopildi?

Image caption Ikki mamlakat chegarasida tortishuvlar tez-tez sodir bo‘ladi

Qirg‘iziston Chegara davlat xizmatining boshlig‘i Qurmanakun Matenov o‘zbekistonlik hamkasbi Rustam Eminjonov bilan muzokaralar yuritgan.

Qirg‘iziston Chegara davlat xizmatining Jamiyat va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi bildirishicha, muzokaralar natijasida O‘zbekiston tomoni serqatnov yo‘lda joylashgan "Yapogi" chegara-bojxona maskani bilan "Vodil" chegara va qayd etish nuqtasini olib tashlashga rozi bo‘lgan.

Rasmiy ma‘lumotga binoan, O‘zbekiston tarafi oldinroq Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Kadamjoy tumani karshisidagi xududda nazorat maskanlarini o‘rnatgan.

Ikki tarafning chegara mas‘ullari muzokaralariga asosiy sabab - chegaraga tutash joylashgan mahalliy qirg‘iz aholisining norozilik namoyishi bo‘lgan.

Qadamjoy va Pulgon qishloqlarining namoyishga yig‘ilgan taxminan ellik fuqarosi shu yerdan o‘tgan serqatnov yo‘lni to‘sib, maskanlarni olib tashlashni talab qilgan.

Mulozimlar bildirishicha, namoyishchilar yig‘ilgan joyga xuquq-tartibot idoralari xodimlari bilan mahalliy hokimiyat vakillari yetib borishgan va tushuntirish ishlarini o‘tkazgan.

Bu mojaro – qirg‘iz-o‘zbek chegarasida sodir etilgan yagona hodisa emas. So‘nggi bir yil davomida chegaraga tutash joylashgan xududda ikki tarafdan xam chegarachilar va oddiy aholi ishtirokida to‘qnashuvlar, xatto ommaviy garovga olish hollari ro‘y bergan.

Shu voqealar oqibatida ikki tarafdan ham bir necha chegarachilar va oddiy odamlar qurbon bo‘lgan.