Pokistonda xudkushlik hujumi 60 dan ortiq inson umriga zomin bo‘ldi

Image copyright AFP
Image caption Pokistondagi nasroniylar jamoasiga hujum islomchilar tomonidan amalga oshirilgani taxmin qilinmokda

Pokistonning Peshovar shahri yaqinidagi cherkov tashqarisida amalga oshirilgan xudkushlik hujumi oqibatida kamida 60 kishi halok etilib, yuzdan ortiq kishi jarohatlangan.

Rasmiylarga ko‘ra, yakshanba kungi ibodatdan chiqib kelayotganlar to‘dasida ikki hujumchi o‘zini portlatib yuborgan.

Qurbonlar orasida ayol va yosh bolalar borligi ham aytilmoqda.

Pokistondagi diniy ozchiliklarga qarshi hujumlarda islomiy jangarilar ayblanib keladi.

Nasroniylar Pokiston aholisining 1.6 foizini tashkil etadi.

Ommaviy axborot vositalarining Pokiston armiyasi zobiti so‘zlariga iqtibosan ma‘lum kilishicha, ikki hujumchi cherkovga kiraverishda odamlar o‘rtasida o‘zlarini portlatib yuborishgan.

Portlash yuz bergan mahali odamlarga bepul guruch tarqatishayotgan bo‘lishgan.

Cherkov ichkarisida esa o‘sha paytda 500 dan 600 tagacha odam bo‘lgan.

Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, ular ikki portlash ovozini eshitganlar: avval uncha baland bo‘lmagan, so‘ngra ancha baland portlash.

Haybar Paxtunxva viloyatining sobiq vaziri, Mian Iftihor Xusaynning aytishicha, shifoxonalar keltirilgan yaradorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishga ulgurishmayotirlar.

Portlash uchun mas‘uliyatni hozirga qadar hech kim o‘z zimmasiga olmagan.

Ammo, avvallari bo‘lgani singari Pokistondagi nasroniylar jamoasiga hujum islomchilar tomonidan amalga oshirilgani taxmin qilinmoqda.