"Jangarilar Tojikiston prezidentlik sayloviga terakt rejalagan"

Tojikiston huquq-tartibot organlari tarqatgan xabarga ko‘ra, asli millati O‘zbek va Pokistonda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan islomiy jangari yetakchiligidagi guruhning Tojikistondagi prezidentlik sayloviga mo‘ljallagan terrorchilik xuruji oldi olingan.

Tojikiston rasmiylari qo‘lga olingan guruhga oid axborot 23 sentyabr kuni kechki soat 9 da Tojikiston televideniyesi orqali namoyish etiladigan maxsus ko‘rsatuvda ochiqlanishini xabar qilganlar.

Biroq Rossiyaning "Interfaks" axborot agentligi Tojikiston huquq-tartibot organlaridagi o‘z manbasiga tayanib xabar qilishicha, qo‘lga olingan guruhning rahbari ismi-sharifi Allamurod Maxanov va u o‘zbek.

Tojikiston huquq-tartibot organlaridagi mas‘ullarga ko‘ra, Allamurod Maxanovning "Al-Qoida" guruhiga aloqasi bor va u Pokistonning qavmlar nazoratidagi Vaziriston mintaqasidagi harbiy-tayyorgarlik jamlog‘ida tayyorgarlikdan o‘tgan.

So‘ng Tojikistonga yuborilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, islomiy jangarilar Tojikiston prezidentlik saylovi arafasida mamlakatdagi "ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish" maqsadini ko‘zlaganlar.

Xususan, guruh rahbarining o‘z iqrorlik ko‘rsatmalarida odamlar gavjum joylar va davlat idoralari binolari yonida portlashlarni rejalaganlarini tan olgani haqida aytganlar Tojik rasmiylari.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligidagi manba jangarilarni qo‘lga olish amaliyotini Tojikiston xavfsizlik qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi birgalikda o‘tkazganlarini aytgan.

Bu manbaga ko‘ra, tintuv paytida islomiy jangarilar guruhiga tegishli bo‘lgan harbiy kiyim-bosh, to‘pponchalar va o‘qlar, porox, portlovchi moslama yasash uchun ishlatiladigan qismlar, diniy adabiyotlar va ko‘p sondagi mobil telefonlarning sim-kartalari qo‘lga olingan.

Yana bir manbaga ko‘ra, qo‘lga olingan narsalar orasida o‘zini portlatadigan xudkush hujumchilarning "shahid belbog‘i" ham bo‘lgan.

Tojikiston rasmiylari bunday urinishlarga qaramasdan, prezidentlik saylovi arafasida vaziyatni to‘la nazoratda ushlab turganlarini aytganlar.

Ayrim manbalar 6, ayrimlari esa 10 nafar deb aytayotgan qo‘lga olingan guruh a‘zolariga nisbatan "terrorizm" bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabar qilinmoqda.