O‘zbekistonda xavfsizlik uchun mas‘ul rahbarlar o‘zgartirilgan

Image copyright RIA Novosti
Image caption Uzmetronom.com web-sayti kadrlar o‘zgarishi haqidagi prezident farmoni 18 sentyabr kuni imzolangani haqida xabar qilgan

Qator ommaviy axborot vositalarining xabar tarqatishicha, O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik kengashining kotibi va O‘zbekiston Mudofaa vazirining o‘rinbosarlari almashgan.

O‘zbekistondagi rasmiy doiralaridagi manbalariga tayanib Uzmetronom.com web-sayti xabar qilishicha, O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik kengashining kotibi etib Viktor Mahmudovni tayinlash haqidagi farmonni Prezident Islom Karimov 18 sentyabr kuni imzolagan.

Shu paytgacha O‘zbekistondagi asosiy kuchishlatar tizimlari faoliyatini muvofiqlashtiradigan kengashni boshqargan general Bahodir Toshmatovning O‘zbekiston Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangani xabar qilingan.

General-leytenant Viktor Mahmudov bungacha O‘zbekiston Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari va O‘zbek armiyasi Bosh shtabi boshlig‘i lavozimlarini egallab kelgan.

Endi Mudofaa vazirligi Bosh shtabining boshlig‘i etib Shavkat Normatov etib tayinlangan, unga ham O‘zbekiston Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimi berilgan.

Uzmetronom.com xabar qilishicha, O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik kengashining yangi kotibi Viktor Mahmudov 1968 yilda tug‘ilgan.

Generalning harbiylar sulolasi vakili ekani, Toshkentdagi harbiy umumqo‘shin qo‘mondonligi bilim yurtini tamomlagani xabar qilingan.

O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik kengashini 2011 yil dekabrigacha Murod Otayev boshqargan, o‘shanda uning o‘rniga Bahodir Toshmatov tayinlangan edi.